12:09 / 08.12.2018
14082

Prezident: «Eng zarur yo‘nalishlar bo‘yicha iste'dodli yosh kadrlarni chetda o‘qitishga majburmiz»

Foto: iStock

«O‘zbekiston» xalqaro anjumanlar saroyida 7 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 26 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev ma'ruza qildi.

Bildirilishicha, joriy yilda xalq ta'limi tizimini isloh qilish, pedagog-o‘qituvchilar uchun munosib mehnat sharoitini yaratish bo‘yicha ham sezilarli ishlar amalga oshirildi. O‘qituvchilarning ish haqi bosqichma-bosqich ko‘paytirilib, ularni rag‘batlantirishning yangi mexanizmlari joriy qilinmoqda.

«Ta'lim tizimining keyingi bosqichi – oliy ta'lim sohasida ham salmoqli islohotlar olib borilmoqda.

So‘nggi ikki yilda mamlakatimizda 5 ta yangi oliy ta'lim muassasasi hamda 12 ta nufuzli xorijiy oliy o‘quv yurtining filiallari tashkil etildi.

Mamlakatimiz taraqqiyoti uchun iste'dodli kadrlarni yetakchi xorijiy ta'lim markazlarida tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etilganidan xabaringiz bor.

Qanday og‘ir bo‘lmasin, tan olishimiz kerak, yurtimiz ravnaqi uchun eng zarur yo‘nalishlar bo‘yicha izlanuvchan, iste'dodli yosh kadrlarni chetda, rivojlangan davlatlarda o‘qitishga majburmiz. Shuning uchun ham Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, oliy o‘quv yurtlari, mamlakatimizdagi ilmiy markazlar “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan yaqin hamkorlikda samarali ish olib borishi kerak», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Top