08:59 / 15.04.2021
23226

Chuvalchang yetishtirib katta daromad olayotgan izboskanlik maktab o‘quvchisi

Kaliforniya qizil chuvalchangi tayyorlab beradigan biogomes orqali hosildorlikni 10 karra oshirish mumkin.

Samandar Mansurbekov — Izboskan tumanidagi 32-maktabning 11-sinf o‘quvchisi. U internet orqali chuvalchang yetishtirishga oid videolarni ko‘rib qoladi va bu ishga qo‘l urish ishtiyoqi tug‘iladi. 

Dastavval maktabning foydalanilmaydigan eski binosida bioreaktor tashkil etib, 3 quti chuvalchang olib kelib yetishtira boshlaydi. Keyinchalik esa maktab hovlisidan issiqxona qurib, o‘sha yerda faoliyatini davom ettiradi.

U o‘z ishini maktab direktoridan mablag‘ olib boshlagan. Hozirda u olgan mablag‘ini to‘liq qaytarish barobarida, oliy ta'lim muassasasida o‘qiydigan opasining to‘lov shartnoma pullarini to‘ladi. Oilaga oyiga o‘rtacha 8-9 million so‘m daromad keltirmoqda.

"Kaliforniya qizil chuvalchangi kechasi-yu kunduz ishlaydi. Bir jinsli bo‘lgani uchun tez ko‘payadi. Bir haftada bitta tuxum qo‘yadi va tuxumdan o‘rtacha 16 tadan 24 tagacha bola chiqadi. Chuvalchang ishlab chiqaradigan biogomes ekologiya uchun foydali bo‘lish bilan bir qatorda, bitta ko‘chatga o‘nta ko‘chatning kuchini beradi, ya'ni bitta ko‘chatdan o‘nta ko‘chatning hosilini olish mumkin", – deydi Samandar Mansurbekov.

Kelajakda qahramonimiz faoliyatini yanada kengaytirish va ko‘proq daromad qilish niyatida.

Abduvali Qurbonov, Kun.uz muxbiri

Top