O‘zbekiston | 15:27 / 27.05.2019
23461
6 daqiqa o‘qiladi

Ish haqi bo‘yicha joriy etilayotgan yangi tizim «yashirin iqtisodiyot»ni kamaytiradimi?

Foto: KUN.UZ

Aholining turmush darajasini oshirish, yashash sifatini yaxshilash, tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, shuningdek moliya tizimini tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish amalga oshirilayotgan islohotlarning ajralmas tarkibiy qismidir. Shu jihatdan, Prezidentning joriy yil 21 maydagi “Mehnatga haq to‘lash, pensiyalar va boshqa to‘lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni sohada o‘ziga xos yangi qadam bo‘ldi, deb yozmoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Maqsud Qurbonboyev.

Qayd etilishicha, mazkur hujjat qabul qilinguniga qadar ish haqi, soliqlar, yig‘imlar, jarima va boshqa to‘lovlar hamda pensiya va unga ustamalar miqdorini aniqlash uchun umumiy ko‘rsatkich sifatida eng kam oylik ish haqi miqdoridan foydalanilgan. O‘tgan yillar davomida barcha sohada olib borilgan islohotlarning dastlabki bosqichlarida yagona umumiy ko‘rsatkichdan foydalanish muhim ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni sinxron va proporsional oshirish zarurati bilan asoslangan. Ya'ni, eng kam oylik ish haqi oshganda nafaqa, pensiya, bojlar, jarima va boshqa to‘lovlarning mutlaq miqdori oshardi.

Shu bilan birga, hozirda eng kam oylik ish haqini ko‘plab to‘lovlar miqdorini aniqlovchi umumiy ko‘rsatkich sifatida qo‘llash, jamiyatni rivojlantirishning asosiy strategik yo‘nalishlarini ta'minlovchi, iqtisodiyotning “nozik sozlash” mexanizmlaridan foydalanish imkonini bermayapti. Bundan tashqari, mehnatga haq to‘lash sohasida mazmunan bir xil, lekin tarkibi va miqdori bo‘yicha turlicha bo‘lgan eng kam ish haqi va mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori tushunchalarini qo‘llash, aniqrog‘i qonun hujjatlarida foydalanishda sezilarli xatoliklarga olib kelmoqda. Ish beruvchi va ishchilar ko‘p hollarda ushbu tushunchalarning qay biri mehnatga haq to‘lash bo‘yicha kafolat ekanini tushunishmayapti.

Endilikda, mazkur holatni bartaraf etish maqsadida davlat rahbarining yangi farmoniga asosan, 2019 yilning 1 sentyabridan boshlab ta'sir etish sohasi va o‘rnatilgan miqdoridan kelib chiqib, bir-biridan farqlanadigan uchta ko‘rsatkichni amaliyotga tatbiq etish ko‘zda tutilmoqda. Birinchidan, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori  mehnat munosabatlari va bandlik sohasida foydalaniladi va mehnat me'yorlarini to‘liq bajargan ishchilarning mehnatiga haq to‘lashning, shuningdek, ishsizlik bo‘yicha nafaqalarning eng quyi chegarasi hisoblanadi. Ikkinchidan, bazaviy hisoblash miqdori  tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan iqtisodiy faoliyatni olib borish uchun to‘lanadigan soliqlar, yig‘imlar, jarimalar, patent narxlari va boshqa majburiy to‘lovlar miqdorini hamda oilalarning kam ta'minlanganlik mezonini belgilash uchun foydalaniladi. Uchinchidan, pensiya hisoblashning bazaviy miqdori pensiya hisoblashda qo‘llaniladigan ish haqi miqdorini, mehnatda mayib bo‘lganlik bilan bog‘liq pensiyaga ustama va to‘lovlarning qonun hujjatlarida belgilangan miqdorini hisoblashda qo‘llaniladi.

Bunday tartibga o‘tish moliya tizimining ijtimoiy-iqtisodiy ustuvor yo‘nalishlari va imkoniyatlaridan kelib chiqib, bazaviy to‘lovlar miqdorlarini bir-biridan mustaqil, differensial tarzda o‘zgartirish imkonini beradi. Masalan, soliqlar, davlat bojlari va ma'muriy jarimalar miqdorini oshirmasdan pensiya to‘lovlarini jadal ravishda oshirish mumkin bo‘ladi. Shu o‘rinda misol keltirsak, hozirgacha umumiy ovqatlanish korxonasida ko‘p hollarda ishlovchi xodimlarga hisobxona hisobotlarida eng kam ish haqi ya'ni, 202 730 so‘m ish haqi hisoblangan. Haqiqatda “konvert usulida” undan ancha ko‘p miqdorda ish haqi to‘lanib kelingan. Endilikda, mazkur Farmon bilan barcha xo‘jalik yurituvchi sub'yekt, tashkilot va muassasalarda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 577 170 so‘mdan iborat bo‘ladi.

Buning afzallik tomonlari shundaki, avvalambor, xodimlarning pensiyaga chiqish davrida pensiya miqdori hisoblanishida yuqori summa belgilanishiga zamin yaratiladi. Davlat budjetiga ish haqidan soliq to‘lanishi oshadi. Yashirin iqtisodiyotning kamayishiga hissa qo‘shiladi.

Farmonga muvofiq, mehnatga haq to‘lashning Yagona tarif setkasini ko‘rib chiqish va alohida nafaqa hamda kompensatsiya turlarini belgilashning mutlaq miqdorini, shuningdek, mehnatga soatbay haq to‘lash tizimini belgilash bo‘yicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish ko‘zda tutilgan.

Farmonda ko‘rsatilgan choralarning hayotga keng joriy etilishi eng kam ish haqi tushunchasi kiritilgan barcha qonunchilik hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlarni kiritish, buning uchun amaldagi huquqiy hujjatlarni xatlovdan o‘tkazib, ularni sinchkovlik bilan o‘rganishni talab qiladi, deydi deputat.

Mavzuga oid