O‘zbekiston | 15:00 / 12.05.2026
914
3 daqiqa o‘qiladi

Import o‘rnini bosadigan mahsulotlar, kafolatli xarid va yangi hamkorlar: Ohangaronda “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi o‘tkaziladi

Unda hozirda chetdan olib kelinayotgan, lekin ichki bozorda ishlab chiqarish imkoni mavjud mahsulotlar ochiq taqdim qilinib, tadbirkorlarga real ehtiyoj va talablar ko‘rsatiladi. Shu orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilar yangi kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish, yirik korxonalar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik qilish va kafolatli xarid shartnomalariga erishish imkoniga ega bo‘ladi.

14–15 may kunlari Toshkent viloyatining Ohangaron shahrida “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Tadbir tog‘-kon sanoati va metallurgiya sohasida mahalliy ishlab chiqaruvchilar, yirik korxonalar va startaplarni bir maydonga jamlashi bilan ahamiyatli bo‘lishi kutilmoqda.

Ko‘rgazma Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi, Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Toshkent viloyati hokimligi, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati hamda Elektron kooperatsiya portali hamkorligida tashkil etilmoqda.

Masullarning takidlashicha, unda bugungi kunda yirik sanoat korxonalari tomonidan import qilinayotgan, ammo mahalliylashtirish imkoniyati mavjud mahsulotlar hamda mavjud ehtiyojlar ochiq taqdim etiladi. Bu esa tadbirkorlarga bozorda aynan qaysi tovarlarga talab yuqori ekanini ko‘rish va ishlab chiqarishni shu yo‘nalishda yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Bundan tashqari, ko‘rgazma doirasida tog‘-kon va geologiya sohasiga oid yuqori texnologik tovarlar, sanoat startaplari, ilmiy ishlanmalar hamda istiqbolli loyihalar namoyish etiladi. Shuningdek, mahalliy kontentni kengaytirish, “shatakka olish” tizimi orqali sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, kafolatli xarid va offteyk shartnomalarini tuzish bo‘yicha amaliy muloqotlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Tadbirning asosiy jihatlaridan biri ishlab chiqaruvchilar va buyurtmachilar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa muhitini yaratishdir. Unda tadbirkorlar:

  •  o‘z mahsulotlarini keng jamoatchilikka namoyon qilish;
  •  yirik sanoat korxonalari va korporativ buyurtmachilar bilan bevosita muloqot o‘rnatish;
  •  yangi kooperatsiya kelishuvlari va istiqbolli shartnomalarga erishish imkoniga ega bo‘ladi.

Tashkilotchilarga ko‘ra, loyihada qatnashgan sanoat startaplari o‘z ishlanmalarini yirik korxonalar mutaxassislariga taqdim etib, amaliyotda sinovdan o‘tkazish va hamkorlikka chiqish imkoniyatini ham qo‘lga kiritishi mumkin.

Tadbir Toshkent viloyati Ohangaron shahri “Yangilik” MFY Sanoat zonasi ko‘chasi, 147-uyda o‘tkaziladi.

Batafsil ma’lumot uchun: (94) 505-85-05, (97) 888-10-01

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish