O‘zbekiston | 16:31 / 20.09.2023
29957
7 daqiqa o‘qiladi

«Yana 3-4 kun» – mas’ullar un narxi tez orada pastlashini aytib, mahsulotni keragidan ortiq sotib olmaslikka chaqirdi

Un narxining keskin ko‘tarilishi masalasi bir necha kundan buyon O‘zbekistonda keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. 

Bunda narx ko‘tarilishi birinchi navbatda Qozog‘istondan import qilinadigan un narxida sezildi. Jumladan, kuzatuvlarimizga ko‘ra, qozoq unining bir qopi 250 mingdan sotilgan bo‘lsa, bugungi kunda uning narxi 430-450 ming so‘mni tashkil qilyapti. 

Shuningdek, narxning keskin ko‘tarilishi Qozog‘istonda yetishtirilgan va O‘zbekistonda qayta ishlangan un narxida ham kuzatilgan. Jumladan, shunday unning bir qopi bozorda 175 mingdan 250-260 ming so‘mgacha oshgan.

O‘zbekistonliklar dasturxonidagi asosiy iste’mol mahsuloti nonn narxining qisqa vaqt ichida keskin oshishi ko‘pchilikning xavotir va savollariga sabab bo‘larkan, Kun.uz muxbiri sohaga mas’ul bir necha vazirlik va kompaniya vakillarini intervyu stoli atrofida to‘pladi. 

Intervyu mehmonlari – Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i Zafar Ortiqov, Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi direktori Abdurashid Isroilov va “O‘zdonmahsulot” AK boshqarma boshlig‘i Sherali Donayev bo‘ldi.

— Bugun sizlar un narxining deyarli ikki barobar oshib ketishiga tushuntirish, ma’lum izohlarni berasizlar, lekin aniq, konkret gap shuki, bu narx oshishi odamlarga, iste’molchilarga katta yuk, tashvish bo‘lib tushdi.

Ha, biz bunga qadar ham narx oshishiga rasmiy, norasmiy bo‘lsin, turli izohlarni eshitdik. Keling, bugun shu masalaga aniq va to‘liq qilib javob olsakki, un, don narxi nega oshdi?

Zafar Ortiqov: 

— Un narxi oshishini juda bir vahimali talqin qilish noto‘g‘ri deb bilaman. Biz mustaqillik davridan boshlab don mustaqilligiga erishganmiz. 

Bugun bir kishi uchun yiliga 154 kg bug‘doy iste’moli to‘g‘ri keladi, deb olsak, bu degani 36 mln insonga yiliga 5 yarim milliondan ko‘proq g‘alla yetishtirish kerak. Bizda esa 2023 yilda 8 mln tonnadan ortiq bug‘doy yetishtirildi.

Vatandoshlarimiz Qozog‘iston unini o‘zimizning unga aralashtirib non yopadi. Shuning uchun qo‘shnilarimizning uniga ehtiyojimiz bor. Lekin Qozog‘istonda bu yil yog‘ingarchilik tufayli bug‘doy yig‘imi qiyin bo‘ldi. Bu esa narx belgilanishini cho‘zib yubordi. Shuning uchun narx ko‘tarilishi yuz berdi. 

Sherali Donayev:

 — Qozog‘istonda har yili narxni oziq-ovqat korporatsiyasi belgilaydi. Va o‘sha narxdan kelib chiqib tadbirkorlar tomonidan taklif, narxlar shakllantiriladi. Bu yilgi hosil yig‘imlari qiyin bo‘lgani uchun narx belgilanishi orqaga surildi. Shuning uchun tadbirkorlar taklif narxlarni shakllantirolmay, sotuv to‘xtab qolyapti, bu esa bizdagi narxlar oshishiga sabab bo‘lmoqda. Hozirgi narxlar o‘tish davridagi barqaror bo‘lmagan narx. Qozog‘istonda narx belgilanishi bilan sotuv yo‘lga tushadi. 

— Narx oshishi o‘zbek uni narxida ham sezildi. O‘zbekistonda 8 mln tonnadan ortiq bug‘doy yetishtirilgan, zaxiralar to‘la deyilayotgan paytda buni qanday tushunish mumkin? 

Sherali Donayev: 

— Bizda don mahsulotlarida erkin bozor mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan. Bug‘doy va un mahsulotlari birja orqali sotilyapti, u hukumat tomonidan belgilanmaydi. O‘tgan 3-4 kunda ham birjada mahsulot hajmi o‘zgargani yo‘q. Lekin Qozog‘iston bug‘doyi narxi oshgani uchun sun’iy narx oshirish paydo bo‘lyapti. Ya’ni boshlang‘ich birja narxlari deyarli oshmayapti, oshgan bo‘lsa, 4 foiz oshgan. 

Abdurashid Isroilov: 

— O‘zbekiston bug‘doyida keskin o‘zgarish sezilgani yo‘q. Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi qoshida maxsus fond tashkil etilgan. Bu fond davlat zaxirasi uchun 1,2 mln tonna bug‘doy sotib olgan. 2022 yil hosilidan birjada ham sotdik. Bugungi kunda umumiy 2,1 mln tonna zaxiramiz bor. Hozirgi vaziyatda Qozog‘iston tomonidan narx belgilanmagani uchun shunday bo‘lyapti. 

Davlat zaxirasidagi bug‘doyni birjaga chiqarib narxga ta’sir qilib bo‘lmaydi bu holatda, chunki oluvchi yo‘q, o‘sha-o‘sha hajmda sotuv bo‘lyapti. Birjaga kuniga 60-70 ming tonna bug‘doy qo‘yilyapti va shundan faqat 20-22 ming tonna don sotilyapti. Bu yerda narx oshishiga sabab uni o‘rtadagi ba’zi tadbirkorlar yolg‘on xavotirlar uyg‘otish orqali sun’iy oshirmoqda. Bizda bug‘doy yetarli, zaxira ham bor, narx oshirilishiga sabab yo‘q umuman. 

— Aytishlaringiz bo‘yicha, narxni manfaatdor bo‘lgan noma’lum tadbirkorlar amalga oshirayotgan ekan, uni qanday tushirish mumkin?

Odamlar hozir nima qilishi kerakligini aniq va sodda qilib tushuntirib bersangiz. Xo‘sh, ular nima qilsin, bir hafta non yemasinmi, diyeta qilsinmi?

Sherali Donayev: 

— Xalqimiz narx osharkan desa, bitta oladigan narsani ikkita oladi. Bozorda mahsulot to‘la, shuning uchun faqat bugungi ehtiyoj uchun xarid qilishsin. Shunda talab ko‘p bo‘lmaydi va narxlar joyiga tushadi. Boshqa bir davlatdagi ishni deb o‘zimizdagi narxlarni bunday oshirish kerakmas. Xalqimizga to‘g‘ri yetkaza olishimiz lozim, bizda mahsulot yetarli. Shuning uchun faqat o‘ziga yetarlisini olsin odamlar.

Abdurashid Isroilov: 

— Rostdan bizda zaxiralar yetarli darajada. Odamlar ertangi kunga deb qo‘shimcha olishlariga hojat yo‘q. Bozordagi feyk xabarlarga qarshi to‘g‘ri ma’lumot bilan kurashish kerak. Ba’zi tadbirkorlarning foydasi ko‘paygani qoladi, vahima qilmaslik kerak shuning uchun. Birjadagi bug‘doy ham, unlar ham yetarli. Bir necha kun ortiqcha sotib olishni to‘xtatsa odamlar, narxlar joyiga tushadi. Bozorda turgan mahsulotlar yetarli, faqat Qozog‘istondagi narx vaji bilan ko‘tarib olishyapti biznikilar ham. 

• Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov,
Montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov.

Mavzuga oid