O‘zbekistonda jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda
Pensiya jamg‘armasi rahbari Abdulaziz Haydarov jurnalistlar bilan suhbatda yangi joriy etilishi kutilayotgan jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi haqida qisqacha ma'lumot berdi.
29 yanvar kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri tashkilot rahbariga jamg‘arib boriladigan pensiya tizimining afzalligi nimalarda ekani to‘g‘risidagi savol bilan yuzlandi.
Mutasaddi so‘zlariga ko‘ra, bu tizimda fuqarolar jamg‘argan mablag‘larini kelgusi hayotlari uchun investitsiya qilishi mumkin.
«Bizning asosiy maqsadimiz fuqaro ertaga pensiyaga chiqqanda, unga jamg‘argan summalarini investitsiya qilish tizimini yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Masalan, fuqaro 25-30 yoshdan to‘lovni boshlasa, 60 yoshga yetganda o‘ziga qariligini ta'minlaydigan mablag‘ jamlashi kerak.
Buning uchun uning mablag‘lari ishlashi kerak. U uchun mablag‘larni inflatsiyadan kam bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilish lozim. Bu eng minimal ko‘rsatkich. Lekin biz undan ham ko‘p miqdorda mablag‘ni ko‘paytirib borish mexanizmi haqida o‘ylayapmiz. Ya'ni hech qanaqa ish qilmasdan qo‘lida yaxshi qarilikni ta'minlaydigan mablag‘ bo‘lishi kerak.
Masalan, nimaga xorijiy davlatlar fuqarolari pensiyaga chiqqach boshqa davlatlarni aylanib, sayohat qilib yuradi? Ular boshqa narsa haqida o‘ylashmaydi. Chunki qo‘liga kafolatlangan mablag‘ni olib bemalol qarilik gashtini suradi.
Bizning ham jamg‘arib boradigan tizimimiz shuni nazarda tutyapti. Bizlar qanday qilib yig‘iladigan mablag‘ni investitsiya qilish, o‘zidan o‘zi daromadni ko‘paytirish mexanizmi haqida o‘ylayapmiz», – dedi jamg‘arma direktori.
Avvalroq pensiya tizimida bir qator o‘zgarishlar bo‘lishi kutilayotgani, bu bo‘yicha maxsus konsepsiya ishlab chiqilayotgani xabar qilingandi.
Yangi tizim yaratish rejasida uch bosqichli pensiya tizimiga o‘tish, minimal pensiya miqdorlarini bosqichma-bosqich oshirib borish, minimal ish stajini bajargan fuqarolarga kafolatlangan pensiya miqdorini ta'minlab berish, pensiya hisoblashda inobatga olinadigan daromadning yuqori chegarasini bosqichma-bosqich oshirib borish ko‘zda tutilgan.
Jamg‘arma ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekistonda pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 3 million 8 ming nafardan ortib, aholi sonidagi ulushi 11,2 foizni tashkil qildi. Shundan 3 million 400 ming nafardan ortig‘i pensiya, 400 ming nafardan ziyodi nafaqa oluvchilar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
2020 yilda 333 ming 450 nafar fuqarolarga pensiya va nafaqalar tayinlandi. Shundan 275 ming 109 nafariga pensiya va 58 ming 341 nafariga nafaqa tayinlandi.
Mavzuga oid
11:03 / 08.06.2024
Putin ishlayotgan fuqarolarga pensiya indeksatsiyasini qaytarishni taklif qildi
21:54 / 01.05.2024
Eng kam pensiyalar minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga yetkazildi
22:56 / 21.11.2023
Mahalla budjeti tizimi qanday ishlashi ma’lum qilindi
16:36 / 30.07.2021