Fan-texnika | 08:47 / 12.06.2022
67632
5 daqiqa o‘qiladi

Telegram'ning “pulli” versiyasi va devor ortini “ko‘ruvchi” radar – hafta texnodayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.

Telegram'ning premium versiyasi

Foto: Tginfo

Telegram asoschisi Pavel Durov messenjerning avval e’lon qilingan qilingan pulli versiyasi taqdim etilishini ma’lum qildi.

Hozircha Telegram Premium'ning obuna narxlari va qanday imtiyozlarga ega bo‘lishi haqida rasman ma’lumot berilmadi. Internetda tarqalgan norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, premium versiyaning taxminiy narxi bir oyga 5 dollarni tashkil qilishi mumkin.

Durov foydalanuvchilar asosiy prioritetda qolishi uchun Telegram asosan reklama beruvchilar tomonidan emas, balki foydalanuvchilar tomonidan moliyalashtirilishi kerak, deb hisoblashini bildirgan.

Shuningdek, ayni vaqtda ishlab turgan barcha funksiyalar bepul bo‘lib qoladi.

Devor ortini “ko‘ruvchi” radar

Foto: Camero-Tech

Isroilning Camero-Tech kompaniyasi devorlarning ortidagi obektlarni ham kuzatish imkonini beradigan yangi avlod portativ, yuqori samarali tasvir tizimini ishlab chiqdi.

Ta’kidlanishicha, “Xaver 1000” radari harbiy kuchlar, huquqni muhofaza qilish idoralari, razvedka bo‘linmalari va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatuvchilarga ko‘plab yangi imkoniyatlar taqdim qiladi.

Innovatsion qurilma sun’iy intellektga asoslangan tizim asosida ishlaydi va devor ortidagi odamning tana a’zolarigacha farqlay oladi.

“Xaver 1000” 10,1 dyuymli sensorli ekran orqali boshqariladi, oddiy foydalanuvchi interfeysi bilan jihozlangan va olingan ma’lumotlarni yozib olish xususiyatiga ega.

Tunda ishlatishga mo‘ljallangan smartfon

Foto: Doogee

20 megapikselli tungi kamera va termal tasvirlash xususiyatiga ega yangi Doogee S98 Pro taqdim qilindi. FHD+ displeyi bilan jihozlangan va Corning Gorilla Glass oynasi bilan himoyalangan smartfon yorug‘lik kam bo‘lgan holatlarda foydalanish uchun bir qancha qulayliklar beradi.

 Smartfonning texnik tavsifi quyidagicha:

Akkumulyator: 6000 mA·s, 33 vattli tezkor quvvatlanish funksiyasi mavjud;

Operatsion tizim: Android 12;

Xotira: 8 GB tezkor, 256 GB ichki;

To‘rtta navigatsiya tizimi: BeiDou, GLONASS, GPS va Galileo’ni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ishlab chiqaruvchilar tomonidan "o‘zga sayyoraliklardan ilhomlangan smartfon" deya ta’riflanadigan gadjet turli onlayn platformalarda sotuvga chiqarilgan.

Birlashgan Yevropa uchun yagona standart

Foto: Adobe Stock

Yevropa Ittifoqi barcha gadjetlar uchun zaryadlovchi qurilmalarning yagona standartiga o‘tadi.

Qayd etilishicha, 2024 yilning kuziga kelib, USB Type–C Yevropa Ittifoqidagi barcha mobil telefonlar, planshetlar va kameralar uchun umumiy zaryadlash portiga aylanadi.

Bu iste’molchilarga yiliga 250 million yevro (267 million dollar) tejash imkonini beradi. Ushbu taklif rasman kuchga kirishi uchun Yevroparlament va Yevropa Ittifoqiga a’zo 27 davlat tomonidan ma’qullanishi kerak.

Shuningdek, noutbuk ishlab chiqaruvchilarga yangi qoidalar kuchga kirganidan keyin moslashtirish jarayoni uchun 40 oy vaqt beriladi.

Avvalroq, Apple kelajakdagi iPhone modellarini USB-C tirqish bilan jihozlashni rejalashtirayotgani haqidagi xabarlar tarqalgandi.

 “Aqlli” uzuk

Foto: Gucci

Gucci brendi Finlandiyaning Oura Health kompaniyasi bilan hamkorlikda yaratilgan Oura Ring “aqlli” uzugini taqdim qildi.

Gadjet vazifasini bajarishi ko‘zda tutilgan Gucci x Oura Ring qora qoplamali titandan yasalgan va 18k sariq oltin bilan bezatilgan.

Aqlli uzukning ichki yuzasida tana harorati, yurak urishi, nafas olish tezligi, faollik darajasi, uyqu sifati va foydalanuvchi tanasining boshqa parametrlarini kuzatuvchi bir nechta datchiklar mavjud. Yig‘ilgan ma’lumotlar xususiy smartfon ilovasiga yuboriladi va o‘sha yerda ularni tahlil qilish mumkin.

Gucci x Oura Ring 950 dollarga baholanmoqda.

Saratonga qarshi yangi dori

AQSh tadqiqotchilari saratonga qarshi kurashuvchi yuqori samarador preparat yaratishdi.

Yangi dori tadqiqotchilarni o‘ta xavfli kasallikka qarshi qanchalik samarali ekanligi bilan hayratda qoldirdi, chunki u klinik sinovning har bir a’zosini deyarli davolagan.

Tadqiqot ostidagi barcha bemorlarda kimyoviy terapiya qo‘llanmasdan remissiya yuz bergan, ularning organizmidagi saraton hujayralari aniqlab bo‘lmaydigan darajagacha kamaygan. Bunaqasi saratonni davolash tarixida ilk marta ro‘y bermoqda.

Bir quvvatlashda 45 kun ishlaydigan smart soat

Foto: Amazfit

"Huami" va "Xiaomi" kompaniyalari hamkorlikda 45 kunlik batareya quvvatiga ega bo‘lgan Amazfit T-Rex 2  “aqlli” soatini namoyish etishdi.

Smart soatning og‘irligi 66,5 grammga teng bo‘lib, 1,39 dyuymli AMOLED-ekrani bilan jihozlangan. 500 mA/s sig‘imli akkumulyatori 24 kungacha odatiy rejimda ishlay olish imkoniyatini beradi. Quvvatni tejash rejimida esa batareyaning ishlash muddati 45 kungacha yetadi.

Amazfit T-Rex 2 31 maydan boshlab Xitoyda sotuvga chiqarilgan.

Mavzuga oid