O‘zbekiston | 16:11 / 24.05.2021
43229
2 daqiqa o‘qiladi

Angrenda 8ta avtomobil ishtirokida sodir bo‘lgan YTHda 5 kishi halok bo‘ldi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Angrenda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan birlamchi ma'lumot berdi.

2021 yil 24 may kuni soat 09:30larda Angren shahridan o‘tuvchi A-373 avtomobil yo‘lining 184-km.da “Namangan-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan “MAN” rusumli tirkamali yuk avtomobili boshqaruvini yo‘qotib, ag‘darilgan.

Qayd etilishicha, yuk avtomobili o‘zidan oldinda bo‘lgan temir yo‘l kesishmasiga yetmay to‘xtagan. Natijada, “Lasetti”, “Kobalt”, “Jyentra”, “Neksiya-3”, “Matiz”, “Neksiya-3” va “Lasetti”  rusumli avtomobillari bilan to‘qnashib, YTH sodir bo‘lgan. To‘qnashuv natijasida “Lasetti” rusumli avtomobili yongan.   

YTH natijasida 5 nafar fuqaro voqea joyida vafot etgan hamda 4 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohati olgan, fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritilmoqda.

Tan jarohati olgan fuqarolar Angren shahar Tibbiyot birlashmasiga  yotqizilgan. 

Voqea joyiga Toshkent viloyati FVB va Angren shahar FV bo‘limi, IIB, Prokuratura va SSB hamda tezkor-tergov guruhi xodimlari chiqishgan.

Sodir bo‘lgan YTH yuzasidan dastlabki tergovoldi tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid