O‘zbekiston | 11:16 / 07.08.2024
5449
2 daqiqa o‘qiladi

Furqat tumaniga yangi hokim tayinlandi 

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i Elyor Asronkulov iyul oyi o‘rtalarida prezident raisligidagi yig‘ilishda ishdan olingan Jahongir Jumanov o‘rniga tayinlandi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

Bugun, 7 avgust kuni Farg‘ona viloyatida xalq deputatlari Furqat tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi

Sessiya ishida viloyat hokimi Xayrulla Bozorov ishtirok etdi. Unda lavozimidan ozod etilgan Jahongir Jumanov o‘rniga yangi tuman hokimini tayinlash bilan bog‘liq tashkiliy masala ko‘rildi.

Viloyat hokimi tomonidan taqdim etilgan Elyor Asronkulov nomzodi Furqat tumani deputatlari tomonidan yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlandi va hozirga qadar Ijtimoiy himoya milliy agentligining Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelgan Elyor Asronkulov Furqat tumani hokimi etib tasdiqlandi.

U 1985 yilda Bag‘dod tumanida tug‘ilgan. Farg‘ona politexnika institutini iqtisodchi mutaxassisligi bilan tamomlagan. 

Mehnat faoliyatini 2011 yilda Pensiya jamg‘armasi Bag‘dod tumani bo‘limi inspektori vazifasida boshlagan. Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Farg‘ona viloyati boshqarmasida bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 2019-2020 yillarda Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Ijro etuvchi apparatida faoliyat olib borgan. 2020-2023 yillarda Budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.  

2023 yil 20 avgustdan beri Ijtimoiy himoya milliy agentligining Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlab kelayotgandi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning iyul oyi o‘rtalarida Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi davomida 9 ta tuman va bir shahar hokimi ishdan olingandi.

Xususan, Qorao‘zak, Taxiatosh, Uchquduq, Toshkent, Furqat, Gurlan, Mirzaobod, Yangiariq, Mingbuloq tumanlari, G‘ozg‘on shahri hokimlari lavozimidan olingan, 28 ta tuman-shahar hokimiga nisbatan intizomiy jazo choralari ko‘rilgan.

Mavzuga oid