Jamiyat | 17:48 / 27.07.2021
39366
11 daqiqa o‘qiladi

Farzand ko‘rsangiz 10 000 AQSh dollari - Norvegiyadagi o‘zbek oilasi bilan suhbat

Uzbeklife bir necha kun oldin ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali Norvegiyada yashab tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan, Shahboz Dolimov va uning rafiqasi, OsloMET universiteti talabasi Nigina Jo‘rayeva bilan suhbat uyushtirgan edi.

Bugun uning yozib olingan variantini e'tiboringizga havola qilamiz.

“Bir davlatga bordingizmi, 9 oygacha u yerdan chiqib ketmang”

Yaponiyaga 2012 yil ketganman. O‘qishga topshirgan vaqtimda ba'zi bir sabablarga ko‘ra yiqilganman. Keyin chet elga ketish istagi paydo bo‘ldi. Ingliz tili o‘rganib yurgan paytlarim Yaponiyaning bir universitetidan o‘zbek talabalar kelishgan va taqdimot qilib berishgan. Menga juda ma'qul bo‘lgan bu. Kunchiqar mamlakat, biznes, iqtisod modeli bor davlat... Universitetga topshirganman va grant yutib, 4 yil u yerda biznes administratsiyasi yo‘nalishida o‘qidim. Albatta, qiyinchiliklar bo‘lgan. Birinchidan, madaniyati boshqacha. Ovqatlariga moslashish qiyin bo‘lgan. Yangi davlatga chiqqaningizda madaniy shok bo‘ladi va bu depressiyaga olib kelishi mumkin. O‘z insonlaringizni sog‘inishni boshlaysiz. Lekin maslahatim, bir davlatga bordingizmi, 9 oy chiqib ketmang. Moslashish uchun o‘sha yerdan 9 oy ketmang. Sabr qilish kerak. Qat'iyatli bo‘lmasangiz, nega borganingizni o‘zingizga takrorlab turmasangiz, sizga boshqa birov eslatmaydi. Qolaversa, mahalliy tilni o‘rganish juda muhim. Til o‘rganib atrofni tushuna boshlaysiz. Ko‘proq do‘stlar orttirish lozim. Yaponiya ta'lim tizimi dunyo standartlariga javob beradi. Lekin hayratlanarli darajada bo‘lmagan. Men o‘qigan universitetda 50 foiz talabalar xalqaro, 50 foiz mahalliy. Mana shu 50 foizni 90dan ortiq davlatdan kelgan talabalar tashkil qiladi. Global citizen degan tushuncha bor, xalqaro fuqaro deylik, universitetda ular uchun hamma sharoitlar yaratilgan edi. Barchaga bir yildan ko‘proq muddat chet elda yashab kelishni tavsiya qilgan bo‘lardim. Mustaqil hayotga qadam qo‘yishga poydevor bo‘ladi. Har bitta talabaga borib ishlashni maslahat beraman. Bu xarajatlaringizni qoplabgina qolmay, moliyaviy boshqaruvni ham o‘rgatadi. Talaba zo‘r ishda ishlamasligi mumkin. Shaxsan men idish-tovoq yuvishdan boshlaganman.

“O‘zimni tashqarida ko‘rishni xohladim, Yaponiya komfort zonaga aylangan edi”

Yaponiyadan ketishimga sabab komfort zona bo‘lib qolgani edi. O‘zimni tashqarida ko‘rishni xohladim. Ikkinchidan, yo‘nalishimni, o‘zimni topa olmagandim hali. Magistraturaga topshirish istagi bor edi. Bir professorimiz kelib, Norvegiyada yaxshi universitet borligi haqida aytdilar. Qanday davlat ekan u deb kirganman. 2016 yil dunyoning eng baxtli davlati Norvegiya edi. O‘sha yili o‘qishga kirdim. Shvetsiya, Daniya va Norvegiyaga topshirganman va Norvegiyani tanladim. U yerda past binolar, oddiy kiyimdagi odamlar, bu yerda qimmat mashinalarni uchratmaysiz. Qayerga kelib qoldim der edim boshida. 1 yildan keyin nega baxtli davlat ekanini tushunganman. Ustozim bor, ko‘z shifokori Bekzod aka Toshboyev. Aytadilarki, biror davlatga borsangiz, uchta narsaga jiddiy e'tibor bering: tibbiyot, ta'lim va soliq. Bular rivojlanganmi, demak u rivojlangan davlat. Ta'lim tizimida ustoz va talaba o‘rtasida devor yo‘q. Tibbiyot talaba uchun tekin. Soliq tizimida qancha ko‘p daromad topsangiz, shuncha ko‘p soliq to‘laysiz. Lekin ishsizlik to‘lovi katta. Ishsizlik darajasi esa past.

Bir odamni bilaman, uni milliarder desa ham bo‘ladi. Lekin ishga avtobusda kelib ketadi. Bekzod akaning yana bir gaplarini keltiraman, borgan davlatingda boy va kambag‘alni ajrata olmasang, sen to‘g‘ri davlatdasan. Do‘stlarim bor, katta-katta kompaniyalarda ishlaydi. Lekin ular bilan bir joyga yig‘ilganimizda ishdagi status, topadigan daromad unutilib, do‘stlik o‘rtaga chiqadi. Samimiy suhbatlar quramiz.

“Norvegiyaga o‘qishga bormoqchi bo‘lsangiz...”

Norvegiyaga o‘qishga bormoqchi bo‘lsangiz, 13 ming dollar tayyor bo‘lishi kerak. Ikki xil universitet bor: davlat va xususiy. Xususiy universitetlarda kontrakt bor, davlat universitetlarida o‘qish tekin. Davlat universitetida universitet hisobiga 13 ming dollar qo‘yishingiz kerak bo‘ladi. Davlat hisoblab chiqqan, bir talaba uchun yashash, yeyish-ichish, kiyinish uchun bir yilda shuncha pul ketarkan. Ya'ni davlatga kelganingizda siz och qolmaysiz. O‘sha to‘lov chekini olib, vizaga topshirasiz. O‘zbekistondan ketayotgan bo‘lsangiz, bilet bir tarafga 500 dollar. TTJlar o‘rtacha narxi 400–500 dollar. Oldindan ikki oylik pulini to‘lagan bo‘lishingiz kerak. Va o‘rtacha oyiga 500 dollar ketar edi. Oila bo‘lib yashasangiz, oilalar uchun ham talabalar yotoqxonasi bor. Ijarada turish uchun o‘rtacha narx — 1,5 ming dollar. Norvegiyaga bakalavrga bormoqchi bo‘lsangiz, sizdan bir yillik bakalavr darajasi talab qilinadi. Hujjat topshirish sentyabrdan dekabrgacha bo‘ladi. Fevral oylarida javob chiqadi.

“Ish topishda an'anaviylikdan qochish kerak”

O‘zingizni qayerda qulay his qilsangiz, yaxshi qabul qilinsangiz va yaxshi qabul qilsangiz bu ikkinchi vatan bo‘ladi. Turmush o‘rtog‘im bilan maslahatlashganmiz va ular ham Norvegiyada yashashni ma'qullaganlar. Norvegiyada o‘zbeklar ko‘p emas. Lekin deyarli hamma bir-birini taniydi. Bu yerda ish topishda raqobat juda katta. Lekin bu yerda sog‘lom raqobat bor. Moliyachilar, iqtisodchilar ko‘p. “Aytichi”larga esa talab katta. Ish topishda uyalmaslik kerak. Ish beruvchiga xodim, ikkinchi tomonga ish kerak. Men an'anaviy tizimdan voz kechib ofisga borganman,. Bu pozitsiyada odam borligini aytishgan. Lekin tinglab ko‘rishlarini iltimos qilib o‘z imkoniyatlarim bilan tanishtirganman. 5 daqiqa ichida yutuqlarimni aytganman. Va ular alohida bir o‘rin ochishgan. An'anaviylikdan qochishni tavsiya qilaman. Masalan, hamma rezyume yuborganda men video yuborganman.

“Ishsizlik nafaqasi to‘lanadi”

O‘sha payt ishlayotgan kompaniyamda 90 foiz odamni ishdan chetlatishdi. Ular orasida men ham bor edim. Lekin bu yil men uchun omadli keldi deya olaman. Farzandli bo‘lib, uning ulg‘ayishini ko‘rish imkonim bo‘ldi. Ishimni yo‘qotdim, lekin davlat menga avval topgan pulimning 65 foizini berib turdi. Ishdan bo‘shaganingizdan keyin ish beruvchi qog‘oz beradi. NAV degan tashkilot bor, onlayn tarzda ish yo‘qotganingiz haqida ma'lumot to‘ldirasiz. Ko‘rib chiqilib, 2 yilgacha oxirgi topgan oyligingizning 65 foizini berib turishadi. Bir sharti bor: har 14 kunda ishga topshirayotganingiz haqida hisobot berib turishingiz kerak bo‘ladi.

“Yurtimizdagi o‘zgarishlardan xursand bo‘ldim”

O‘zbekistondagi biznesimga haftasiga 2-4 soatgacha ajrataman. Ishongan boshqaruvchilarim halol, masofadan boshqarish qiyin emas. asosiy ishtirokim – strategik maqsadlarda. Agar menga imkoniyat berilganda Norvegiyadagi raqamlashtirish va soliq tizimini yurtimizga olib kirgan bo‘lardim. Hamma narsa onlayn. Hattoki har bir insonning raqami bor. Hamma ma'lumot shu raqamga jamlangan. Barcha yerda sizning raqamingiz so‘raladi. Yurtimizda ham raqamlashtirish siyosati ketyapti, deyilmoqda. Bu juda yaxshi narsa. Yaqinda bir kunda ID oldim, bir kunda Yagona darchadan “prava”ni tayyorlab berishdi, hayron qoldim ham xursand bo‘ldim. Bunday tez hal bo‘ladigan ishlardan xursand bo‘lamiz. Avval kelgim ham kelmasdi, to‘g‘risi. Yangilanish jarayonida aholida norozilik ko‘p bo‘ladi. O‘zgarishlar bo‘layotgan paytda shunday bo‘ladi. Norvegiyada ham kamchiliklar yo‘q emas. Masalan, ota-ona farzandi uchun qattiq nazorat ostida bo‘ladi. Ovqatlarini sog‘inamiz. Yaqinda bir o‘zbek oilasi yaxshi biznes qilishdi. Ular uyda o‘zbek ovqatlarini tayyorlab sotishyapti. Restoran ochish niyatlari bor.

Nigina Jo‘rayeva:

“Manfaat uchun emas, inson bo‘lganingiz uchun munosabat qurishadi”

Norvegiyaga 14-15 yoshimda ketganman. U yerda litseyni tamomlab, universitetga kirdim va hozir ham talabaman. Norvegiya xalqi juda sodda, ular manfaat uchun emas, inson bo‘lganingiz uchun siz bilan munosabat quradi. Bu yerda uy olish uchun ko‘p yillar harakat qildik va sotib oldik. 15 foizni boshlang‘ich to‘lov sifatida to‘lashingiz kerak. Keyin har oy ijaraga to‘langan pulni uy uchun to‘laysiz. Pandemiya boshida hamma qo‘rqdi. 1-2 oy hamma uyda o‘tirdi. Lekin yoz oylariga borib ochildi. Chunki hamma ishsiz qolgandi. O‘sha yil men farzandli bo‘ldim. Ta'limda bo‘lajak onalarga akademik ta'til olish imkoniyati bor. Agar ayollar ishlamaydigan bo‘lsa homiladorlikning 20-haftasidan keyin 10 ming dollar to‘lab beriladi. Agar avval ishlab yurgan bo‘lsangiz, oyligingizning sakson foizini to‘lab berishadi har oyda. Farzand dunyoga kelgach, har oy tibbiy ko‘rik bo‘ladi. Norvegiyada 10 oylik bolani ham bog‘chaga berish mumkin. Faqat tezroq so‘rov berish kerak bo‘ladi, chunki navbat ko‘p. Bola 6 yoshgacha bog‘chaga boradi keyin maktabga ariza topshiriladi. Aholining katta qismi farzandini davlat maktabiga beradi. Kamchilik xususiy maktabga beradi, ular bolasi ingliz tilida o‘qishini xohlashadi. Davlat maktabida ta'lim norveg tilida. Ishchi tillar ingliz va norveg tillari.

To‘liq videoni UzbekLife'ning YouTube'dagi kanalida tomosha qiling.

Ulug‘bek Ismatov suhbatlashdi

Mavzuga oid