Elizabet Born Fransiya bosh vaziri etib tayinlandi
Elizabet Born mamlakatning yangi bosh vaziri bo‘ladi. Bu Fransiya tarixida ikkinchi marta ayol kishining hukumatga rahbarlik qilishidir.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 16 may, dushanba kuni Fransiyaning sobiq mehnat, bandlik va integratsiya vaziri Elizabet Bornni mamlakat bosh vaziri etib tayinladi va unga yangi hukumatni shakllantirishni topshirdi.
Avvalroq Makron sobiq bosh vazir Jan Kasteksning iste’fosini qabul qilgan edi. Kasteks 2020 yildan beri bosh vazir lavozimida ishlab kelgan. Fransiya hukumati ham u bilan birga iste’foga ketdi.
«Jan Kasteks, uning hukumati va butun jamoasiga rahmat. Deyarli ikki yil davomida u Fransiyaga ishtiyoq va fidoyilik bilan xizmat qildi. Keling, amalga oshirilgan ishlar va birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli erishilgan natijalar bilan faxrlanamiz», - deb yozdi Makron tvitterda.
Hukumat va bosh vazirning iste’foga chiqishi Fransiyada prezidentlik saylovlaridan so‘ng rasmiyatchilikdir, deb ta’kidlaydi Dpa, ammo bu safar bu «ajablanarli darajada kech» - saylovdan uch hafta o‘tgach sodir bo‘ldi.
Elizabet Born Fransiya tarixida hukumatni boshqaradigan ikkinchi ayolga aylanadi. Undan oldin faqat Edit Kresson 1991-1992 yillarda ayol bosh vazir bo‘lgan. Makronning tanlovi bo‘lajak parlament saylovlari oldidan ham so‘l, ham konservativ saylovchilarning qo‘llab-quvvatlashiga erishish istagi bilan bog‘liq, deya qayd etadi Dpa.
61 yoshli Born 2020 yil iyul oyidan buyon Fransiya Mehnat vazirligini boshqarib keladi, bundan oldin u Ekologiya, transport va uy-joy vaziri bo‘lgan. 2017 yilda u Makronning «Olg‘a, respublika!» partiyasiga qo‘shilgan.
Makron 24 aprel kuni ikkinchi turda «Milliy birlashuv» partiyasi yetakchisi Marin Le Penni mag‘lub etib, prezidentlikka qayta saylandi. Amaldagi prezident 63,2 foiz ovoz oldi.
Mavzuga oid
15:31
Le Pen Fransiya hukumati iste’fosini qo‘llab-quvvatlashi mumkin
18:32 / 25.11.2024
Le Monde: Yevropa mamlakatlari yana Ukrainaga qo‘shin yuborish ehtimolini muhokama qilmoqda
14:22 / 24.11.2024
Parij: Ukraina Rossiya hududiga SCALP raketalari bilan zarba yo‘llashi mumkin
22:35 / 23.11.2024