O‘zbekiston | 18:38 / 22.04.2026
3374
6 daqiqa o‘qiladi

San’atkorlarga tanbeh bergan vazir va o‘qituvchilardan uzr so‘ragan hokim – mahalliy dayjest

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov «Soliq to‘lamayman» deb chiqish qilgan san’atkorlarga tanbeh berdi. Chet elliklarga auksion orqali yer ijara huquqini sotish to‘xtatiladi. Andijonda bank mansabdori 40 ming dollar pora bilan ushlandi. O‘qituvchilarni izza qilgan hokim gul bilan borib, kechirim so‘ragani aytildi. Kunning muhim yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Soliq to‘lamayman deyishga or qilish kerak – Ozodbek Nazarbekov

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov 21 aprel kuni san’atkorlar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ularni soliqqa tortish bo‘yicha yangi tartib yuzasidan o‘z fikrlarini aytdi. Vazir so‘zlariga ko‘ra, xonandalarning barchasi hozir soliq to‘layapti, ammo ba’zilari bilimsizligi tufayli buni bilmayapti.

«Birinchidan bu hali loyiha, tasdiqlangani yo‘q. Va bu o‘rtaga chiqqanida juda ko‘p san’atkorlar yuzini ko‘rsatib qo‘ydi. Savodsizligini, soliq haqida hech qanaqa bilimga ega emasligini ko‘rsatdi. San’atkorlar soliq to‘layapti. To‘lamayapti degan gap chiqib qoldi o‘rtaga, hatto «to‘lamaymiz» deganlar chiqib qoldi. O‘zi aslida to‘layapti, lekin o‘zining to‘layotganini bilmaydi. Hamma joydan to‘layapti, to‘ydan ham, konsertdan ham. Faqat ko‘tarilayotgan masala – mana shu soliq soliq turi sog‘lommi yoki yo‘qmi? Hozirgi mavjud soliq turi sog‘lom emas. Shuning uchun soliq idorasi buni muhokamaga qo‘yyapti, buning sog‘lom yechimini topaylik degan ma’noda. Shuning uchun bu yerda soliq to‘laymizmi yoki to‘lamaymizmi, degan masala muhokama bo‘lmasligi kerak. Hamma to‘laydi, soliq to‘lamaydigan odam yo‘q. Soliq to‘lamayman deyishga or qilish kerak. Bugun soliqlar orqasidan tinch uxlayapsiz, bolalaringiz maktabga boryapti, xotirjam biznes qilyapsiz», dedi Nazarbekov.

Chet elliklarga auksion orqali yer ijara huquqini sotish to‘xtatiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev yer resurslaridan yanada samarali foydalanishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Taqdimotda yerdan yuqori daromad olishda ilg‘or xorijiy tajribani, ayniqsa, chet elning zamonaviy agrotexnologiyalarini keng qo‘llash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, bu jarayonda milliy manfaatlarni himoya qilish lozimligi qayd etildi.

Xususan, xorijiy investorlarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berishning tartibi va shartlari qayta ko‘rib chiqiladi. Bundan buyon ularga faqat viloyat hokimliklari huzuridagi direksiyalar orqali, investitsiya miqdori kamida 10 million dollar bo‘lgan loyihalar doirasida, yaylov, lalmi va foydalanishdan chiqqan yerlarni aylanmaga qaytarish sharti bilan ikkilamchi ijaraga berish tartibi qo‘llanadi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlarini olish bo‘yicha auksionda faqat mahalliy dehqon va tadbirkorlar ishtirok etishini belgilash lozimligi ta’kidlandi. Mudofaa, chegara, tarixiy-madaniy yerlar va o‘rmon fondi yerlari faqat O‘zbekiston fuqarolariga beriladi.

Andijonda bank mansabdori 40 ming dollar pora bilan ushlandi

Davlat banklaridan birining Andijon viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Asaka tumanida joylashgan, umumiy bahosi 16,8 mlrd so‘m bo‘lgan xususiy davolash markazining 4 qavatli binosi auksion savdosida sotilmay qolganidan foydalangan. U mazkur mulk narxini 12 mlrd so‘mga tushirib, bank balansiga olish hamda uni mahalliy tadbirkorga auksionsiz, 7 yil muddatga foizsiz kredit asosida olib berishni va’da qilgan.

Buning evaziga u tadbirkordan 90 ming AQSh dollari miqdorida pora talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida mansabdor shaxs 40 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

O‘qituvchilarni izza qilgan hokim gul bilan borib, uzr so‘ragani aytildi

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova Karmana tumani hokimi Shohrux Boltayev o‘qituvchilarni izza qilgan holatga munosabat bildirdi. Vazirga ko‘ra, tuman hokimi 2 kundan so‘ng maktabga borib, gul bergan holda o‘qituvchilardan kechirim so‘ragan.

«Tuman hokimi 2 kundan keyin maktabga gul bilan borib, ustozlardan uzr so‘radi. Tashakkurnomalar, sovg‘alar berib kelgan», dedi E’zoza Karimova.

Avvalroq Karmana tumani hokimi Shohrux Boltayev 46 nafar (aksariyati ayollar va ro‘zadorlar bo‘lgan) o‘qituvchilarni hokimlikka yig‘ib, qariyb bir soat tik turg‘izib qo‘ygandi. Hokim bu holatni «ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan chora» deb izohlagan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid