Jahon | 02:35 / 04.12.2020
16886
2 daqiqa o‘qiladi

Bokuda Qorabog‘dagi g‘alaba sharafiga harbiy parad o‘tkaziladi. Unda Erdo‘g‘an ham qatnashadi

Foto: Anadolu

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 9-10 dekabr kunlari Ozarboyjonga borishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Turkiya prezidenti axborot xizmati xabar qilgan.

Ozarboyjon poytaxti Bokuda 10 dekabr kuni Tog‘li Qorabog‘dagi g‘alaba sharafiga harbiy parad o‘tkaziladi va unda Turkiya prezidenti Rajab Erdo‘g‘an ham qatnashadi: «Muhtaram prezidentimiz 9-10 dekabr kunlari Ozarboyjonga tashrif buyurishni rejalashtirgan», deyiladi Erdo‘g‘an matbuot xizmati tarqatgan xabarda.

27 sentyabr kuni tongda Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida yana harbiy to‘qnashuvlar avj oldi. Bu urush har ikki mamlakat o‘rtasida uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan o‘zaro qarama-qarshilikning eng jiddiysi bo‘ldi. 9 noyabrda Rossiya vositachiligida uch tomonlama (Rossiya, Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida) kelishuv imzolandi va urush to‘xtadi. Kelishuvni Ozarboyjon g‘olib bo‘lganining isboti sifatida qabul qildi va 10 noyabr mamlakatda g‘alaba kuni sifatida nishonlanadigan bo‘ldi. Armaniston uchun esa kelishuv mag‘lubiyat sifatida baholandi. Mamlakatda bosh vazir iste'fosini talab qilib namoyishlar boshlanib ketdi.

Turkiya Tog‘li Qorabog‘ uchun bo‘lib o‘tgan urushda Ozarboyjonni har taraflama qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, harbiy harakatlarda ishtirok etganini rad etdi. Turkiya Rossiya bilan birgalikda Ozarboyjon va Armaniston o‘rtasida imzolangan tinchlik kelishuvida muhim rol o‘ynagani aytiladi. Erdo‘g‘an Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat haqida «Turkiya, Rossiya va Ozarboyjon mintaqadagi tinchlikni kafolotlaydi», degan edi.

Mavzuga oid