Jahon | 21:33 / 24.11.2024
6413
2 daqiqa o‘qiladi

Ilon Mask o‘z rekordini yangilab, yana tarixdagi eng badavlat insonga aylandi

Bloomberg'ning yozishicha, Maskning boyligi Donald Tramp AQSh prezidentligi saylovlarida g‘alaba qozongani sabab oshmoqda. Unga tegishli aktivlarning qiymati 340 milliard dollardan oshgan.

Foto: Reuters

Oxirgi bir yil ichida boyligi qariyb 120 milliard dollarga oshgan amerikalik biznesmen Ilon Mask o‘z rekordini yangilab, Bloomberg versiyasi bo‘yicha yana dunyoning eng badavlat insonlari reytingi yetakchiligiga qaytdi.

Agentlikning yozishicha, Ilon Maskning boyligi 347,8 milliard dollarga yetgan. Bundan oldingi rekord — 340,4 milliard dollarlik ko‘rsatkich ham Maskka tegishli bo‘lib, u 2021 yil noyabrda o‘rnatilgan edi. Taqqoslash uchun, reytingda biznesmenga eng yaqin inson — Amazon asoschici Jyeff Bezosning boyligi 219 milliard dollarni tashkil etmoqda.

Bloombergʼning hisoblashicha, Maskning boyligi Donald Tramp AQSh prezidentligi saylovlarida g‘alaba qozongani tufayli oshmoqda. Ilon Mask respublikachining nomzodini qo‘llab-quvvatlagan kam sonli yirik biznesmenlardan biri edi.

Shunday qilib, 4 noyabrdan beri Tesla Inc aksiyalari qiymati salkam 45 foizga oshib, uning bozordagi qiymati 350 milliard dollarga yetdi (Mask fevral oyida kompaniyaning 20,5 foiz aksiyasiga egalik qilgan). Bundan tashqari, moliyalashtirishning yangi raundi uning sun’iy intellekt sohasidagi startapi — xAI’ning qiymatini 50 milliard dollargacha oshishiga olib kelgan.

Avvalroq Trampning qayta saylanishi uning eng ochiq va sodiq tarafdorlaridan biri bo‘lgan Ilon Mask boyligini 26,5 milliard dollarga ko‘paytirgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, Trampning AQSh prezidentligi saylovlaridagi g‘alabasi fonida Tesla kapitalizatsiyasi 1 trillion dollardan oshib ketgan.

Mavzuga oid