Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Angliyada poyezdda pichoq bilan hujum uyushtirildi
Angliyaning Kembrijshir grafligida yo‘lovchi poyezdida pichoq bilan hujum uyushtirildi, 11 kishi jarohatlandi, ulardan ikki nafari og‘ir ahvolda qolmoqda. Ikki kishi mazkur hujumga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingan.
Foto: JUSTIN TALLIS/AFP
Hujum shanba kuni kechqurun Kembrijshir grafligi hududida, Angliya shimoli-sharqidagi Donkaster shahridan Londondagi Kings-Kross vokzaliga kelayotgan poyezdda sodir bo‘lgan.
Poyezd yo‘lovchilari politsiya va favqulodda xizmatlarga qo‘ng‘iroq qilib, hujum haqida xabar bergan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, kamida bir kishi pichoq bilan qurollanan holda poyezd yo‘lovchilariga hamla qilgan.
Hodisa haqida ma’lum bo‘lgach, ko‘p sonli politsiyachilar va favqulodda vaziyatlar xodimlari Kembrijshirdagi Hantington stansiyasiga yetib kelishgan, poyezd shu yerda rejadan tashqari to‘xtashni amalga oshirgandi.
Qurollangan politsiyachilar poyezdda ikki kishini hujumga aloqadorlikda gumon qilib qo‘lga olgan.
Yakshanba kuni tushdan keyin politsiya hibsga olinganlarning ikkalasi ham Britaniya fuqarolari ekanini aniqladi. Ulardan biri 32 yoshli qora tanli britaniyalik, ikkinchisi kelib chiqishiga ko‘ra Karib dengizi havzasiga mansub bo‘lgan 35 yoshli erkak. Ularning ikkisi ham Britaniyada tug‘ilgan. Ularning shaxsi ochiqlanmagan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida jami 11 nafar yo‘lovchi jabrlangan. Dastlab shifoxonada hayot uchun xavfli bo‘lgan jarohatlar bilan to‘qqiz kishi yotqizilgani xabar qilingandi. Aniqlik kiritilishicha, ulardan to‘rt nafari allaqachon kasalxonadan chiqarilgan, ammo ikki nafar jabrlanuvchining ahvoli og‘irligicha qolmoqda. Yaradorlarning ismlari ham aytilmayapti.
Yakshanba kuni ertalab Hantington bekati yopiq edi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, hujum sodir etilgan poyezd platformada qolmoqda, politsiya voqea joyida ishlashda davom etmoqda.
Ushbu hududda poyezdlar harakati qisman kechiktirilgan, ayrim reyslar bekor qilingan, odamlar yakshanba kuni iloji boricha sayohat qilmaslikka chaqirilgan. Shuningdek, avtotransport vositalari harakatiga bir qator cheklovlar saqlanib qolmoqda.

Guvohlar nima deydi?
Hujum paytida nima bo‘lgani tafsilotlari kelib tushmoqda.
Hodisa vaqtida poyezdda bo‘lgan Olli Fosterning aytishicha, yo‘lovchilar vahimaga tushgan, qonga belangan qurbonlar esa qichqirgan va yordam so‘ragan.
Foster BBC muxbiri bilan suhbatda dastlab «Qochinglar, qochinglar, u yerda bir yigit hammani pichoqlamoqda» degan qichqiriqlarni eshitgani va bu o‘tgan tunda nishonlangan Hellouin bayramidan keyingi o‘yinga o‘xshashi haqida o‘ylaganini aytdi.
Bir necha daqiqadan so‘ng odamlar vagon oralab o‘ta boshlashgan va Foster uning qo‘li «butunlay qonga bo‘yalgani»ni payqagan, chunki bu vaqtda u tayanib turgan «o‘rindiqning hamma joyi qonga bo‘yalgandi».
Fosterning so‘zlariga ko‘ra, keksa yoshli erkak hujumdan himoya qilish uchun bir qizni gavdasi bilan to‘sib turgan, biroq o‘zi boshi va bo‘ynidan jarohat olgan. Uning atrofidagi yo‘lovchilar qon ketishini to‘xtatish uchun kurtkalardan foydalanishgan.
Bularning barchasi bor-yo‘g‘i 10-15 daqiqa davom etgan bo‘lsa-da, Fosterning aytishicha, voqea «mangulikdek tuyulgan».

Britaniya transport politsiyasi BBC’ga dastlab politsiya va favqulodda xizmatlar «ommaviy terrorchilik hujumi»ga reaksiya ko‘rsatishda qo‘llanadigan «Plato» kod so‘zidan foydalanganini tasdiqladi. Keyinchalik ushbu kod so‘zidan foydalanish bekor qilindi, deb xabar bermoqda BBC’ning ichki siyosat masalalari bo‘yicha muxbiri Deniyel Sendford.
Yakshanba kuni tushdan keyin transport politsiyasi vakili teraktga ishora qiladigan hech narsa yo‘qligini aytdi.
Huquq-tartibot idoralari vakili ham sodir bo‘lgan voqea yoki hujum qilgan shaxsning motivlari haqida biror taxminni ilgari surishga hali ertaligini aytdi.
Ichki ishlar vaziri Shabana Mahmud tergov jarayoni haqida muntazam ravishda ma’lumot olib turishini bildirdi va «ushbu dastlabki bosqichda izoh berish va spekulyatsiya qilishdan tiyilish»ga chaqirdi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Kembrijshirda sodir bo‘lgan voqeani «chuqur xavotir» uyg‘otuvchi «dahshatli hodisa» deb atadi.