O‘zbekiston | 10:34 / 02.12.2020
5422
2 daqiqa o‘qiladi

Budjet jarayoni shaffofligiga rioya qilmagan mansabdor shaxslar jarimaga tortiladi

Qonunchilik palatasining 2020 yil 1 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida “O‘zbekiston Respublikasining budjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi qonun, Budjet kodeksi va Buxgalteriya hisobi to‘g‘risidagi qonunga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Xususan, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga budjet jarayonining shaffofligini ta'minlash, ya'ni vazirlik va idoralar tomonidan o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida davriy moliyaviy hisobotlarini, o‘z tasarrufidagi budjet tashkilotlari kesimida mablag‘lar taqsimotini va kapital qo‘yilmalar hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalarning ijrosi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni har chorakda joylashtirib borish tartibini buzganlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorda jarima qo‘llash nazarda tutilmoqda. Hisob palatasi budjet jarayoni shaffofligi ta'minlanganligini nazorat qiluvchi organ etib belgilanmoqda.

Budjet kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, konsolidatsiyalashgan budjetni tuzishda mablag‘ qamrovlarini oshirish hamda davlat budjetining shaffofligini ta'minlash maqsadida budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari konsolidatsiyalashgan budjeti tarkibiga kiritilmoqda. Shuningdek, mahalliy budjetlar tomonidan davlat grantlari, subsidiyalar va ijtimoiy buyurtma shaklida nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash xarajatlari belgilanmoqda.

Davlat budjeti loyihasini ishlab chiqishda muhim bo‘lgan budjet so‘rovi instituti takomillashtirilmoqda. Mahalliy budjetlar hisobidan moliyalashtirish manbasi aniq bo‘lmasdan boshlangan tadbirlarni va (yoki) parallel loyihalashtirish, tender savdolarini o‘tkazmasdan amalga oshirilgan qurish va ta'mirlash ishlarini moliyalashtirishning oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha cheklovlar kiritilmoqda.

Deputatlarning so‘zlariga ko‘ra, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi budjet tizimi va budjet jarayonini takomillashtirishga qaratilgan vazifalarning samarali bajarilishiga xizmat qiladi.

Mavzuga oid