Jahon | 21:00 / 20.09.2023
13995
7 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: asosiy harbiy harakatlar yana Baxmut atrofiga ko‘chgan

Ukraina qurolli kuchlari Baxmutdan janubda ikki qishloqni egalladi, ular uchun janglar bir necha oydan buyon olib borilayotgandi. Ammo ukrainlar Baxmutning o‘zini ozod etishdan hali uzoqda.

Foto: Getty Images

Bir necha oylik janglardan keyin ukrain armiyasi Baxmutdan janubdagi ikki qishloq — Kleshchiyevka va Andriyivkani ozod etishdi. Rossiya qo‘shini bu qishloqlarni tashlab chiqishi vaqt masalasi bo‘lib turgandi: Ukraina qurolli kuchlari yozdayoq ulardan g‘arbda joylashgan tepaliklardagi pozitsiyalarni egallagan, shundan keyin ruslar pastlikda mudofaalanishi deyarli imkonsiz edi. Ammo RF QK yana bir necha hafta davomida pozitsiyalarni ushlab turishdi — ukrain armiyasi ikki aholi yashash punktini egallash uchun qat’iy shturm harakatlari boshlamaguncha.

Baxmut

Rossiya mudofaasini yorib o‘tish ro‘y bermadi: RF QK shunchaki Baxmut — Horlivka temiryo‘li ortiga chekindi. Endi Ukraina QK yana bir qancha chiziqlardan o‘tishi talab etiladi: birinchisi aynan temiryo‘l bo‘ylab o‘tgan, ikkinchisi — sharqdagi tepaliklarda, uchinchisi — yanada sharqroqda, Baxmut — Horlivka avtomobil yo‘li orqali o‘tadi. Rossiyaning Baxmutdagi guruhining asosiy ta’minot liniyasi esa (Popasnaya — Baxmut yo‘li) umuman shaharning qarama-qarshi tomonidan, sharq tomon ancha ichkarida joylashgan. Ya’ni bu ikki qishloqni ozod etish Ukraina QKning Baxmutdagi muvaffaqiyati uchun zarur, ammo yetarli shart emas.

1. Ukraina QK Baxmutning shimoliy qanotida yurishini qaytadan boshlagan va Baxmut-Slovyansk trassasiga chiqishga urinmoqda
2. Ukraina QK bir necha oylik janglardan keyin Baxmut fronti janubidagi Kleshchiyevka va Andriyivkani ozod etgan: rossiyalik harbiylar temiryo‘l ortidagi navbatdagi chiziqqa chekingan.
  • Janubdagi Ukraina kuchlari Baxmutga darhol hujum qila olmaydi yoki Baxmut — Horlivka yo‘liga yetib bora olmaydi. Ular buning uchun Rossiyaning qanotlardagi — Kurdyumovka va Ozaryanovkadagi kuchlarini bartaraf etishi kerak. Buning uchun esa Kleshchiyevka va Andriyivkani ozod etish uchun ketganchalik vaqt va resurslar talab etiladi.
  • Ukraina QK Baxmutdan shimoldagi yurishini ham faollashtirishga urinmoqda (rossiyaliklar bu yo‘nalishdagi hujumlarni yozdayoq to‘xtatib qo‘ygandi; qolaversa, RF QK qarshi hujumga o‘tgan va ukrain bo‘linmalarini Berxovkadan chekintirgandi). Endi ukrain qo‘shini Baxmut — Slovyansk trassasi bo‘ylab hujum qilmoqda. Ammo hozircha bu uchastkada sezilarli yutuqlar yo‘q. Katta ehtimol bilan, Baxmut frontida shimoliy qanotda Rossiya mudofaasini yorib o‘tmasdan, amaliyotning umumiy muvaffaqiyatiga erishib bo‘lmaydi.
  • Baxmut frontidagi asosiy muammo shundaki, hatto muvaffaqiyatli olg‘a siljish ham Ukraina qurolli kuchlariga strategik foyda va’da qilmaydi: bu harbiy harakatlar teatri janubda Horlivka va Debalsevo shaharlari bilan chetlari bilan cheklanadi, shimol va sharqda — Shimoliy Don daryosi bilan. RF QK bu yerda Rostov oblastidagi ichki bazalarga tayanadigan yaxshi rivojlangan logistika tizimiga ega. Shu tariqa, hatto Baxmut ozod etilishi ham frontdagi vaziyat radikal o‘zgarishiga olib kelmaydi — bu faqat Zaporijjya oblastida, Orexiv yoki Velika Novosilka yo‘nalishlarida front chizig‘i yorib o‘tilgan taqdirda bo‘lishi mumkin.

Velika Novosilka yo‘nalishi

  • Ukraina qurolli kuchlarining Velika Novosilka yo‘nalishida Mokriye Yali daryosi bo‘ylab qilayotgan yurishi avgust oyida Urojayne qishlog‘i ozod etilishi bilan to‘xtab qolgan. Yanada olg‘a siljish uchun qanotlarni xavfsiz qilish talab etiladi, Ukraina QK esa buni zaxira kuchlarni ishga solmasdan amalga oshira olmaydi: ukrain qo‘shini sentabr oyi boshidagi hujumlardan keyin g‘arbiy qanotdagi Priyutneni ozod qila olmadi, oy o‘rtalariga kelib Urojaynedan sharq tomonga hujum boshladi. Ammo Novodonetske va Novomayorske qishloqlariga hujumlar ham muvaffaqiyatli chiqmadi: Ukraina QK ushbu qishloqlar chekkalarida o‘rnashib qola olmadi va ko‘p miqdorda texnikalaridan ayrildi.
Ukraina QK Velika Novosilka frontining sharqiy qanotidagi Novomayorske qishlog‘iga yorib kirishga urindi. Yurish qishloq chekkalarida to‘xtatilgan, Ukraina QK dengiz piyodalari bo‘linmasi ko‘p miqdorda texnikalarini yo‘qotgan.
  • Ukraina guruhiga bu uchastkada qat’iy yorib o‘tish uchun kuch yetishmayapti, Ukraina QK zaxiralari esa asosan Orixiv yo‘nalishi foydasiga taqsimlangan. Ammo Ukraina qo‘mondonligi Velika Novosilka yo‘nalishidagi yurishlarni ham to‘xtatib qo‘ya olmaydi.

Orexiv yo‘nalishi

  • Katta ehtimol bilan, Ukraina qo‘mondonligi rejalarida Orixivdan janubda yurish qilish hamon asosiy zarba sifatida ko‘riladi. Avgustda bu yerga bir qancha yangi brigadalar tashlangan, natijada Rabotine qishlog‘i ozod etilib, Verbove qishlog‘i chekkalariga yorib o‘tilgandi. Ammo bu vaqtga kelib uchastkaga Rossiyaliklar ham o‘z zaxiralarini olib kelishdi — asosan havo-desant kuchlarining ikkita diviziyasini. Shundan buyon raqiblar Rabotinedan janubda va Rabotine — Verbove chekkalarida pozitsiyalar uchun mashaqqatli janglar olib bormoqda.
  • Ko‘rinib turibdiki, ukrain qo‘mondonligi kampaniyaning birinchi navbatdagi maqsadi — Tokmak shahriga yetib borish uchun ushbu hududda yangi zarba berishni rejalashtirmoqda. Bu esa boshqa yo‘nalishlardan yangi zaxira kuchlarni olib kelishni talab etadi.
  • Shu bilan birga, Rossiya qo‘mondonligi ham bu yo‘nalishga qo‘shimcha zaxiralar tashlashini kutish mumkin. Hozircha RF QK ukrainlarning Tokmakka yurishini to‘xtata olmayapti. Bunga passiv strategiya imkon bermayapti: qo‘shinlar bir chiziqdan boshqasiga olib o‘tilmoqda, ba’zida qarshi hujum qilishga urinmoqda, ammo keyin yangi ukrain qismlari bosimi ostida yana chekinishga majbur bo‘lmoqda; zaxiralar holdan toygan qo‘shinlar olib ketilishi va rotatsiya qilinishi tufayli mudofaada hosil bo‘ladigan «teshiklarni yopish» uchun ishlatilmoqda.
  • Shunday bo‘lsa ham, Rossiya qo‘mondonligi ukrainlarning o‘z mudofaasiga 10 kilometrga kirib kelgan tor «xanjari»ga qanotlardan qarshi hujumlar tashkil etish uchun zaxiralarning navbatdagi partiyasidan faolroq foydalanishga harakat qilishi mumkin.

Mavzuga oid