16:00 / 24.01.2019
65464

Fermer bilan yer ijara shartnomasi qaysi holatlarda bekor qilinadi?

So‘nggi vaqtlarda Kun.uz tahririyatiga respublikada faoliyat yurituvchi fermerlardan ko‘plab murojaatlar kelmoqda. Ularning aksariyati, tuman hokimliklari ular bilan yer ijara shartnomasini asossiz ravishda bekor qilayotgani, ba'zi tumanlar mutasaddilari esa, hatto majburiy ravishda ariza yozdirib olayotganlari xususida aytishmoqda. Biz O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huquqshunosi Chorixon Qodirovdan fermerlar bilan bog‘liq masalalarga oydinlik kiritishni, fermer xo‘jaliklarini maqbullashtirish jarayonlari qanday tartibda amalga oshirilishini tushuntirib berishni so‘radik.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2019 yil 9 yanvardagi 14-sonli qarori ayni vaqtida chiqqan qaror bo‘ldi. Qaror qabul qilinishiga asos bo‘lgan barcha holatlar qarorning asoslantiruvchi qismida batafsil ko‘rsatib o‘tilgan. Bu qarorning ijrosiga kirishishdan oldin, avvalambor kim bo‘lishidan qat'i nazar, qaror qabul qilinishiga asos bo‘lgan shu bandlarni birma bir o‘qib, tahlil qilib chiqsa maqbullashtirish nima uchun zarur bo‘lib qolganligini his etadi.

Chunki so‘nggi yillarda yerlarni noqonuniy ajratish va ulardan xo‘jasizlarcha foydalanish, ayniqsa sug‘oriladigan yerlardan noqonuniy foydalanish, shaxsiy manfaati yo‘lida yakka tartibda uy-joy yoki boshqa bino va inshootlarni qurib olish holatlari, yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olish holatlari ko‘rinib turgan edi.

Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarining konturlari kesimida ekinlarni joylashtirish, hosildorlikni belgilash bo‘yicha mahalliy hokimliklar tomonidan qabul qilingan qarorlarning shaffofligi va xolisligi ta'minlanmayotganligi, qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan tuproq unumdorligini oshirish hamda yerlarning meliorativ holatini yaxshilash hamda zamonaviy resurstejamkor innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish masalalariga e'tibor qaratilmayotgani, tomchilatib sug‘orishga ahamiyat berilmayotganligi, yer maydonlaridan samarali foydalanilmayotgani, yer ajratish va ekinlarni joylashtirishda shaffoflikni ta'minlanmayotgani, yerning ekologik holatini yaxshilashga qaratilgan zamonaviy innovatsion va resurstejamkor texnologiyalarni deyarli joriy etilmayotganligi  ham yaqqol namoyon bo‘lib turgan holatlar ham mavjud edi.

Hukumat tomonidan mahsulot ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining moliyaviy va iqtisodiy holatini yanada yaxshilash maqsadida qabul qilingan bu qarorning ijrosini ta'minlash shu kunning eng dolzarb masalasi bo‘lib turganligi uchun ham tuzilgan ishchi guruhlari bu qaror ijrosini ta'minlashga juda jiddiy yondoshmoqdalar.

Shunday bo‘lsa-da, joylarda fermer xo‘jaliklari boshliqlari tomonidan ayrim tushunmovchiliklar paydo bo‘lib to‘xtovsiz murojaatlar kelib tushmoqda. Murojaatlarda deyarli bir xil mazmunda savol-javoblar. Mazmuni “tuman hokimi mendan yeringni ijaraga topshirish haqida ariza yoz deyapti, nima qilayin” degan savollar murojaatlarning mag‘zini tashkil qilmoqda.

Xo‘sh, fermer xo‘jaligi rahbari qarordan kelib chiqqan holda, qanday mazmunda ariza yozishi kerak?

Ma'lumki, qaror ijrosi uchun ishchi guruhi tuzilgan. Qaror ijrosini ta'minlashdan ko‘zlangan maqsad fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining yer maydonlarini maqbullashtirish ekan, fermer xo‘jaligining boshlig‘i yerini zahiraga topshirish haqida emas, balki “yer maydonlarimni qaror talabiga ko‘ra, maqbullashtirib berishingizni so‘rayman” deya ariza yozib, tuman hokimligi huzuridagi yer berish va uni realizatsiya qilish komissiyasiga topshirishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining yer maydonlarini maqbullashtirish uchun tuzilgan ishchi guruhi yagona ro‘yxatni shakllantirib, ularga ajratilgan yer uchastkalaridan maqsadli foydalanilayotganligi va yer ijara shartnomasi shartlariga rioya etilayotganligini, ishlab chiqarish faoliyatini, tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarining bajarilishini, mahsulot sotishdan tushgan mablag‘larning bank hisobvaraqlari orqali aylanishini, debitor-kreditor qarzdorliklari va moliyaviy holatini, fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari faoliyatida qo‘shimcha tarmoqlar tashkil etilganligini, talab etiladigan zarur qishloq xo‘jaligi texnikasi va agregatlar bilan ta'minlanganlik darajasini, moddiy-texnika resurslaridan samarali foydalanish holatini tahlil qilib bo‘lgandan so‘ng fermer xo‘jaligi yoki boshqa qishloq xo‘jaligi korxonasining yer maydonlarini maqbullashtirishga hojat bor yoki yo‘qligi ko‘rinadi. Bu ma'lumotlar bilan shu sub'yektlar boshliqlari tanishib, qishloq xo‘jaligi yerlaridan qanday holatda foydalanayotganligini ko‘rib o‘zlariga xulosa qilib ko‘rsalar ham foydadan xoli bo‘lmaydi.

Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari faoliyati samaradorligini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarda har bir tumanning aholi zichligi va ish bilan ta'minlanganlik darajasi, xo‘jaliklarning ixtisoslashuvi va o‘ziga xos xususiyatlarini alohida hisobga olish qarorda ham mustahkamlab qo‘yilgan. Shunga binoan loyihalashtirish ishlarini amalga oshirayotgan kadastr bo‘limi xodimlari va ishchi guruhi masalaning bu tomoniga alohida e'tibor berishi zarur.

Aholi zich joylashgan hududlarda faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklarining yer maydonlarini maqbullashtirish uchun yer maydonlarini loyihalashtirishda masalaning bu tomonlariga ayrim joylarda yetarlicha e'tibor berilmayotganligi holatlari ham mavjudligi uchun murojaatlar kelib tushmoqda. Shu o‘rinda barchamiz bilib qo‘yishimiz kerak, hukumatning ushbu qarorida aholi zich joylashgan joylarda yer maydonlarini maqbullashtirish uchun qarorda ko‘rsatilgan hajmlardan kam gektarlarda ya'ni 100 gektar o‘rniga 90 yoki 80 gektar qilib, suv yo‘lini, konturlar yaxlitligi inobatga olingan holda loyihalashtirilishi mumkin.  

Maqbullashtirishning bu amaliyoti eksperiment tariqasida ochiq tanlov orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Ochiq tanlovda yer uchastkalari qayta loyihalangan fermer xo‘jaliklari yoki qishloq xo‘jaligi korxonasi rahbari ishtirok etib pul mablag‘lari, o‘ziga yoki o‘zining oila a'zolariga tegishli yaroqli qishloq xo‘jaligi texnikalari mavjudligini, yetishtirgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksportga yo‘naltirilganligini, yaratiladigan yangi ish o‘rinlari sonini, so‘nggi uch yil davomida mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar bajarilishining ahvolini batafsil ko‘rsatib, muhokamada qatnashishga va oshkora o‘z fikrlarini bayon etib, raqib talabgorlarining taqdim etgan ma'lumotlari bilan tanishib chiqishga ham haqli. Shuning uchun qarorda ochiq tanlov deb bayon etib qo‘yilgan.

Shundan so‘ng, ochiq tanlov yakuniga ko‘ra yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi tuman komissiyasi hamda tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi xulosa qiladi. Bu xulosaga binoan xalq deputatlari tuman Kengashi qaror chiqaradi. Tuman hokimi Kengash qarori asosida o‘zining yer ajratish to‘g‘risidagi qarorini imzolaydi.

Endi masalaning boshqa bir tomoni ham bor. Unga binoan ma'lum bir shartlarni bajarganlarga tendersiz ham yer ajratilishi mumkin. Ya'ni, agar talabgor bir gektar yer maydoni uchun paxta-g‘allachilik loyihasiga 2 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdorida, sabzavot-g‘allachilik, bog‘dorchilik-uzumchilik, sabzavot-polizchilik loyihalariga 5 ming AQSh dollari ekvivalenti miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritadigan bo‘lsa, klaster korxonalari esa, bankdagi hisobvarag‘ida mablag‘larini ko‘rsata olsa, ushbu mablag‘larni joriy yilda maqsadli ishlatish sharti bilan hamda tuman sektor rahbarining tavsiyasiga ko‘ra, tanlov o‘tkazmasdan tuman hokimining qaroriga asosan yer ajratiladi.

Mazkur talablar asosida yer uchastkasi ajratilgan yoki yangidan tashkil etilgan fermer xo‘jaliklari yoxud boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari biznes rejasida ko‘rsatilgan majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, yer ijara shartnomasi tuman hokimi tomonidan bir tomonlama bekor qilinishi uchun asos hisoblanadi.

Yana bir jihat. Yer ijara shartnomasi bekor qilingan fermer xo‘jaliklarining 2019 yil hosili uchun yuzaga kelgan qarzdorliklari, g‘alla hosili uchun ajratilgan imtiyozli kreditlari, shuningdek, 2018 yilda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun urug‘lik, ko‘chat va mineral o‘g‘itlar uchun ajratilgan tijorat kreditlarining qoplanmagan qismini yangi tashkil etilgan yoki maqbullashtirilgan fermer xo‘jaliklari yoxud boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga uch tomonlama dalolatnoma asosida qayta rasmiylashtirib beriladi.

Yer uchastkalari maqbullashtirilgan yoki yangidan tashkil etilgan fermer xo‘jaliklari yoxud boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari bilan 2019 yil hosili uchun boshoqli don va paxta xomashyosi yetishtirish bo‘yicha kontraktatsiya shartnomalari, moddiy-texnika resurslarini yetkazib berish va xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar qaytadan tuziladi. Lizing va kredit asosida berilgan qishloq xo‘jaligi texnikalari esa yangidan tashkil etilgan fermer xo‘jaliklariga va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirib beriladi.

Qayd etish o‘rinliki, maqbullashtirish vaqtida fermer xo‘jaliklari boshliqlari tomonidan qator savollar tushmoqda. Ular yer uchastkalari maydonlarini maqbullashtirishga qanday talablar bor, biz buning uchun nima qilishimiz kerak, degan savol bilan murojaat qilishmoqda.

1.Avvalom bor fyermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalarining oxirgi uch yillik faoliyati to‘liq tahlil qilinadi va natijasi bo‘yicha har bir qishloq xo‘jaligi korxonasi kesimida tahliliy ma'lumot tayyorlanadi.

Endi ikkinchi va eng muhim masala, qaysi holatlarda yer ijara shartnomasi bekor qilinadi, degan savoldir. Ayni shu masala ko‘pchilik fermerlar tomonidan tushunmovchilik hamda anglashilmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Demak, quyidagi holatlarning birortasi aniqlansa, yer ijara shartnomasini bekor qilishga asos bo‘ladi.

-        Agar yer uchastkasidan qonun hujjatlarida, ijaraga olish shartnomasida ko‘rsatilgan talablar va qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish shartlari buzilgan hamda maqsadli, samarali va oqilona foydalanmaganlik holati aniqlansa;

-        yer uchastkasini saqlash shartlariga va suvdan foydalanish tartibiga rioya etilmaganda, yerning meliorativ holatini yaxshilash, tuproq unumdorligini oshirish chora-tadbirlari ko‘rilmaganda, shuningdek, ushbu maqsadlar uchun o‘z mablaѓlarini ajratmaganlik holati aniqlansa;

-        yer uchastkalari maydonlari uzoq muddatli yer ijara shartnomasida belgilangan o‘lchamlarga nisbatan kamaytirib yuborilganda, sug‘oriladigan maydonlarga asossiz ravishda bino-inshootlar qurilganda yoki boshqa turdagi zarar yetkazilganlik holati aniqlansa;

-        qishloq xo‘jaligi ekinlarini parvarishlashda agrotexnika tadbirlari o‘z vaqtida amalga oshirilmaganda yoki belgilangan talablarga rioya etilmaganda va normativ kadastr bahosidan past hosil olish holati aniqlansa;

-        davlat xaridi uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish yuzasidan tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari shartlari so‘nggi uch yilda bajarilmaganda, xo‘jalik faoliyati samarasiz yoki past rentabellik bilan yuritilganlik holati aniqlansa;

-        mehnat munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan qonun hujjatlari talablariga rioya etilmaganda, ishchi — xodimlar, shu jumladan fermer xo‘jaligida mehnat qiladigan oila a'zolari, vaqtincha (mavsumiy) yollanadigan fuqarolar uchun mehnat xavfsizligi shartlari ta'minlanmaganlik holati aniqlansa;

-        soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar, shuningdek yetkazib berilgan moddiy-texnika resurslar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar o‘z vaqtida amalga oshirilmaganda, so‘nggi uch yil davomida yetishtirilgan mahsulotlarni sotishdan tushadigan mablag‘lar bank hisobvaraqlarida aylanishi ta'minlamaganlik holati aniqlansa;

-        fermer xo‘jaligini yuritish uchun yer uchastkasini berish bo‘yicha o‘tkazilgan ochiq tanlovda ko‘rsatilgan mol-mulk, texnika va pul mablag‘lari xo‘jalikning ustav fondiga kiritilmaganlik holati aniqlansa yer ijara sharnomasi bekor qilinadi. Buni har bir fermer xo‘jaligi va qishloq xo‘jaligi korxonasi boshlig‘i bilib qo‘yishi lozim.

Vazirlar Mahkamasining 14-son qarorida qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalarining hajmlari ularning faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami — 100 gektar, g‘allachilik va sabzavotchilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami — 20 gektar, bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami — 10 gektar, sabzavotchilik va polizchilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami — 5 gektar deb belgilangan.

Chorvachilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalarining hajmlari qonunchilikda belgilangan tartibda mavjud shartli mol bosh sonidan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Qarorda qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalarining o‘lchami mazkur talablarning 3-bandida nazarda tutilgan miqdorlardan kam bo‘lgan taqdirda, ularni maqbullashtirishga asos bo‘lishi ko‘rsatib qo‘yilgan bo‘lib, bu normalar yer uchastkalaridan samarali foydalanayotgan, kontraktatsiya shartnomasi majburiyatlarini bajarib kelayotgan, moddiy-texnika bazasiga ega bo‘lgan hamda ko‘p tarmoqli faoliyatni yo‘lga qo‘ygan paxta-g‘allachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklariga, shuningdek, zamonaviy issiqxonalar, intensiv usulda tashkil qilingan bog‘ va tokzorlarning yer uchastkalari egalariga nisbatan miqdoriy talablar qo‘llanilmasligi belgilangan.

Maqbullashtirish jarayonida tuman hokimliklari zaxirasiga qaytarilgan yer uchastkalari, birinchi navbatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritadigan, moliyaviy holati yaxshi (qarzdorligi yo‘q, bank hisobvaraqlarida mablag‘i bo‘lgan) va qishloq xo‘jaligi texnikalariga ega ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari (kichik — klasterlar), paxta-to‘qimachilik klasterlari, eksport qiluvchi va qayta ishlovchi korxonalariga beriladi.

Yer uchastkalarini maqbullashtirishda konturlarning yaxlitligini saqlagan holda, tuproq sharoiti, suv yo‘li va boshqa omillar hisobga olinadi. Eski, iqtisodiy jihatdan samaradorligi past bo‘lgan (ko‘chat soni kam bo‘lgan, ko‘chatlar intensiv usulda ekilmagan) bog‘ va tokzorlar belgilangan tartibda buzilib, ekin yer maydonlari tarkibiga qo‘shiladi.

Bog‘ va tokzorlarni maqbullashtirishda so‘nggi uch yilda olingan hosil, uni sotishdan tushgan tushum to‘g‘risidagi statistika organlariga topshirilgan hisobotlar, bank hisobvaraqlarida aylangan mablag‘lar, yangi tashkil etilgan bog‘ va tokzorlarga sarflangan xarajatlar tahlil qilinib, xulosa qilinadi.

Shu bilan birga, ayrim fermerlarda, shuncha ishlab xarajat qilib qo‘yganmiz, bu yog‘i nima bo‘ladi, deb savol ham tug‘ilmoqda?

Yer ijara shartnomasi bekor qilinayotgan qishloq xo‘jaligi korxonalarining tugallanmagan ishlab chiqarish xarajatlari, bog‘ va tokzorlarga qilingan xarajatlar, yer uchastkasi biriktirib berilayotgan yoki yangidan tashkil etiladigan fermer xo‘jaliklari, klasterlar, eksport qiluvchi va qayta ishlovchi korxonalari tomonidan o‘zaro kelishuv (kelishilgan narxlar) yoki baholash natijalari asosida qoplab beriladi.

Shuningdek, yer uchastkalari o‘lchami mazkur talablarning 3-bandida belgilangan miqdorlardan kam bo‘lgan qishloq xo‘jaligi korxonalari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ixtiyoriy ravishda qo‘shib yuborish, qo‘shib olish tartibida qayta tashkil etilishi mumkin. Qishloq xo‘jaligi korxonalarining yer uchastkalarini maqbullashtirish jarayonida qonun hujjatlariga hamda xolislik, oshkoralik va ochiqlik tamoyillariga qat'iy rioya qilinishi ta'minlanadi.  Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar 4 ta sektor rahbarlari hamda tumanlar komissiyalarining barcha a'zolari shaxsan javobgar hisoblanadi. Shuning uchun yer maydonlari maqbullashtirilayotgan fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jalik korxonalari boshliqlari hamda rahbarlari bu normalarni bilib qo‘ysalar foydadan xoli bo‘lmaydi.

Maqola O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi huquqshunosi Chorixon Qodirov bilan hamkorlikda tayyorlandi

Top