O‘zbekiston | 16:50 / 28.10.2022
19619
15 daqiqa o‘qiladi

Nima uchun yapon kompaniyasi ba’zi xodimlariga qo‘shimcha 6 kun ta’til beradi?

Bobur mazhablar o‘rtasida nizo kelib chiqmasligi uchun Humoyunga qanday vasiyat qilgan? Nima uchun yahudiylar bolalariga skripka chalishni o‘rgatadi? – “Zakovat” teleo‘yini kuzgi mavsumining birinchi o‘yinidan reportaj.

Foto: Zakovat

Kuzgi mavsum o‘yinlarini qishki mavsum o‘yinlarida teleo‘yinni tark etgan Zafar Rahimov jamoasi boshlab berdi.

1-raundda Zahiriddin Muhammad Boburning o‘g‘li Humoyun Mirzoga qilgan vasiyati haqidagi savol o‘ynaldi. Jamoa bir daqiqa davomida savolni muhokama qilgan bo‘lsa-da, to‘g‘ri javobga yetib bora olmadi. Hisob – 0:1.

2-raundda bilimdonlarga blits savollari tushdi. Garchi jamoa blitsning birinchi savolini osonlik bilan topgan bo‘lsa-da, ikkinchi savol ular uchun qiyinlik qildi. Hisob – 0:2.

Keyingi raund savoli Yusuf Misriy va uning safardan qaytgan do‘sti o‘rtasidagi suhbat haqida bo‘ldi. Jamoa muhokamasida bir-biridan qiziq turli variantlar yangragan bo‘lsa-da, oxirida ularning to‘g‘ri javobga yetib bora olmagani ma’lum bo‘ldi. Hisob – 0:3.

To‘rtinchi raundda jamoa II jahon urushi vaqtida Amsterdamni talon-toroj qilgan nemislar haqidagi savol bilan sinovdan o‘tkazildi. Afsuski, jamoa bu gal ham variantlar orasidan to‘g‘ri javobni tanlashda adashdi. Hisob – 0-4.

Jamoa murakkab ahvolga tushib qoldi. Hisob ham ancha yirik ko‘rinish oldi. Keyingi xatolar jamoaga qimmatga tushishi mumkin edi. O‘yin tizginini qo‘lga olish vaqti kelgandi.

5-raund savoli jamoaning o‘ziga kelib olishiga yordam qildi – tajribali bilimdon Umid Valiyev Tokiodagi kompaniyaning qaysi toifa xodimlarga qo‘shimcha 6 kun ta’til berishi haqidagi savolga muddatidan oldin javob berdi. Hisob – 1:4.

Navbatdagi raundda berilgan soyabonli svetoforlar haqidagi savolga ham jamoa javob topishga erishdi. Hisob yana qisqardi – 2:4.

Jamoa asta-sekin o‘ziga kela boshlagandi hamki, 7-raundda tushgan yahudiylarning bolalari nima uchun yoshlikdan skripka chalishga o‘rgatilishi haqida savol ularni yana boshi berk ko‘chaga tiqib qo‘ydi. Hisob avvalgidek yirik ko‘rinish oldi – 2:5.

Endi jamoaning xato qilishga haqqi yo‘q edi. Ancha muddat ta’tildan keyin ekran o‘yinlarida qatnashish huquqini qo‘lga kiritgan jamoaning ilk o‘yindayoq yirik hisobda mag‘lub bo‘lishi keyingi mavsumlardagi ishtirokni so‘roq ostiga qo‘yardi.

8-raund. Qahva ishlab chiqaruvchi kompaniyaning Yaponiyada qahva sotish uchun qo‘llagan hiylasi haqidagi savolga jamoaning eng yosh bilimdoni Suhrob Sharipov to‘g‘ri javob berib, jamoani kurashga qaytardi. Hisob – 3:5.

9-raund savoli ancha murakkab bo‘lib chiqdi. Xivada minora qurilishida ishlagan ustalarning minora tepa qismini qurishda foydalangan havozalari haqidagi savolga javob berish uchun jamoa klub yordamini ham, qo‘shimcha bir daqiqani ham ishlatishga majbur bo‘ldi. Oxirida qilingan harajatlar o‘zini oqladi – tajribali Umid Valiyev ikkinchi bor to‘g‘ri javob berib, hisobni 4:5 ko‘rinishiga keltirdi.

Jamoa hisobni ancha yaxshi ko‘rinishga keltirib oldi.

10-raundda Xurshid Do‘stmuhammadning “Bozor” romanidan parcha to‘g‘risida savol o‘ynaldi. Aslida unchalik murakkab ko‘rinmagan bu savol oxir-oqibat ancha falsafiy savol bo‘lib chiqdi va bilimdonlarning ko‘zida paydo bo‘lgan uchqunga suv sepgancha, o‘yinning so‘nggi savoliga aylandi. Hisob – 4:6.

“Remontada” yuz bermadi. Kombek oxiriga yetmay qoldi. Kuzgi mavsumning birinchi o‘yini ana shunday hayajonli lahzalar bilan esda qoldi. Garchi, jamoa yakunda mag‘lub bo‘lgan bo‘lsa-da, ular 0:4 hisobidan chiqib ketishga va uni o‘zlari uchun qulay ko‘rinishga keltirishga erishdi. Endi ularning mavsum o‘yinlarida qolishi yoki ekran o‘yinlarini tark etishi masalasi qolgan jamoalar natijalaridan keyin aniq bo‘ladi.

O‘yin stenogrammasi bilan quyida tanishib chiqishingiz mumkin.

1️-raund. Savol muallifi — Sunnat Aliqulov, Zomin.

Boshlovchi: Zahiriddin Muhammad Boburning o‘g‘li Humoyun mirzoga qilgan vasiyatidan parcha: Ey farzandim, Hindiston mamlakati turli mazhablardan ma’mur bo‘lgan. Bu mazhablarning hammasi sizni birday yomon ko‘rib qoladi, agar u ishni omma oldida qilsangiz. Hindistonning qalbini qo‘lga kiritaman desangiz, bu ishni aslo qilmang.

Diqqat savol: Bobur mirzo o‘g‘lini nima ish qilishdan tiyilishini so‘ragan?

Javobni Jamshid Adilov beradi: Bizning fikrimizcha, bu ish omma oldida ibodat qilish.

To‘g‘ri javob: Hindistonda hamma uni "Ona" hisoblagani uchun Bobur mirzo o‘g‘lini sigirni so‘yishdan qaytargan.

Hisob: 0:1

Savol muallifi Sunnat Aliqulov 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

2-raund: Blits savollari.

1-savol muallifi — Azizxo‘ja Bahodirxo‘jayev, Baxmal.

Boshlovchi: Marhamat, ekranga qaraymiz. 2009 yilda Hindistonda zarb qilingan hind tanga pullarining surati.

Diqqat savol: Nega tangalarda odam qo‘llari tasvirlangan?

Javobni Bobur Maksimov beradi: Bizning o‘ylashimizcha, bu tangalar savodsizlar uchun.

To‘g‘ri javob: Hindiston aholisi yuzlab lahjalarda so‘zlashadi. Buning ustiga katta qismi savodsiz. Mayda chaqalar qanday qiymatga ega ekanini bildirish uchun mana shunday tangalardan foydalanilgan.

Jamoa to‘g‘ri javob berdi.

Blitsning 2-savoli muallifi — G‘ofurali Asqarov, Qibray tumani.

Boshlovchi: Marhamat, yana bir marta ekranga qarang. Temiryo‘ldagi o‘tish joyining surati. Qizil qalam bilan belgilab qo‘yilgan joyiga qarang. Bu yo‘lovchilar o‘tishi uchun qilinmagan. Vokzaldagi nazoratchilar uchun qo‘yilgan.

Diqqat savol: Vokzaldagi yo‘lakchaning asosiy vazifasi nima?

Javobni Suxrob Sharipov beradi: Mabodo qor yog‘adigan bo‘lsa, shu yo‘lak balandligi orqali qorning balandligini bilib olish mumkin.

To‘g‘ri javob: Agar o‘tib ketgan poyezddan nimadir osilib qolgan bo‘lsa, yo‘lakcha ustida iz qoldiradi. Har poyezd o‘tgandan keyin nazoratchilar buni tekshirishadi. Nazoratchilar buni ko‘rib keyingi stansiyaga xabar berishadi va nosozlik bartaraf qilinadi.

Hisob: 0:2

Savol muallifi G‘ofurali Asqarov, 2 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

3-raund. Savol muallifi: Abbos Yunusov, Toshkent shahri.

Boshlovchi: Jaloliddin Rumiyning "Ichindagi ichindadir" kitobida Yusuf Misriy uzoq safardan qaytgan do‘stidan hazillashib: "Menga qanday sovg‘a olib keldingiz?" - deb so‘rabdi. Do‘sti esa: "Sening hech narsaga ehtiyojing yo‘qligini hamma biladi, ammo uzoq o‘ylab sen muhtoj bo‘lgan narsani topdim, zero, sen usiz bu dunyo go‘zalliklaridan to‘liq bahramand bo‘lolmaysan, deb o‘yladim", - debdi.

Diqqat savol: U do‘stiga nima olib kelgan?

Javobni Zafar Rahimov beradi: Ko‘zoynak olib kelishgan.

To‘g‘ri javob: Ko‘zgu.

Hisob: 0:3

Savol muallifi Abbos Yunusov 3 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi!

4-raund. Savol muallifi: Pardavoy Umrzoqov, Sirdaryo, Oqoltin tumani.

Boshlovchi: Amsterdam aholisi boshqa davlatlar singari II jahon urushidan ko‘p aziyat chekkan. Nemislar shaharni rosa talon-toroj qilishgan va ko‘p moddiy zarar yetkazishgan. Ammo shahardan olib chiqib ketilgan ulardan aholi ham moddiy ham ma’naviy zarar ko‘rishgan.

Diqqat savol: Nemislar Amsterdamdan nimalarni olib chiqib ketishgan?

Javobni Sardor Ahmedov beradi: Bizning fikrimizcha, san’at asarlarini olib chiqib ketishgan.

To‘g‘ri javob: Ularning faxri bo‘lgan velosipedlarini olib chiqib ketishgan.

Hisob: 0:4

Savol muallifi Pardavoy Umrzoqov 4 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi!

5-raund. Savol muallifi: Munira Ziyomuhammedova, Toshkent shahri.

Boshlovchi: Tokiodagi "Piala Ins" kompaniyasi ayrim xodimlariga qo‘shimcha olti kun ta’til beriladi. Bu ish adolat qaror topishi uchun qilinadi.

Diqqat savol: Nima uchun olti kunlik ta’til beriladi?

Jamoa muddatidan oldin javob beradi.

Javobni Umid Valiyev beradi: Chekmaydigan insonlarga olti kunlik ta’til beriladi.

Jamoa to‘g‘ri javob berdi.

Hisob: 1:4

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

6-raund. Savol muallifi: Abdurahmon Muhammedov, Andijon shahri.

Boshlovchi: Marhamat, ekranga qarang. Temiryo‘ldagi svetoforlar surati. Svetoforlarga negadir uzun soyabonlar o‘rnatishadi. Bu odat XX asrda paydo bo‘lgan.

Diqqat savol: Poyezd svetoforlariga bunday uzun soyabonlar o‘rnatish qachon boshlangan? Aniq sababi bilan ayting.

Javobni Sardor Ahmedov beradi: Soyabonlar judayam uzun. Agar yomg‘irdan himoya qilmoqchi bo‘lganda kaltaroq qilsa ham bo‘lardi. Ikkinchi jahon urushida temiryo‘llarni samolyotlar bilan bombardimon qilish rosa avjida bo‘lgan. Buning uchun svetoforning chirog‘iga qarashgan. Shuning oldini olish uchun qilingan.

To‘g‘ri javob: Ikkinchi jahon urushi paytida bo‘lgan bu temiryo‘llarni bombardimon qilish rosa avj oladi. Temiryo‘llarni aniqlashda svetofor chirog‘idan foydalanishgan. Agar u to‘silgan bo‘lsa yorug‘i ko‘rinmagan.

Hisob: 2:4

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

7-raund. Savol muallifi: Adham Qo‘ziboyev, Samarqand, Nurobod tumani.

Boshlovchi: Azaldan yahudiylar bolalariga skripka chalishni o‘rgatishadi. Royal, violonchel, arfa kabi musiqa asboblarini chalishni juda yaxshi eplasa, boshqa musiqa asboblarini chalishni o‘rganib olaversin. Ammo skripkani har bir yahudiy bolasi chalishni bilishi kerak, deyishadi.

Diqqat savol: Nima uchun aynan skripka chalishni o‘rgatishgan?

Javobni Umid Valiyev beradi: Balki, skripka orqali yahudiylar o‘z farzandlarida tabiiy qobiliyatni erta rivojlantirishga harakat qilishgan.

To‘g‘ri javob: Ular skripka chalishni hunar deyishadi. Ya’ni skripka chalish orqali ko‘cha-ko‘yda kuy chalib, kunini ko‘rib ketadi, deb hisoblashgan.

Hisob: 2:5

Savol muallifi Adham Qo‘ziboyev 5 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

8-raund. Savol muallifi: Abdulvohid Ahmedov, Andijon shahri.

Boshlovchi: Yaponlarda qahva ichishga ko‘nikish uzoq muddat davom etgan. Chunki, ular choyga sadoqatli bo‘lgan. Qahvaning mazasini tushunmagan ham, qabul ham qilmagan. Shunda bir mashhur qahva kompaniyasi uzoq yillik tajribani amalga oshirgan. Buning uchun kompaniya bog‘cha va maktablarda o‘z tajribasini boshlaydi.

Diqqat savol: Kompaniya odamlarni qahvaga o‘rgatish uchun aynan nima ish qilgan?

Javobni Suxrob Sharipov beradi: Fikrimizcha, kofe mazasini aholi o‘rtasida ommalashtirish uchun dastlab kofe ta’mini beruvchi saqichlarni tekin tarqatishgan.

To‘g‘ri javob: Ayyor kompaniya xodimlari konfetlarni kofe ta’mi keladigan qilib, keng qamrovli sotuvi orqali millatga kofe ta’mini o‘rgatishni maqsad qiladi.

Hisob: 3:5

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

9-raund. Savol muallifi: Umirbek Otajonov, Xorazm.

Boshlovchi: Xivada juda ko‘p minoralar qurilgan. Ularni qurish, ayniqsa, tepa qismini qurishda maxsus havozalar yordam bergan.

Diqqat savol: Maxsus havozalar qanday ko‘rinishda bo‘lgan?

Jamoa klub yordami va qo‘shimcha vaqtdan foydalandi.

Javobni Umid Valiyev beradi: Atroflari yopilgan ko‘rinishda bo‘ladi. Tepa qismi ochiq bo‘ladi.

To‘g‘ri javob: Urg‘uni balandga berdim. Yuqorida ishlasa, bosh aylanishi va ko‘z tinishi kuzatiladi. Agarda tepadan pastni ko‘rmasa, bu holat bo‘lmaydi. Shuning uchun uning tepasini xuddi uychadek qilib atroflarini o‘rab qo‘yishadi-da, mana shuning ustiga chiqib ishlashadi. Usta na pastni, na yonni ko‘ra oladi. Faqat ishlaydigan joyini ko‘rgan. Bu Xiva ustalarining usuli.

Hisob: 4:5

Bilimdonlar jamoasi 1 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

10-raund. Savol muallifi: Samandar Temirov, Nurobod tumani.

Boshlovchi: Xurshid Do‘stmuhammadning "Bozor" romanidan parcha: U uzoqdagi narsa emas, har bir insonga cho‘ntagidagi pullardan-da yaqin. Pul qo‘lning kiri. Pulda vafo yo‘q. Unda esa vafo bor. U har qanday insonga hamnafas bo‘lib yuroladi ammo bir marta oqibat ko‘rsatadi.

Diqqat savol: Asar nomidan kelib chiqib, u nimaligini toping.

Javobni Sardor Ahmedov beradi: Bu asar qachongi bozorni tasvirlayotganligini bilmadik. Hozirgi bozormi yoki XIX asrdagimi. Pul yaqin bo‘lsa u puldanam yaqin. Bir marta oqibat ko‘rsatadigan bo‘lsa bu baraka.

To‘g‘ri javob: U haqiqatan ham vafodor, yurib yurib bir marta oqibat ko‘rsatadi. O‘zi hayotni bozorga o‘xshatishadi. Qo‘shiq ham bor. Dunyoga keldim bozorga bordim-u, mato oldim-u, uyga bordim-u, ketdim degan. Bu savolning javobi o‘lim edi. Aynan o‘limni bozorga qiyos qilishda falsafiy ma’no bor.

Hisob: 4:6

Savol muallifi Samandar Temirov 6 million so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi!

Eng yaxshi savol muallifi - Umrbek Otajonov, Minoralarni qurishda ishlatiladigan havozalar haqidagi savoli uchun qo‘shimcha 5 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

O‘yinning eng faol bilimdoni - Umid Valiyev.

Umid Valiyev 5 mln so‘m pul mukofotini qo‘lga kiritdi.

Mavzuga oid