17:20 / 29.01.2020
0
26514

Koronavirus: Aviakompaniyalar Xitoyga parvozlarni bekor qilmoqda

Britaniyaning British Airways aviakompaniyasi 29 yanvar kuni koronavirus tufayli Xitoyga barcha parvozlar bekor qilinishini e'lon qildi.

Foto: PA MEDIA

«Biz yo‘lovchilarimizdan keltirilgan noqulaylik uchun uzr so‘raymiz, ammo yo‘lovchilar va parvozlar xavfsizligi biz uchun ustuvor hisoblanadi», deyiladi aviakompaniya bayonotida.

Ayni vaqtda aviakompaniya saytida Xitoyga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar uchun chiptalarni buyurtma qilib bo‘lmaydi. Bunga qadar aviatashuvchi Pekin, Shanxay va Guanchjouga doimiy reyslarni (dastlabki ikkisi har kuni) amalga oshirib kelmoqda edi.

Reuters agentligining yozishicha, xususan, dunyoning eng yirik aviakompaniyalaridan biri bo‘lgan United Airlines 1 fevraldan 8 fevralgacha AQShdan Pekin, Hongkong va Shanxayga 24ta reysni bekor qildi.  Gruziya Xitoy bilan aviaaloqani 29 martgacha to‘xtatishga qaror qildi. Janubiy Koreyaning Air Seoul loukosteri ham xuddi shunday yo‘l tutdi, Tayvanning China Airlines kompaniyasi esa 10 fevralgacha bir nechta reysni bekor qildi. Air Canada Xitoyga har haftada bo‘ladigan 33ta reysdan ayrimlari bekor qilinganini xabar qildi, Germaniyaning Lufthansa kompaniyasi ham bu yo‘nalishga parvozlar kamayganini bildirdi. Shuningdek, Scoot (Singapur loukosteri) va AisAsia (Malayziya) ham Xitoyga reyslarni bekor qildi.

Britaniya TIV shu kunlarda qirollik fuqarolariga Xitoyga bormaslikni tavsiya etgandi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, bu yerda tarqalgan koronavirusni yuqtirib olish oqibatida halok bo‘lganlar soni 132 nafarga yetgan, yana 6 ming kishi virusdan zararlangan.

Turli davlatlarning hukumatlari ayni vaqtda virus o‘chog‘i bo‘lgan Xubey provinsiyasida qolayotgan fuqarolarini olib ketish uchun harakat qilmoqda.

Britaniya TIV ma'lumotiga ko‘ra, ayni vaqtda Uxanda va uning atrofidagi hududlarda 300 nafardan ortiq britaniyalik bor. Ular vatanga evakuatsiya qilinib, ikki hafta davomida karantin hududida saqlanishi rejalashtirilgan.

Avstraliya ham Xitoydan 600 nafar fuqarosini qaytarmoqda, mamlakat hukumati ularni Hind okeanidagi Rojdestvo orolida (Avstraliya qirg‘oqlaridan 1500 km masofada) alohida joylashtirmoqchi.

Shuningdek, Yaponiya, AQSh va Yevropa Ittifoqining ko‘plab mamlakatlari Uxandagi fuqarolarini olib ketish uchun harakat qilmoqda.

O‘zbekiston hukumatining Uxandagi o‘zbekistonliklarni olib chiqib ketish bo‘yicha murojaati Xitoy hukumati tomonidan rad etilgan.

Biroz avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat fuqarolarini Xitoyga borishdan tiyilishga chaqirgandi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top