Pandemiyadagi ta'limdan o‘rganish kerak bo‘lgan 5 jihat
Pandemiya davri o‘quv muassasalari va o‘quvchi-talabalar uchun qiyin kechdi. Bilim beruvchilar va bilim oluvchilarga qo‘yiladigan talablar o‘zgardi. Endi har ikki taraf doimiy noaniqlikka qaramasdan, o‘qish va o‘rganish paytida ta'lim va hayot muvozanatini boshqarishi kerak.
Bu davrda raqamli texnologiyalarni yanada kengroq joriy etish va ijodiy baholash usullari takomillashtirildi. O‘quvchilarga o‘qituvchi sherigi sifatida qaralishi ularning o‘rganishda faolroq bo‘lishiga va onlayn ravishda ham bemalol fikr bildira olishiga imkon yaratdi.
Stirling universitetining iqtisod fani o‘qituvchisi Pol Kovel «yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarga qaramasdan, pandemiyadagi ta'limdan o‘rganish kerak» bo‘lgan jihatlarni sanab o‘tgan.
Respublika ta'lim markazi axborot xizmati Pol Kovil e'tibor qaratgan oliy ta'limdagi muammolar va ularning yechimlarini, COVID-19’dan keyin davom ettirish juda muhim bo‘lgan oliy ta'lim bilan bog‘liq beshta jihatni keltirdi.
Ta'limda texnologiya
Oliy o‘quv yurtlari talabalarining iqtisodiy sarmoyalari va xatti-harakatlariga bag‘ishlangan bir qator asarlar yaratgan tadqiqotchi sifatida, men doim ta'kidlab kelganman: «Ta'lim jarayonida bilim olishni sinfdan tashqarida chuqurlashtirish zarur».
Bu faoliyatni qo‘llab-quvvatlash uchun texnologiyadan foydalanishning ulkan imkoniyatlarini o‘rganish kerak. Biz pandemiya davrida ma'ruza zallari bo‘shab qolgandagina bu imkoniyatni ishga solishga kirishdik.
Pandemiyadan oldin, onlayn o‘qitish muhiti asosan virtual hujjatlar kabineti sifatida mavjud edi. Bu — o‘quv materiallari do‘koni bo‘lib, u yerda o‘quv jarayoni bo‘lib o‘tmagan.
Pandemiya onlayn maydonda nimalar qilish mumkinligini yanada aniqlashtirdi: u jalb qilish, boyitish va kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin.
Mana endi video va interaktiv ommaviy axborot vositalar bilim olishning bir qismiga aylandi. Muhokama doskasi fikrlarni yozib olish, ularni darsdan keyin ham qayta eshitish va suhbatlarni davom ettirishga imkon beradi.
Vazifani qayta belgilash
Talabaning qanchalik faol ekanini aniqlash doim munozarali bo‘lib kelgan. Bu ko‘p hollarda kontekstga qarab farq qiladi. Ammo bu, asosan, o‘quvchining o‘quv jarayonidagi ishtirokini anglatar edi.
Pandemiyadan oldin talabaning kursdagi ishtiroki ular shaxsan ma'ruza yoki mashg‘ulotlarga kelgan-kelmagani bilan o‘lchanar edi. Biroq na o‘qituvchi, na talabalar dars xonasida jismonan mavjud bo‘lmasdan turib sifatli ta'lim olib borilishini hatto tasavvur qila olmasdik.
Talabalar darslarga onlayn rejimda qatnashayotganda, shunchaki ma'ruzada qatnashish uchun uzoq yo‘l bosib o‘tishga sarflagan vaqtlarini ko‘proq izlanishga sarflashi mumkin. Bu, ayniqsa, yashaydigan joyidan mashg‘ulotlarga muntazam qatnashni qiyin deb hisoblagan, lekin o‘zining bilim va ko‘nikmalarini onlayn tarzda bemalol namoyish eta oladiganlar, uyda ota-onasi yoki bolalariga g‘amxo‘rlik qilishi kerak bo‘lgan talabalar uchun ayni muddao bo‘ldi.
Ijodiy baholash
Ma'lum bir belgilangan vaqt oralig‘ida, hammadan bir paytda, jimjitlikda olinadigan yozma, yakuniy imtihonlarni o‘tkazish pandemiya davrida imkonsiz edi.
Bu har ikki tarafning sog‘ligi uchun xatarli ekanidan tashqari, talabalarga ijodkorlikni aniq namoyon qilishga imkon bermaydi. Talabalar universitetdan tashqarida kirib bora oladigan haqiqiy dunyoni o‘zida yetarlicha aks ettira olmaydi.
Odatiy imtihonlar asosan mavzuga doir izlanishdan ko‘ra, ma'lumotlarni yodlab olishga urg‘u beradi.
Keyslarni o‘rganish, ma'ruza mavzusiga doir gazetalarni to‘plash, bloglarni kuzatish, eshitganlarini yozib borish kabi ochiq manbalarga asoslangan baholash uslublari esa qiziquvchanlik hamda ilmiy izlanuvchanlikni rag‘batlantiradi.
Shunday qilib, baholash o‘rganish jarayonining bir qismiga aylanadi. Men o‘z darslarimda an'anaviy bayonlardan ko‘ra talabalardan videolar, eshittirishlar va bloglar haqida so‘rashni ma'qul ko‘raman.
Talabalar hamkorlar rolida
Onlayn o‘rganish talabalardan ishtiyoqni talab qiladi. Bu jarayonda talaba va ma'ruzachi muvaffaqiyatga erishish uchun birgalikda qattiq harakat qilishi kerak bo‘ladi. Ko‘p holatlarda, bu universitetlar o‘z talabasini o‘qish jarayonidagi hamkor sifatida ko‘rishiga sabab bo‘ladi.
Talabalar hamkorlikdagi mashg‘ulotlarni va baholash tizimini ishlab chiqadi hamda o‘zlashtirish jarayonining faol ishtirokchisiga aylanadi. Ular doimiy ravishda o‘z fikrini bildirish uchun ham jonli, ham onlayn ta'lim shakliga mos bo‘lgan usulni tanlaydi.
Uslubni o‘zgartirish
Universitet ta'limi uchun bir nechta fan uchun tayyorlangan ma'ruzalar va qo‘llanmalar jamlanmasi har doim ham maqsadga muvofiq deb topilavermaydi.
Hech qanday ogohlantirish va tajribasiz onlayn o‘qitishga kutilmaganda o‘tilishi o‘qituvchilar va talabalar uchun qiyin bo‘ldi. Ammo rejalashtirish uchun vaqtning kam bo‘lishi, onlayn ta'lim joriy etilishi ma'ruzachilar uchun mavzulardan eng mutanosibini tanlab olishga e'tibor qaratish imkonini yaratdi.
Ma'ruzachilar o‘z «yetakchi» rollarini o‘qituvchiga ham fizik bo‘shliqqa safar qilish imkonini beruvchi virtual sayohatlar bilan almashtirdilar.
COVID-19 ta'lim uchun muhim chaqiriq bo‘ldi. Universitetlar, maktab va kollejlar bu chaqiriqdan kelajak uchun o‘qish va o‘qitishni yaxshilashni o‘rganishlari kerak, deya fikr bildirgan olim.
Mavzuga oid
16:29 / 21.10.2024
Kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi
20:48 / 04.10.2024
Marburg bezgagi global tarqalishining xavfi past - JSST rahbari
18:35 / 03.10.2024
O‘zbekiston global bilimlar indeksida 78-o‘rinni egalladi
23:16 / 30.09.2024