«Intilmagan odam shunchaki quruq qoladi» - 27ta universitetga qabul qilingan maktab o‘quvchisi hikoyasi
«Optimist» ruknining navbatdagi qahramoni Temurbek Sulaymonov – Toshkent shahridagi prezident maktabining 11-sinf o‘quvchisi. U maktabni tugatish arafasida, abituriyentlik bosqichiga o‘tib ulgurmay, hozirdanoq 27ta xorij universitetida o‘qish huquqini qo‘lga kiritgan.
Temurbek o‘z maqsadlariga qanday erishayotgani va yana nimalarni maqsad qilgani haqida so‘zlab berdi.
Ehtimol, uning so‘zlari prezident maktablarida o‘qish orzusida bo‘lganlar yoki xorij universitetlariga grant yutishni maqsad qilganlarga motivatsiya berar.
«Oddiy odamlarning bolalari bunday maktabda o‘qiy olmasa kerak, deb o‘ylardim»
— Prezident maktabiga kirishdan oldin men ham 9 yil oddiy maktabda o‘qiganman. Dastlab, bu maktabga kira olishimga unchalik ishonmaganman. Sababi hujjat topshirish uchun talablar juda yuqori edi, qolaversa, imtihon topshirish uchun Toshkent shahridagi eng iqtidorli o‘quvchilar bir joyga yig‘ilgan. Shuning uchun o‘z imkoniyatimni pastroq baholaganman.
Undan oldinroq maktab ochilishi haqidagi xabarlarni internetda o‘qiganimda: «Zo‘r maktab bo‘lsa kerak, bolalar maza qilib o‘qishsa kerak», deb o‘ylaganman. Menda ham oddiy odamlarning bolalari bunday maktablarda o‘qiy olmasa kerak degan fikr bor edi. Lekin qabul boshlanganda nega men o‘zimni sinab ko‘rmasligim kerak, degan fikrga kelganman va hujjatlarimni topshirganman.
Imtihondagi shaffoflikni ko‘rib fikrlarim o‘zgargan, bu maktab tanlab olingan o‘quvchilar uchun ekanini, moliyaviy kelib chiqishidan qat’i nazar, iqtidorlilar o‘qiy olishi mumkinligini tushunganman.
«Hech narsa qilmay o‘tirsam, imkoniyatdan quruq qolardim...»
— Maktabga qabul qilingach, birdaniga ko‘chib kelmaganmiz. Boshida to moslashib ketgunimizcha uydan qatnaganmiz. Bir kuni maktabdan chiqib avtobus bekatiga ketayotganimda bir ayol prezident maktabidan chiqqanimni ko‘rib, maktab haqida qiziqdi va kutilmaganda so‘radi: «Bu maktabga kirish uchun qancha pul berding?»
Bundan oldin ham prezident maktabida o‘qiydiganlar haqida ijtimoiy tarmoqlarda turli salbiy fikrlarni o‘qigandim. Shuning uchun men u ayolga imtihon shaffof o‘tishini, agar talablarga javob bersa, hamma bu maktabda o‘qishi mumkinligini tushuntirishga harakat qildim. U ayol: «Ha, tushunarli», dedi, lekin ko‘zida ishonch ko‘rmadim.
Agar bolalarning o‘zlarida ishonch bo‘lsa, maktab imtihonini topshirib ko‘rishlarini juda xohlagan bo‘lardim. Har doim nimanidir xohlaydigan bo‘lsak, hech bo‘lmaganda harakat qilib ko‘rishimiz kerak. Agar men ham o‘shanda shubha qilib hech narsa qilmasdan o‘tirganimda, prezident maktabida o‘qish imkonidan quruq qolgan bo‘lardim.
«IELTS ballim – 7,5»
— Ingliz tilini ancha oldin o‘rganishni boshlaganman. Boshlang‘ich darajadan boshlab, 3 yil ichida «advanced» – mukammal darajada o‘rganib oldim. Hozir IELTS imtihonidan darajam – 7,5 ball.
Ingliz tilini o‘rganish uchun birinchi navbatda qiziqish kerak. Busiz, menimcha, til o‘rganish qiyin.
«Asosiy fanlar ingliz tilida o‘qitiladi»
— Prezident maktabida o‘quvchilar dushanbadan juma kunigacha bo‘lishadi. Dam olish kunlari uyga qaytish mumkin. Har kuni soat 15:30gacha dars, undan keyin dam olish, to‘garaklarga qatnashish, dars qilish mumkin.
Asosiy fanlar: fizika, matematika, biologiya, kimyo, informatika fanlari ingliz tilida o‘tiladi. 10-sinfdan esa fanlarni tanlash imkoni beriladi. Matematikani o‘qish majburiy, qolgan 3ta fandan 2tasini tanlab olish mumkin.
«27ta chet el universitetiga qabul qilindim»
— Ingliz tilini o‘rganishni boshlaganimda bir kun kelib, albatta, IELTS imtihonini topshiraman deb niyat qilgandim. Maqsadimga erishdim. Inson maqsad qo‘yib unga intilayotgan bir paytda boshqa kutilmagan maqsadlar ham paydo bo‘ladi. Masalan, men doim xorijda o‘qishni chet ellik o‘qituvchilardan dars olishni xohlardim. Prezident maktabida esa hali chet elga ketmasdan turib xorijlik o‘qituvchilardan dars olish imkoniga ega bo‘ldim.
Xorij universitetlariga ham hujjat topshirdim. Hozirgacha dunyoning turli davlatlarida joylashgan 27ta OTMda o‘qish imkonini qo‘lga kiritdim. Yo‘nalishim – xalqaro munosabatlar. Asosiy universitetlar AQSh, Fransiya, Shveytsariya, Buyuk Britaniyada joylashgan.
Tanlamoqchi bo‘lgan universitetlarim AQShda. Lekin hozircha bir qarorga kelganim yo‘q, sababi yana qo‘shimcha grantlarga hujjat topshirganman. Ularning javobi chiqishini kutyapman. Bundan tashqari, tanlagan yo‘nalishimda qaysi universitetda ta’lim sifati yuqori ekaniga qarab bir qarorga kelaman.
«Xorij universitetiga o‘qishga kirish uchun...»
— Hujjat topshirish jarayonini o‘tgan yil boshlaganman. O‘zi odatda, xorijda o‘qish uchun hujjat topshirishni bir yil oldin boshlash lozim. AQSh OTMlariga hujjat topshirish uchun umumiy platforma – Commonapp orqali topshirish mumkin. Platformaga hujjatlar yuklanadi va siz tanlagan universitetlarga jo‘natiladi. Hujjatlar 2 xil bo‘ladi: umumiy va siz tanlagan universitet so‘rashi mumkin bo‘lgan alohida hujjatlar.
Universitetlar turli mavzularda esselar so‘rashi mumkin. Bundan tashqari, shahodatnomadagi baholar ham muhim. Hujjatlar oktabr oyida topshirilsa ham, oxirida shahodatnoma albatta yuborilishi kerak va bu baholarga e’tibor beriladi.
«Maktabning madaniyat vaziriman»
— Inson uchun ijtimoiy faollik juda muhim deb hisoblayman. Shuning uchun prezident maktabiga kirishimdan oldin ham turli loyihalarda volontyor sifatida ishtirok etganman, TED klubida qatnashganman.
Hozir esa maktabning madaniyat vaziriman. Mening vazifam o‘quvchilarning vaqtini mazmunli o‘tkazishlariga yordam berish. Xorijga hujjat topshirishga yordam berish uchun alohida klub ham ochganman.
«O‘qishim tugagach, O‘zbekistonga qaytaman»
— Xorijga o‘qishga borib, tugatgach O‘zbekistonga qaytishni reja qilganman. Lekin biz haqimizda baribir qaytib kelmasa kerak, degan gapni aytishadi. Masalan, bir o‘rtog‘im neft yo‘nalishini tanlagan, u ham chetda o‘qib kelib, O‘zbekistonda shu sohani rivojlantirishga hissa qo‘shmoqchi. Mening ham rejalarim shunday.
Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.
Mavzuga oid
01:10 / 28.12.2024
«Qarorlari majburiy kuchga ega emas» - Oliy ta’lim vazirligi nodavlat OTMlardan pul so‘ragan kengash haqida
14:25 / 27.12.2024
Oliy ta’lim kengashi nodavlat OTMlardan pul so‘rayapti. Huquqshunoslar buni qonunchilikka zid deb atadi
21:42 / 22.12.2024
O‘zbekistonda o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalarni qabul qilish boshlandi
15:21 / 19.12.2024