Jahon | 16:01 / 10.08.2023
23094
4 daqiqa o‘qiladi

«Mister Bin» 2 marta YTHga uchragan McLaren F1 superkarini qanday qilib 12 mln dollarga sotishga erishgan?

Xaridorlar foydalanilgan avtomobilni sotib olishda eng avvalosi uning yo‘l transport hodisasiga uchramagani bilan qiziqadi. Avariyaga uchragan avtomobilni sotib olishdan esa tiyilishadi, hatto uning egasiga aylanib qolishdan qo‘rqishadi ham. Boisi, bunday avtomobillar yangi egalari uchun kutilmagan syurprizlarni taqdim etishi mumkin - istalgan vaqtda ish chiqishi, buzilib qolishi kabi. Shuningdek, YTHda ishtirok etgan avtomobillarga sezilarli darajada arzon narx belgilanadi. 

Foto: hotcarsimages.com

Biroq siz dunyo tanigan aktyor bo‘lsangiz, YTHga uchragan avtomobilingizni o‘ylaganingizdan ham qimmatroqqa sotishingiz mumkin. Mister Bin roli orqali muxlislarga tanish bo‘lgan britaniyalik aktyor Rouen Atkinson o‘zining eski McLaren F1 superkarini xarid qilganidan anchagina qimmatiga sotgan.

Rouen Atkinsonni ko‘pchilik aktyor sifatida biladi, biroq u shu bilan birga professional poygachi va sport avtomobillari kolleksioneri ham hisoblanadi. 90-yillar o‘rtasida Rouen ikki mavsum poygalarda ishtirok etadi. 1997 yilda esa u 540 ming funt sterling evaziga McLaren F1 superkarini sotib oladi.

Ushbu superkar 627 ot kuchiga ega 6,1 litr hajmli V12 dvigateli bilan jihozlangan. 100 km tezlik qayd etishi uchun 3,2 soniya kifoya qiladi. Maksimal tezligi esa soatiga 372 kmni tashkil qilgan. Aktyorning quvonchi uzoqqa cho‘zilmaydi. 1999 yilda Rouen Lankashir yo‘lida kichik litrajli Austin Metro avtomobili bilan to‘qnashadi. YTH oqibatida aktyor McLaren F1 remontiga qariyb 100 ming funt sterling sarfladi.

Foto: bigpicture.ru

Oradan 12 yil o‘tib, 2011 yilda Atkinson bilan yana bir ko‘ngilsizlik sodir bo‘ladi. U bu safar superkari boshqaruvini yo‘qotib, daraxtga borib uriladi. Mashinada yong‘in chiqadi, aktyor esa yelkasidan jarohat oladi. Superkarni tiklashga McLaren’nning Uokingdagi bazasida qariyb 1 yil vaqt ketadi. Atkinson esa bu hodisa ortidan Buyuk Britaniya tarixida YTH uchun eng katta sug‘urta to‘lovini qo‘lga kiritadi — 910 ming funt sterling.

Avtomobilni o‘z holiga keltirish uchun 1,5 mln funt sterling atrofida mablag‘ ketadi. Shunga qaramay Atkinson 65,6 ming km yo‘l bosib qo‘ygan McLaren F1 superkarini olganidan ancha qimmatga — 12 mln dollarga sotishga erishadi. U avtomobilni sotishni Taylor and Crawley firmasiga topshiradi. Diler taniqli aktyorning superkariga butun dunyodan qiziqish bo‘lganini ta’kidlaydi. Biroq britaniyalik xaridorlardan biri eng yaxshi taklifni berib, uni mamlakatda olib qoladi. Mashinaning bunchalik qimmat narxga sotilishida uning kamyobligi va taniqli aktyorga tegishli bo‘lganligi katta rol o‘ynagani aytiladi.

Yuqorida tilga olingan 2 holatdan tashqari Atkinson yana bir necha marta YTHga uchragan. 2011 yildagi superkaridagi avariyadan biroz o‘tib, aktyor yana noxush holatga duch keladi. U bu safar Aston Martin V8 Zagato avtomobilida havaskor poygada avariyaga uchraydi. 2014 yilda esa Gudvuddagi festivalda Ford Falcon Sprint’ni «urib oladi». 

McLaren F1 

Avtomobil 1992—1998 yillarda ishlab chiqarilgan. 2005 yilgacha seriyali ishlab chiqarilgan dunyoning eng tezkor avtomobili maqomini o‘zida ushlab turgan. Shu yili u bu nomni Bugatti Veyron’ga topshirgan. Umumiy hisobda 106 ta McLaren F1 ishlab chiqarilgan. Shundan 64 tasigina bozorda sotilgan, xolos. 

 

Foto: robbreport.com

 

 

Foto: robbreport.com

 

Mavzuga oid