Jahon | 21:17 / 25.04.2021
13523
5 daqiqa o‘qiladi

Chexiya prezidenti: Vrbetitsedagi portlash bo‘yicha ikki versiya o‘rganilmoqda

Chexiya prezidenti Milosh Zeman mamlakatning kontrrazvedka xizmati taqdim qilgan hisobotda Rossiya va Chexiya o‘rtasidagi mojaroga sabab bo‘lgan Vrbetitse qishlog‘ida joylashgan o‘q-dori omboridagi portlashga rossiyalik agentlarning aloqadorligini isbotlovchi ma'lumotlar yo‘qligini ma'lum qildi.

Foto: Getty Images

Uning ta'kidlashicha, portlashning ikkita asosiy versiyasi o‘rganilmoqda. Ulardan biriga ko‘ra, hodisaga xorijiy maxsus xizmatlar aloqador bo‘lishi mumkin; ikkinchisiga ko‘ra, o‘q-dorilarga ehtiyotsizlik bilan muomalada bo‘lish oqibatida baxsiz hodisa yuz bergan.

Zeman ombordagi portlashlar bo‘yicha biror xulosaga kelishdan oldin tergov natijalarini kutishga chaqirgan va bu bilan bog‘liq axborot maxfiylashtirilmasligini ma'lum qilgan.

Uning ta'kidlashicha, Chexiya xavfsizlik va axborot xizmati (BIS) hisobotiga ko‘ra, rossiyalik agentlar portlash vaqtida Vrbetitseda bo‘lganining isboti yo‘q.

«Biroq bu ularni gumon qilish nojiddiy ekanini anglatmaydi. Biror bir mustaqil davlat uning hududida xorijiy davlatning ikki agenti terakt sodir etishiga, uning natijasida ikki fuqarosi halok bo‘lishiga va milliardlab zarar yetishiga yo‘l qo‘ya olmaydi», deb ta'kidlab o‘tgan Chexiya prezidenti.  

17 aprelda Chexiya bosh vaziri Andrey Babish mamlakat maxsus xizmatlaridan Vrbetitseda 2014 yil yuz bergan hodisaga Rossiya Bosh razvedka xizmati xodimlari aloqadorligi haqida axborot olganini ma'lum qilgan. Shundan keyin Chexiya politsiyasi Rossiya fuqarolari Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirovni qidiruvga bergan. Chexiya OAV ma'lumotlariga ko‘ra, portlash sababchilari Rossiya Bosh razvedka xizmatining ushbu nomlar ostida yashiringan xodimlari Anatoliy Chepiga va Aleksandr Mishkin bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Chexiya ushbu ayblovlar ortida 18 nafar rossiyalik diplomatni o‘z hududidan chiqarib yuborishini e'lon qilgan. Praganing fikricha, ushbu diplomatlar Rossiya maxsus xizmatlari xodimlari hisoblanadi. Moskva esa bunga javoban 20 nafar chexiyalik diplomatni chiqarib yuborishini e'lon qilgan.

Zemanning ta'kidlashicha, agar rossiyalik agentlarning portlashlarga aloqadorligi isbotlansa, unda Rossiya bunga «tovon to‘lashi» kerak bo‘ladi. Misol uchun, «Rosatom» Chexiyadagi «Dukovna» AES qurilishida ishtirok etishdan chetlatilishi mumkin. Biroq gumonlar isbotlanmasa, unda gap maxsus xizmatlar o‘yini haqida borayotgan bo‘ladi va bu Chexiyaning ichki siyosati uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Shu bilan birga, Zeman hukumatning rossiyalik diplomatlarni chiqarib yuborish taklifini nima uchun qo‘llab-quvvatlagani sababini keltirib o‘tdi. Uning ta'kidlashicha, u «razvedka zobitlarini jini suymaydi».

«Mening yonimga bosh vazir Andrey Babish va uning birinchi o‘rinbosari Yan Gamachek kelib, Rossiya razvedkasining 18 zobitini chiqarib yubormoqchi ekanini ma'lum qilganda, men bu taklifni to‘liq qo‘llab-quvvatladim. Bilasizmi, nimaga? Bu razvedka zobitlarini jinim suymaydi, chunki ular foydadan ko‘ra asosan ziyon keltiradilar», deb tan olgan Zeman.

U shu o‘rinda AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi o‘z vaqtida AQSh hukumatiga Iroqda ommaviy qirg‘in quroli mavjudligi haqida axborot bergani, biroq keyinroq bunday qurol u yerda yo‘qligi oshkor bo‘lgani, ammo «ish behuda urushgacha yetib borganini» eslab o‘tgan.

Bu orada The New York Times nashrining ma'lum qilishicha, bolgariyalik qurol savdogari Emiliyan Gebrev nashrga yo‘llagan elektron maktubida Vrbetitsedagi omborda Ukraina uchun mo‘ljallangan o‘q-dorilarni saqlaganini tan olgan. Nashrning Chexiyadagi rasmiy shaxslarga tayanib xabar berishicha, ombordagi portlashdan ko‘zlangan maqsad aynan Gebrev saqlagan o‘q-dorilarini yo‘q qilish bo‘lgan. Bundan tashqari, bolgariyalik o‘z maktubida anchadan beri tan olishni rad etib kelgan ma'lumotni tasdiqlagan: u 2014 yildan keyin Ukrainaga qurol yetkazib bergan.

Shu bilan birga, Gebrevning kompaniyasi YeMKO Ukrainaga jo‘natilgan o‘q-dori qutilari ustida ularni «Tailand uchun mo‘ljallangan» deb belgilagan. Ta'kidlanishicha, bu Bolgariya hukumatida Rossiyaga yon bosuvchilarni chalg‘itish maqsadida qilingan.

Mavzuga oid