«Olis hududlarda ish boshlaydigan vrachlarga 30 mln so‘mdan yordam puli hamda xizmat uylari beriladi» – Shavkat Mirziyoyev
«Qishloq shifokori» dasturi doirasida olis hududlarda ish boshlaydigan mingdan ortiq vrachlarga 30 million so‘mdan yordam puli beriladi hamda ular xizmat uylari bilan ta'minlanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomada ma'lum qildi.
Prezident parlamentga murojaatida tibbiyot sohasini isloh qilishga qaratilgan o‘zgarishlarni sanab o‘tdi.
«Tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini kuchaytirish, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmatni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish zarur.
Bu borada birlamchi bo‘g‘inda umumiy amaliyot shifokori o‘rniga oilaviy shifokor va unga 5 nafar yordamchi-hamshiradan iborat tibbiy brigadalar tashkil qilinadi.
Har bir mahallada, eng avvalo, 5 yoshgacha bolalar, shuningdek, tug‘ish yoshidagi va homilador ayollar, nogironligi bo‘lganlar, qon-tomir, onkologik, endokrin kabi kasalliklarga moyilligi bo‘lgan fuqarolar bilan ishlashning alohida tizimi joriy etiladi.
Shu bilan birga, davlat tomonidan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari ro‘yxati qayta shakllantirilib, ular bilan aholini kafolatli ta'minlash tizimi bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda birlamchi bo‘g‘in qamrovini kengaytirish maqsadida kelgusi 3 yilda 315ta oilaviy shifokor punkti va 85ta oilaviy poliklinika ishga tushiriladi.
Bundan tashqari, «qishloq shifokori» dasturi doirasida olis hududlarda ish boshlaydigan mingdan ortiq vrachlarga 30 million so‘mdan yordam puli beriladi hamda ular xizmat uylari bilan ta'minlanadi.
Olis va chekka hududlarda birlamchi va ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish va ehtiyojmand aholi uchun skrining tadbirlariga xususiy shifoxonalar ham jalb qilinib, ularga subsidiya ajratiladi.
Aholiga eng yaqin, uning salomatligi bilan bevosita shug‘ullanadigan o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlari – hamshira va feldsherlarning obro‘si va mavqeini oshirishga alohida urg‘u beramiz.
Jumladan, 47ta Ibn Sino texnikumini har yili bitiradigan 20 mingdan ortiq o‘g‘il-qizlarimiz tibbiyotning bir nechta sohalarida kasb egasi bo‘lib chiqadi», dedi davlat rahbari.
Murojaatnomada qayd etilishicha, o‘rta bo‘g‘in tibbiyot xodimlariga «hamshiralik ishi» bilan mustaqil shug‘ullanish uchun ruxsat beriladi.
Kelgusi yildan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi. Prezident parlamentga murojaatida mazkur yo‘nalishdagi ishlarga 100 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishini ta'kidladi.
«Ona va bola sog‘lig‘iga e'tibor – jamiyatga, kelajakka e'tibor. Shu maqsadda, keyingi yildan boshlab, 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar va homilador ayollarga 7 turdagi vitaminlar, bolalar uchun parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bepul tarqatiladi.
Bu jarayon bilan 2021 yilda 11 million nafar, 2022 yilda 17 million nafar aholi qamrab olinadi va bu ishlarga 100 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Ayollar va bolalarni yod, temir, foliy kislotasi, vitaminlar va parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul ta'minlash orqali aholi o‘rtasida kamqonlik 25 foizga kamaytiriladi», dedi davlat rahbari.
Mavzuga oid
15:56 / 08.10.2024
Tug‘uruqxonalardagi o‘limni qanday kamaytirish mumkin? – Saudiyada ishlayotgan o‘zbek shifokori bilan suhbat
17:35 / 03.10.2024
Sirdaryoda nogiron bolaning onasidan tibbiy xulosa uchun pul olgan shifokorga hukm o‘qildi
11:50 / 17.09.2024
«Chegara bilmas shifokorlar» Rossiyadagi faoliyatini to‘xtatganini e’lon qildi
12:19 / 10.09.2024