Light | 18:36 / 18.01.2019
33963
10 daqiqa o‘qiladi

Jahonga yo‘l faqat ingliz tili orqali emas

Foto: Pinterest

Globallashuvning asosiy omillaridan biri turli millat va elatlarning bir-biri bilan bevosita muloqoti hisoblanadi. Bunda chet tillarini jiddiy, intensiv, samarali o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.

Aynan ana shu masala dolzarbligi, yaqin ikki yilda O‘zbekistonda tobora aktuallashayotgan va intensivlashayotgan xalqaro aloqalar, uchrashuvlar, konferensiya va seminarlardagi muloqotlar chog‘ida yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Ayrim hollarda bu muloqotlarning asosiy bog‘lovchisi – tarjimonlarning uquvsiz va hafsalasizligidan chet ellik mehmonlar oldida noqulay ahvolda qolyapmiz. Ilmiy daraja va unvonga ega bo‘lgan chet tillar mutaxassislarning og‘zaki va yozma tarjimalarida informatsiyaning muhim qismi tushirib qoldirilayotgan vaziyatlar ham uchramoqda, deb yozilgan «Ma'rifat» ​gazetasida chop etilgan maqolada.

O‘zbekistonda tarjimonlar tayyorlashni qoniqarli, deb bo‘lmaydi. Masalaning tarixiga kelsak, yurtimizda chet tillari sifatida g‘arb tillaridan asosan nemis, ingliz, fransuz, ispan, sharq tillaridan esa arab, fors, hind, xitoy, koreys tillari o‘rganilayotganiga salkam 100 yil bo‘lyapti. Bu tillarni o‘rgatish dastavval Toshkent hamda Samarqand davlat universitetlarida, keyinchalik Toshkent davlat pedagogika institutida boshlangan edi. 1948 yilga kelib alohida Chet tillari pedagogika instituti tashkil etildi. O‘qitiladigan tillar o‘rtasidagi o‘zaro mutanosiblik hozirgiday ingliz tiliga 97 foiz, boshqa hamma tillarga 3 foiz emas, deyarli bir xil o‘rin (kvota) ajratilar edi. O‘sha paytlarda ona tilimiz bo‘lmagan rus tili esa deyarli ikkinchi ona tili sifatida o‘qitilardi.

2012 yil 10 dekabrda «Chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi. Unga binoan 2013 yildan xalq ta'limida chet tillarini o‘qitish avvalgiday 5-sinfdan emas, balki 1-sinfdanoq yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan. Bu, albatta, zamon talabi. 

Biroq qarorda o‘rganilayotgan chet tillari sifatida asosan degan urg‘u birgina ingliz tiliga qaratilganligi ancha-muncha munozarali holatga sabab bo‘ldi. Bu ingliz tilining xalqaro til ekanligi bilan izohlanadi. Natijada xalq ta'limi tizimidagi barcha ta'lim muassasalarida asosan va hatto faqat ingliz tili o‘qitilishi joriy etildi. Maktablarda ishlayotgan barcha nemis va fransuz tili o‘qituvchilariga qisqa muddatli kurslarda malaka oshirib, ingliz tili o‘qituvchisi sertifikatini olib kelish, aks holda ishdan bo‘shash sharti qo‘yildi. Bunday talabga hamma ham tayyor bo‘lmagan.

Natijada qariyb 5 mingga yaqin nemis va fransuz tili o‘qituvchilari ishdan bo‘shatildi. Busiz ham katta ijtimoiy muammoga aylanib borayotgan ishsizlik oliy ma'lumotli malakali kadrlar hisobiga «ko‘paytirildi». Basharti, mamlakatda asosan ingliz tili o‘qitilishi kerak bo‘lganda ham, masalaga bu tariqa biryoqlama yondashmay, o‘zgarishlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish kerak edi. 

Maorifchilar «Ota-onalar xohlashyapti» degan javob bilan o‘zlarini oqlashdi. Natijada mamlakatda 97 foiz ingliz tili o‘qitila boshlandi. 

Til o‘rgatishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — chet tili yordamida uzoq va yaqin mamlakatlar, avvalo, rivojlangan davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shu yo‘l bilan o‘z mamlakatini turli jabhalarda rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqishdir.

Masalan, O‘zbekiston rivojiga bevosita hissa qo‘shayotgan davlatlardan biri Germaniya Federativ Respublikasidir. 1994 yilda imzolangan Germaniya — O‘zbekiston hamkorlik shartnomasi asosida ikki mamlakat uchun manfaatli qator loyihalar yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, «MAN» yuk mashinalarini ishlab chiqarish, Germaniyaning «Kemnits» zavodi to‘qimachilik texnologiyasining paxtani qayta ishlashda qo‘llanilishi, ta'lim tizimidagi chet el fondlari — Konred Adenaur fondi, Fridrix Ebert fondi, Gyote instituti, Humboldt fondi. Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Endi «Chet tillarini o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror loyihasida yo‘lga qo‘yilgan salbiy holatlar nimalarda aks etishiga muxtasar to‘xtalsak.

Birinchidan, «Asosan o‘rganiladigan chet tili maqomi»dan mahrum etilgan tillar va ularning vatani bo‘lmish Avstriya, Germaniya, Shveytsariya va Fransiyaning xalqaro maydon va Yevropa Ittifoqidagi o‘rnini hisobga olmaslik.

Ikkinchidan, biz yuqorida tilga olingan iqtisodiy omilni inobatga olmaslik.

Uchinchidan, asosiy deb belgilangan va ikkinchi darajadagi boshqa tillardan didaktik tayyorgarliksiz (o‘quv-me'yoriy hujjatlar, dars ishlanmalari) ish boshlash. (Bu hujjatlar «poyezd yurib ketgandan» so‘ng yilma-yil, yo‘l-yo‘lakay tuzila bordi).

To‘rtinchidan, metodik xususiyatni nazarda tutmaslik. Chet tili o‘qitishni o‘quvchilarni nafaqat gapirish hamda tinglab tushunish, ayni paytda o‘qish va yozishga ham o‘rgatishdan boshlash lozimligi, nutq ko‘nikma va malakalarining o‘zaro mutanosibligi buzilganligi (asosiy maqsad — gapirish va tinglab-tushunishga qaratilib, o‘qish va yozishni butunlay unutish) inobatga olinmaganligi. Natijada 1-sinf o‘quvchilari yil davomida darslikdagi topshiriq va mashqlarni o‘qib, bajarish tugul, hatto shu darslikning nomini ham to‘g‘ri o‘qiy olmaydi. Ona tili tajribasiga asoslanib, noto‘g‘ri talaffuz qiladi (bu didaktik vazifalarni o‘quvchilar hech qanday metodik tayyorgarligi bo‘lmagan ota-ona yordamida bajarishi kerak emish...) Bu esa xalqaro ta'limiy tajribani noto‘g‘ri talqin qilish va tushunmaslik natijasidir.

Beshinchidan, ta'lim muassasalaridagi o‘quv sharoiti va vaziyatni hisobga olmaslik natijasida barcha maktablar va sinflar ingliz tilini o‘qitadigan pedagog kadrlar bilan ta'minlanmagan.

Oltinchidan, ayrim viloyatlardagi universitetlar (Sirdaryo va Namangan)da nemis tili mutaxassisligi o‘qitilib turgan bir paytda barcha maktablarda nemis tilini o‘qitish umuman to‘xtatib qo‘yildi.

Yettinchidan, ingliz tilini o‘qitishni yo‘lga qo‘yish uchun 5000ga yaqin ingliz tili o‘qituvchilariga ehtiyoj hatto bugunga qadar (6 yildan buyon) to‘la qondirilmagan. Bu bo‘shliqni to‘ldirish uchun esa sobiq nemis va fransuz tili o‘qituvchilari 4 oyda bir «yumalatilib», (to‘rt yilda o‘rgatolmagan va o‘rganolmagan mutaxassislar ingliz tilini o‘rgata oladi, degan sertifikat bilan) ishga jalb qilindi.

Sakkizinchidan, nemis va fransuz tillarining dunyo tamaddunidagi ahamiyatiga e'tibor qilmaslik. Jumladan, nemis tili Yevropa Ittifoqining asosiy ishchi tili maqomida, shuningdek, nemis tili fan va texnologiyalar tili hisoblanadi. Qolaversa, nemis tili Avstriya, Germaniya va Shveytsariyaning davlat tili, Lyuksemburg, Lixtenshteyn, janubi-sharqiy Fransiya, Shimoliy Italiya, Chexiya va Vengriya kabi mamlakatlarda yashovchi nemiszabon xalqlarning kommunikatsiya tili ekanligi ham e'tibordan chetda qoldirilgan.

To‘qqizinchidan, mamlakatimizga kelayotgan sayyohlarning asosiy qismi Yevropaning nemiszabon, farang hududlari vakillaridir.

Nemis tili ixtisosligi o‘quv rejasida pedagogika, psixologiya va metodika fanlariga Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida boshqalarga nisbatan 3 baravar ko‘p o‘quv kvotalari ajratilgan. Bu esa o‘qituvchi uchun juda zarur bo‘lgan kasbiy tayyorgarlikni kafolatlaydi. Shu sababdan nemis tili o‘qituvchilarini tayyorlash vazifasi asosan pedagogika universiteti va institutlari zimmasiga yuklatilmog‘i lozim. Ammo ayni paytda ahvol buning aksi. 

Yetakchi pedagogika universitetida Germaniyaning Frayburg va Haydelberg pedagogika universitetlari bilan hamkorlik shartnomasi bo‘la turib, o‘nlab o‘qituvchi Germaniyada malaka oshirib, talabalar 1-semestrdan til o‘rganib kelmoqda. Shunday bir paytda nemis tili bo‘limi va kafedrasi 2016 yilda tugatilgan, nemis tili o‘qituvchilari tayyorlash esa asosan nopedagogik, jumladan, filologik yo‘nalishdagi universitet va chet tillari institutlariga yuklangan. 

O‘qituvchilarni klassifikator bo‘yicha va yetakchilik maqomiga ega bo‘lgan maxsus pedagogik va metodik yo‘naltirilgan me'yoriy hujjatlarni yaratib berayotgan yetakchi pedagogika universitetlari va institutlari tayyorlashi kerak. Biroq qator viloyatlar (Qashqadaryo, Surxondaryo, Qoraqalpog‘istondagi oliy o‘quv yurtlari)dagi nemis tili bo‘limi va kafedralarida nemis tili nazariyasi, uni o‘qitish metodikasiga ixtisoslashmagan, ilmiy darajasi, unvoni yo‘q o‘qituvchilar dars bermoqda.

Muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, chet tillariga e'tibor berilayotgan bir paytda nemis tilining chet tillar orasidagi ulushini 3 foizdan 30 foizga ko‘tarish kerak, deb hisoblaymiz.

Xurram Rahimov, Germaniyadagi Olmon-O‘zbek ilmiy jamiyati raisi,
 O‘zbekiston nemis tili o‘qituvchilari assotsiatsiyasi raisi, professor

Mavzuga oid