Jahon | 19:37 / 26.08.2018
27429
2 daqiqa o‘qiladi

Uchuvchi so‘nggi parvoz oldidan ta'sirli nutq so‘zladi

«Totoy» taxallusi bilan tanilgan «Cebu pacific» aviakompaniyasi kapitani Rizalino Irizarining so‘zlagan nutqi tushirilgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Maktan orollari tomon harakatlanishi kerak bo‘lgan 600-reys uchuvchisi parvoz oldidan o‘z kabinasidan chiqqan va yo‘lovchilarga bu uning oxirgi xizmat vazifasi ekanligini ma'lum qilgan.

«Bugun men uchuvchi sifatida so‘nggi bor samolyot bortiga ko‘tarildim. Aviatsiya sohasidagi 48 yillik faoliyatim men uchun juda qadrli. Ekipaj va oila a'zolarimga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman», deydi havo kemasi kapitani.

An'anaga binoan, Irizarini Kebu aeroportida o‘t o‘chirish mashinalari yordamida tashkil etilgan «suv qutlovlari» orqali kutib olindi. Parvoz yakuniga yetganidan so‘ng, yo‘lovchilar uchuvchini samimiy qutlashgan va birga suratga tushishgan.

Yo‘lovchilardan birining fikriga qaraganda, kapitanning oila a'zolari ham samolyot bortida bo‘lgan.

«Uchuvchi o‘z kabinasidan chiqib, mikrofonga yaqinlashar ekan, biroz cho‘chib ketdik. Odatda favqulodda holatlar yuzaga kelganda shunday qilishar edi. Lekin uchuvchining so‘nggi xizmat kuni ekanligini bilib, biz ham xursand bo‘ldik. Bu tarixiy parvozda bevosita qatnashish biz uchun yoqimli bo‘ldi», deydi yo‘lovchi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid