Jahon | 15:36 / 18.06.2024
7402
4 daqiqa o‘qiladi

Putin KXDRga Ukrainadagi harbiy operatsiyani qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik bildirdi

Rossiya prezidenti Kim Chen Inning taklifiga binoan Shimoliy Koreyaga davlat tashrifi bilan keladi. Tashrif doirasida Rossiya va KXDR o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma imzolanishi kutilmoqda.

Foto: AFP

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Shimoliy Koreyaga tashrifi arafasida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qo‘llab-quvvatlagani uchun Pxenyanga minnatdorchilik bildirdi. «Biz KXDRning Rossiyaning Ukrainadagi maxsus harbiy operatsiyasini («SVO») kuchli qo‘llab-quvvatlagani, muhim xalqaro muammolar bo‘yicha biz bilan birdamligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotida umumiy ustuvorliklar va qarashlarni himoya qilishga tayyorligini yuksak qadrlaymiz», — dedi Putin 18 iyun, seshanba kuni Kreml saytida chop etilgan Shimoliy Koreyaning «Nodong Sinmun» gazetasi uchun maqolasida.

Putin Rossiya va KXDR «birgalikda sa’y-harakatlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada yuqori darajaga olib chiqishga» umid bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va KXDR «ko‘p qirrali hamkorlikni faol rivojlantirishda» davom etmoqda.

Strategik hamkorlik shartnomasi

Putinning Shimoliy Koreyaga davlat tashrifi bilan kelishi 18 iyun oqshomida kutilmoqda. U o‘tgan yilning sentabrida Rossiyaga tashrif buyurgan Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning taklifiga binoan boryapti. Bu Putinning prezident sifatida KXDRga ikkinchi tashrifidir. U bu mamlakatga ilk bor 2000 yilda Shimoliy Koreyaning o‘sha paytdagi rahbari Kim Chen Ir taklifiga binoan tashrif buyurgan.

O‘nlab yillar davomida AQSh va BMT sanksiyalari ostida qolgan Shimoliy Koreya kamdan-kam hollarda xorijiy hukumat rahbarlarini qabul qiladi. G‘arb Pxenyanni Rossiyaga Ukrainaga qarshi urush uchun qurol va o‘q-dorilar yetkazib berishda ayblaydi. Ayni damda RF o‘zining tugayotgan arsenallarini to‘ldirish yo‘llarini izlamoqda.

Rossiya ommaviy axborot vositalari yozishicha, RF prezidentining KXDRga tashrifi chog‘ida ikki davlat rahbarlari bir qator «muhim hujjatlar», jumladan «strategik sheriklik» to‘g‘risidagi bitimni imzolaydilar.

AQSh va Ukraina Putinning KXDRga tashrifidan xavotirda

Qo‘shma Shtatlar KXDR va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning chuqurlashishi va buning Ukraina hamda Janubiy Koreya xavfsizligi uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan oqibatlaridan xavotir bildirdi. «Biz Shimoliy Koreyaning ballistik raketalari Ukraina nishonlariga zarba berish uchun qo‘llanayotganini bilamiz. Bu Koreya yarimorolida xavfsizlikka ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan o‘zaro hamkorlikni yuzaga keltirishi mumkin», dedi AQSh Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi. 

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg qayd etishicha, Rossiya prezidentining KXDRga tashrifi Putinning shunday yetakchilarga qanchalik bog‘liq ekanligini ko‘rsatmoqda. Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba aytishicha, Putinning KXDRga tashrifiga eng yaxshi javob «Ukrainada adolatli va mustahkam tinchlik o‘rnatish uchun diplomatik koalitsiyani yanada mustahkamlash hamda Ukrainaga yangi Patriot ZRK va o‘q-dorilarni yetkazib berish» bo‘ladi.

Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan keyin Putin xorijiy safarlar sonini keskin kamaytirdi. Ayni damda Rossiya keng qamrovli xalqaro sanksiyalar ostida. Xalqaro jinoiy sud RF rahbarini hibsga olishga order bergan. 

Mavzuga oid