O‘zbekiston | 17:40 / 14.10.2019
105784
2 daqiqa o‘qiladi

«AVTO 60 OY» MChJga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Uning faoliyatida moliyaviy piramida mavjudligi gumon qilinmoqda

Foto: IIV matbuot xizmati

Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti «Avto oltmish oy» MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi 1-qismi, ya'ni pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyatini tekshirish maqsadida jinoyat ishi qo‘zg‘atdi.

«UzAuto Motors» kompaniyasining Ichki ishlar vazirligiga yo‘llagan murojaati yuzasidan vazirlik huzuridagi Tergov departamenti tomonidan «Avto oltmish oy» mas'uliyati cheklangan jamiyatining mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi 1-qismi, ya'ni pul mablag‘larini va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyatini tekshirish maqsadida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti tomonidan Kun.uz’ga berilgan ma'lumotda.

Jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari davomida fuqarolarning mol-mulkini jinoiy tajovuzdan himoyalash va «Avto oltmish oy» mas'uliyati cheklangan jamiyatining faoliyati shaffofligini o‘rganish maqsadida, moliya-xo‘jalik faoliyati hujjatli taftishni o‘tkazish yo‘li bilan tekshiriladi.

Ayni vaqtda «Avto oltmish oy» mas'uliyati cheklangan jamiyatining bosh ofisi va viloyatlardagi filiallarida mavjud buxgalteriya hujjatlarini aniqlab olish maqsadida tergov guruhlari tomonidan tintuv tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Shu bilan birga, tadbirkorlik sub'yektining nazorat kirim-chiqim operatsiyalari nazoratga olinadi, lekin faoliyati to‘xtatib qo‘yilmaydi.

Taftish yakuniga ko‘ra, mazkur jamiyat mansabdor shaxslari va boshqalarning harakatlariga huquqiy baho berilib, jinoyat ishi bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinadi.

Mavzuga oid