Xitoyda 5,5G

Xitoyning China Unicom va Huawei kompaniyalari 5,5G yangi aloqa tarmog‘ini sinovdan o‘tkazdi. Pekinning bir nechta hududida sinalgan 5,5G kutilgan samarani bergan. Yangi standartda o‘tkazuvchanlik soniyasiga 10 gigabitgacha chiqqan, tarmoqning muntazam ishlash tezligi esa soniyasiga 5 gigabitdan yuqori bo‘lgan.

Qayd etilishicha, yangi texnologiya tijoriy faoliyat uchun 2024 yil davomida to‘liq tayyor holatga keltiriladi. 

Foto: Videodan kadr

Dunyodagi birinchi suvosti superyaxtasi

Avstraliyaning Migaloo kompaniyasi hashamatli M5 suvosti superyaxtasini namoyish qildi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, bu dunyodagi birinchi shunday kema. 

Kemaning uzunligi 166 metr, kengligi - 23 metr. Unda 20 nafar mehmon joylashadi va 40 nafar ekipaj a’zosi xizmat ko‘rsatadi. 

Foto: Migaloo

Kema 15 ming km masofani bosib o‘tishga mo‘ljallangan, uning tezligi suv yuzasida 20 uzel, suv ostida 12 uzelga teng. Superyaxta 250 metrgacha chuqurlikka tushib, to‘rt haftagacha suv ostida qolishi mumkin. 

Foto: Migaloo

Shuningdek, superyaxtada vertolyot maydonchasi va garaj, ikkita maxsus suvosti kemasi va ikkita suvosti apparati mavjud. Migaloo allaqachon M5 uchun oldindan buyurtmalarni ochgan va uni 2 milliard dollarga baholagan.

CyberVAZ-2104

Rossiyada CyberVAZ patentlandi. Avtomobilning dizayn loyihasi Tesla Cybertruck uslubidagi pikap tarzida yaratilgan. G‘ildirak disklari ham Tesla modeli bilan bir xil ishlangan. Kuzovining qirralari o‘tkir, yon tomonlarida Cybertruck kabi to‘q sariq yoritgichlar mavjud. Eshiklarni ochish uchun mo‘ljallangan tutqichlar tortib olinadigan shaklda bo‘lishi rejalashtirilgan.