10:58 / 19.05.2021
5771

O‘zbekiston va Qozog‘iston Silk Road Visa’ni ishga tushirishga tayyor. Barcha texnik masalalar kelishib olindi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari yagona sayyohlik vizasini ishga tushirishga tayyor. Bu haqda 18 may kuni jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ma'lum qildi. Hukumat vakili qaysi mamlakatlar «Osiyo Shengeniga» qo‘shilishi mumkinligini oshkor qildi.

Nur-Sulton va Toshkent Silk Road Visa ko‘p martalik sayyohlik vizasini joriy etish bo‘yicha barcha texnik masalalarda kelishib oldi. Bu haqda seshanba kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov aytib o‘tdi. 

«Aniq sanani bugun ishlayotgan ikki tomonlama komissiya belgilaydi. Biz barcha texnik muammolarni hal qildik yoki hal etish arafasidamiz. Davlatlarning ichki tasdiqlash tartib-taomillaridan o‘tish qoldi», deya vazirning so‘zlarini keltirmoqda «RIA Novosti».

Abduhakimovning so‘zlariga ko‘ra, loyihani amalga oshirish uchun chet elliklar ariza yuborishi mumkin bo‘lgan portal ishga tushiriladi. Murojaatga javob 48 soat ichida keladi. Bosh vazir o‘rinbosari boshqa davlatlar ham ushbu loyihaga qo‘shilishni xohlayotganini qo‘shimcha qildi. «Qirg‘iziston juda faol qiziqish bildirmoqda, Ozarboyjon Respublikasi bilan ayrim o‘zgarishlar mavjud, ehtimol Tojikiston, Mo‘g‘uliston, shuningdek, bir qator Kavkazorti respublikalari ushbu loyihaga qo‘shilishi mumkin. Muzokaralar olib borilmoqda», - dedi vazir. 

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil yanvar oyida Abduhakimov O‘zbekiston va Qozog‘iston turizm sohasida hamkorlikni kuchaytirishi haqida aytgandi. Shu bilan birga, u kelajakda mamlakatlarning sayyohlik salohiyatini oshirish uchun yangi transport yo‘laklarini ochish rejalashtirilganini ta'kidlagan. Xususan, Toshkent va Turkistonni to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘laydigan yangi temir yo‘l liniyasini qurish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan. 

Top