Jahon | 18:34 / 14.03.2023
26624
11 daqiqa o‘qiladi

Aktyorning qayiqda boshlangan sayohati: «Indiana Jons»dagi unutilgan yulduz boladan «Oskar»gacha

Kelib chiqishiga ko‘ra vetnamlik bo‘lgan Ke Hyui Kuan bolaligidayoq Hollivudni zabt etgandi, ammo keyingi o‘n yilliklarda sahnalardan g‘oyib bo‘lgandi. Bir necha yil oldin esa orzusini amalga oshirish uchun qaytishga va yana aktyor bo‘lishga qaror qildi. BBC muxbiri Ien Yangs u haqida hikoya qiladi.

Ke Hyui Kuan bolaligida 1980-yillarning mashhur blokbasterlari – «Tentakvoylar» (The Goonies) va «Indiana Jons va Taqdir ibodatxonasi» (Indiana Jones and the Temple of Doom) filmlarida rol ijro etadi, ammo keyin ekranlardan g‘oyib bo‘ladi. U Hollivudga keraksiz bo‘lib qolganidan keyin aktyorlikdan voz kechgandi. Endi esa g‘alaba bilan qaytdi va darhol ikkinchi plandagi eng yaxshi erkak aktyor uchun «Oskar» mukofotini qo‘lga kiritdi.

«Aytishlaricha, bunday hodisalar faqat kinoda bo‘lardi. Bu men bilan ro‘y berganiga ishona olmayapman. Bu amerikacha orzu», deya ko‘zda yosh bilan gapirdi Kuan mukofotni topshirish marosimida.

U 1970-yillarda yetti yoshligida oilasi bilan fuqarolar urushi girdobidagi Vetnamni tark etadi. U otasi bilan Hongkongga, onasi boshqa uch farzand bilan – Malayziyaga borib qoladi.

Kuan «Indiana Jons va Taqdir ibodatxonasi» filmida Harrison Ford bilan birga suratga tushgandi

Keyinchalik oila yana birlashadi, 1979 yilda AQShga emmigratsiya bo‘ladi, 1984 yilda 12 yoshidaligida Kuan tasodifan «Indiana Jons va Taqdir ibodatxonasi» filmidagi Pakana kissavur roli uchun sinovga borib qoladi.

Keyingi yil esa u «Tentakvoylar»da gadjetlar ishqibozi Data rolini o‘ynaydi.

Ammo u o‘smirlikdan yigitlikka qadam qo‘ygani sari rollari kamayib boradi, yakunda turli filmlarda kaskadyorlar bo‘yicha koordinator va rejissyor yordamchisi bo‘lib ishlaydi.

2018 yilda prokatga chiqqan «O‘ta badavlat osiyoliklar» (Crazy Rich Asians) filmidan keyin Kuan 50 yoshida yana o‘z omadini sinab ko‘rishga va sahnaga qaytishga qaror qiladi.

«Tentakvoylar» hozirgacha bolalar kinosi klassikasi hisoblanadi. Foto: ALAMY

Agent do‘sti uning vakili bo‘lishga rozilik beradi, bir necha hafta o‘tib esa Kuanga «Hammasi har joyda va birdan» (Everything Everywhere All at Once) filmi ijodkorlaridan qo‘ng‘iroq bo‘ladi. Bu film uning aktyorlikdagi ikkinchi yorqin ijrosiga aylanadi va unga Amerika kinoakademiyasi bosh mukofotini olib keladi.

«Onam 84 yoshda va u [bu marosimni] uydan turib tomosha qilmoqda. Ona, men hozirgina «Oskar» yutdim!» – dedi u sahnada hissiyotga berilib va o‘z oltin haykalchasini o‘pa turib.

«Mening sayohatim qayiqda boshlangandi. Men bir yilni qochqinlar lagerida o‘tkazganman va qandaydir tarzda Hollivudning eng katta sahnasiga chiqib qoldim».

O‘zining emigratsiyadagi tajribasini Kuan «jarohat qoldiruvchi» deb atagan.

«Biz qochqinlar edik. Biz hech kimga kerak emasdik, bizni «qayiqdan tushganlar» deb atashardi. Maktabda ustimizdan kulishardi. Bu bola ruhiyatiga qanday ta’sir ko‘rsatishini tasavvur qila olasizmi?» – degandi u o‘tgan yili Guardian nashriga.

Quanning hayoti 12 yoshida, «Indiana Jons» uchun sinovda qatnashayotgan o‘z kichik ukasini qo‘llab-quvvatlash uchun borganida o‘zgarib ketadi. U sinovdan o‘tish niyatida emasdi, ammo rejissyor uni ham taklif qiladi.

Stiven Spilberg va Ke Hyui Kuan 1985 yilda
Ke Hyui Kuan, Stiven Spilberg va uning rafiqasi Keyt Kepshou «Oskar» taqdimot marosimida

U hafta o‘tib esa u ijodiy guruh bilan film s’yomkalari boshlanadigan Shri-Lankaga yo‘l oladi.

«Bu mening hayotimdagi eng baxtli davrlardan biri edi», deya hikoya qiladi Kuan.

«Indiana Jons»dagi ayrim qahramonlar va mavzular tasviri uchun hozirgacha tanqid qilishadi, ammo Kuanning fikricha, Spilberg maqtovlarga loyiq.

«Spilberg Hollivud blokbasterida osiyocha yuzlarni ko‘rsatgan birinchi odam bo‘lgandi. Pakana – qiziq va jasur personaj, u Indini qutqaradi», deydi aktyor.

Keyin u Shon Estin, Josh Brolin, Kori Feldman va Marta Plimpton kabi boshqa yosh yulduzlar bilan birga «Tentakvoylar» filmida rol ijro etadi.

Ke Hyui Kuan va Dryu Berrimor 1984 yilda «Yosh aktyor» mukofoti topshirish marosimida

Shundan keyin Kuan televizion komediyalarda ko‘rinish beradi. Ammo 90-yillar boshiga kelib unga takliflar kamaya boradi. Unga taklif qilinadigan barcha rollar kichik va shablon rollar edi.

«Bolalar aktyorligidan katta kinoga o‘tish doim qiyin. Sen osiyolik bo‘lganingda esa yuz barobar murakkabroq», – deya fikr bildiradi Kuan Telegraph uchun intervyusida.

«Misol uchun yuzta ssenariyni olsak, katta ehtimol bilan ularning birortasida jiddiy osiyolik personajlar bo‘lmaydi. Ko‘p hollarda biz hazil mavzusiga aylanamiz».

«Odatda, siz yigirma yosh atrofida bo‘lganingizda – bu hayotingizning oltin yillari bo‘ladi. Ammo men bu yoshimda qilgan barcha ish – telefon kelishini kutishdan iborat edi», deya tan oladi Kuan.

Vaqt o‘tib u kutishni bas qiladi va faqat 2018 yilda, «O‘ta badavlat osiyoliklar» filmi muvaffaqiyatidan keyingina qaytishga qaror qiladi.

Nimanidir o‘tkazib yuborish qo‘rquvi

«Eslayman, kinoteatrda bu filmni uch marta tomosha qildim va har safar yig‘ladim, – deydi Kuan. – Men film shu qadar ajoyibligi uchun ham yig‘ladim, ammo boshqa sabab ham bor edi – boy berilgan imkoniyatlar qo‘rquvini his qildim. Men bu yerda, boshqa osiyolik aktyorlar bilan birga bo‘lishni xohladim».

«Aynan o‘shanda menda o‘zimning ildizlarimga qaytish g‘oyasi paydo bo‘ldi».

Kuan «Hammasi har joyda va birdan» filmi ssenariysini olganida u bu film unga «Oskar» olib kelishi haqida o‘ylamagan.

Qog‘ozda bu film u qadar jozibali ko‘rinmaydi. Bu immigrantlar oilasi indi-dramasi, ilmiy-fantastik sarguzashtlar va superqahramonlar haqidagi jangari filmlarning topqirona aralashmasidir.

Kuan kir yuvish korxonasi menejyeri (Mishel Yyeo)ning turmush o‘rtog‘i Veymond Van, shuningdek Veymondning muqobil olamlardagi versiyalarini o‘ynaydi.

Veymond Van – e’tiborga loyiq hech narsasi bo‘lmagan er va superqahramon

Kuan sobiq bola yulduzni o‘rta yoshli erkak qiyofasida ko‘rgan tomoshabinlar qanday reaksiya ko‘rsatishini bilmaganini aytadi.

«Men aktyorlikka qaytganimda 50 yoshda edim. Voz kechishim kerak bo‘lgan va o‘zim qaytadi deb o‘ylamagan orzum haqida ovoz chiqarib aytishim uchun jasorat talab etilardi», deydi u Los Angeles Times nashriga.

Taqdir hazilini qarangki, o‘tmishdagi filmda birga rol o‘ynagan hamkasbi Kuanga yangi filmda rol olishga yordam beradi.

«Tentakvoylar»da Chank rolini ijro etgan Jyeff Koen o‘zini kinoolamidagi huquqshunos sifatida qaytadan kashf etadi va Quanga shartnoma imzolashda yordam beradi. Film prodyuseri hech qachon o‘z filmi uchun Chank va Data bilan muzokara o‘tkazishiga to‘g‘ri kelishi haqida o‘ylamaganini aytib hazil qiladi.

«Orzudan chekinmang»

Kuan ham, u rol ijro etgan film ham Hollivudni zabt etdi. «Hammasi har joyda va birdan» yakshanba kuni yettita «Oskar» qo‘lga kiritdi, jumladan «Eng yaxshi film» va «Eng yaxshi ayol roli» (Kuanning ekrandagi rafiqasini o‘ynagan Yyeoga berildi) nominatsiyalarida ham g‘olib chiqdi.

Kuan bu yilgi mukofotlarni topshirish marosimidagi eng taniqli mehmonlardan biri edi, mashhur yulduzlar ham cheksiz ishtiyoqqa to‘lgan va tabassum qilishdan to‘xtamayotgan bu inson bilan selfi tushishdan mamnun edi.

Ke Hyui Kuanga «Oskar»ni Indiana Jonsning o‘zi – Harrison Ford topshirdi

«Oskar» taqdimot marosimida Kuan «Indiana Jons» filmidagi sobiq hamkori Harrison Ford bilan ta’sirli uchrashuvi ro‘y berdi, ikkinchi plandagi eng yaxshi aktyor uchun mukofotni aynan u topshirdi.

O‘z nutqida Kuan uning uchun «o‘zini qurbon qilgan» onasiga minnatdorchilik bildirdi. U shuningdek akasi va rafiqasiga rahmat aytdi: «20 yil mobaynida oyma-oy, yilma-yil mening vaqtim kelishini aytib kelgan hayotim muhabbati».

U shunday qo‘shimcha qildi: «Orzuga ishonish kerak. Men o‘zimnikiga deyarli ishonmay qo‘ygandim. Sizlarga murojaat qilaman - iltimos, orzu qilishdan to‘xtamang».

Mavzuga oid