Donor davlatlar suriyaliklarga yordam berish uchun yana 7,5 mlrd yevro ajratadi
Donor davlatlar Bryusseldagi anjumanda fuqarolik urushi va tabiiy ofatlardan jabr ko‘rgan suriyaliklarga yordam berish uchun yana 7,5 milliard yevro ajratishga kelishib oldi.
Donor davlatlar 27 may, dushanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan anjumanda Suriya xalqi va qo‘shni davlatlardagi suriyalik qochqinlarga yordam berish uchun yana 7,5 milliard yevro ajratishga kelishib oldi. 2024 yilda 3,8 milliard yevro grant shaklida, yana 1,2 milliard yevro keyinroq ajratiladi. 2,5 milliard yevro kredit shaklida beriladi, deya xabar qilmoqda Associated Press.
Germaniya bu summadan 1,053 milliard yevroni ajratadi, dedi Germaniya tashqi ishlar vazirligi davlat vaziri Tobias Lindner anjumanda. Bu pullar, jumladan, 2023 yil fevralida mintaqada yuz bergan va 59 ming kishi, jumladan, Suriyada 6 ming kishi halok bo‘lgan dahshatli zilzila oqibatlarini bartaraf etishga sarflanadi.
Suriyada fuqarolik urushi 2011 yilda boshlangan. Janglarda 500 mingga yaqin odam halok bo‘lgan, 23 millionlik mamlakat aholisining yarmiga yaqini uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. Hozirda qo‘shni Turkiya, Livan va Iordaniyada 5,7 million suriyalik qochqin bor. Bashar Asad rejimi va uning muxoliflari o‘rtasidagi mojaroning mamlakat ichidagi siyosiy yechim istiqboli hali ko‘rinmayapti.
2023 yilda Bryusseldagi donorlar konferensiyasida suriyaliklar uchun 5,6 milliard yevro yig‘ilgan.
Germaniya qochqinlarni Suriyaga majburan qaytarishga qarshi
Yaqinda Yevropa Ittifoqining sakkiz mamlakati – Avstriya, Gretsiya, Daniya, Italiya, Kipr, Malta, Polsha va Chexiya Suriyadagi vaziyatni qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Ularning fikriga ko‘ra, mamlakatda «to‘liq siyosiy barqarorlik» hali «qo‘lga kiritilmagan» bo‘lsa-da, Suriyaning ayrim hududlari u yerga qochqinlar qaytishi uchun allaqachon xavfsiz deb hisoblanishi mumkin. Bu g‘oyani Livan hukumati qo‘llab-quvvatlamoqda, u yerda Suriyadan 780 mingga yaqin qochqin kichik hududda istiqomat qiladi.
Biroq xalqaro gumanitar tashkilotlar, masalan, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi suriyalik qochqinlarning ommaviy qaytishi uchun hozircha sharoit yo‘q, deb hisoblaydi. Lindner, shuningdek, Bryusseldagi anjumanda Germaniya hukumati mamlakatdan qochgan suriyaliklarni vataniga majburan jo‘natishga qarshi ekanini aytdi. «Biz aniq aytishimiz kerak: Suriyaga qaytish mamlakatdagi vaziyat xavfsiz bo‘lgandagina mumkin bo‘ladi va faqat ixtiyoriy asosda amalga oshirilishi mumkin», — deya uning so‘zlarini keltiradi dpa.
Mavzuga oid
09:15 / 12.11.2024
AQSh Suriyada eronparast guruhlar obektlariga zarba berdi
13:00 / 19.10.2024
G‘azoga 3 oy ichida birinchi marta havodan gumanitar yordam tashlandi
15:50 / 17.10.2024
RF HKK Suriyaning Idlibidagi 27 ta nishonga zarba berdi
11:30 / 01.10.2024