O‘zbekiston | 15:25 / 05.06.2024
7618
4 daqiqa o‘qiladi

Hindiston Chobahor portini boshqaruvga olmoqda. Buning O‘zbekiston uchun muhimligi nimada?

Xitoy tovarlari tashiladigan Pokistonning Gvadar portidan uncha uzoq bo‘lmagan masofadagi Eronning Chobahor portiga Hindiston katta investitsiya kiritmoqda. Kun.uz O‘zbekiston tashqi savdosi uchun ham katta ahamiyatga ega bu yangilik haqida so‘z yuritish uchun siyosiy tahlilchilar Nargiza Umarova va Farhod Karimovni taklif etdi.

Chobahor – Eronning yagona okean porti hisoblanib, dunyoning 10 ta mega portlari darajasiga chiqish potensialiga ega. Lekin bu obekt uzoq yillar davomida sanksiyalar ostida bo‘lgan. Orada ma’lum muddat Afg‘onistondagi eski rejim – prezident Ashraf G‘ani boshqaruvi davrida Kobulga imkoniyatlar yaratish maqsadi bilan portdan sanksiyalar olib tashlangan.

Chobahor “shimol-janub” koridorining muhim porti sanaladi va obektni ommalashtirish, xalqaro darajaga olib chiqish tashabbuslari Eron shohi davriga borib taqaladi. Ammo hali-hanuz strategik ahamiyatga ega port cheklovlardan to‘la xalos bo‘lolmayapti. Uzoq yillik muzokaralardan so‘ng Hindiston va Eron kelishuvga erishdi. Port boshqaruvi 10 yil muddatga Hindistonga berilmoqda.

Xo‘sh, nega Hindiston bu port ommalashuvi uchun bu qadar harakat qilyapti?

Dehlining ambitsiyalari siyosiy, geosiyosiy va iqtisodiy, deyishimiz mumkin. Avvalo, mintaqada Hindiston uchun eng katta raqobatchi Xitoy ekan, Dehli alternativ yo‘llarni izlashi tabiiy. Bundan tashqari, Pokistondagi ikki muhim portlar – Gvadar va Karachi, asosan, Xitoy tovarlari eksportiga xizmat qilib kelmoqda. Ikki davlat bilan ham sovuq aloqalariga ega Hindiston uchun “chiqish yo‘li” Eronning Chobahori bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, Afg‘onistonda hokimiyatga kelgan “Tolibon”ning Pokiston bilan munosabatlarini juda yaxshi deb bo‘lmaydi. Xususan, Pokistondagi portlar afg‘on tovarlari eksporti chunki bugungi kunda yagona imkon ekani inobatga olinsa, Islomobodning injiqligi – tabiiy. Shunday vaziyatda Pokistonni aylanib o‘tuvchi koridor “Tolibon” manfaatlariga ham javob beradi. Holatdan xabardor Hindiston portni ommalashtirish ishlariga “Tolibon”ni ham safarbar qilish harakatida. Masalan, joriy yilning martida uchrashgan ikki davlat tashqi ishlar bo‘yicha amaldorlari Chobahor masalasida kengashgan. Toliblar 35 mln dollar sarmoya kiritishi ma’lum qilingan.

Siyosatshunos olima Nargiza Umarovaga ko‘ra, Gvadar va Chobahor – bir-biridan uzoq bo‘lmagan va o‘zaro raqobatdagi ikki port hisoblanadi. Chunki ikkala obekt ortida Xitoy va Hindistondek gigantlar manfaatlari yotibdi. Hindistonning Chobahorga ko‘z tikishi esa Pekinni asabiylashtiradi. Ayni vaziyatda Xitoy Islomobod vositachiligida masalaga aralashishi mumkin.

Siyosatshunos Farhod Karimov fikricha esa, asosiy nuqta – g‘arb va AQSh pozitsiyasiga borib taqaladi. Hattoki, Vashington Hindistonning rejasini puxta muhokama qilib, Eronga e’lon qilgan sanksiyalarini yumshatishi ham mumkin. Chunki Hindiston AQSh uchun asosiy raqobatchisi Xitoyga qarshi turishda mintaqadagi asosiy davlat bo‘lib qolmoqda.

Chobahorning O‘zbekiston tashqi savdosi uchun ham ahamiyati nihoyatda yuqori. Ham birinchi, ham ikkinchi ma’muriyati davrida savdo yo‘llarini qidirgan Toshkent uchun Chobahorning ommalashuvi yaxshi imkoniyat. Lekin bu bilan O‘zbekiston Afg‘oniston orqali Pokistonga chiqish imkoniyatlari va rejalaridan voz kechmaydi. Alternativ yo‘llarga intiladi. Chunki Eronga chiqishda Turkmanistondek injiq hamkor bilan ham hisoblashishni unutmaslik lozim.

Shohrux Majidov suhbatlashdi.

Mavzuga oid