19:05 / 12.12.2021
17176

«Moddiyat ustun bo‘lmasligi kerak» - Koreyadan 100 kg kitob olib qaytgan professor bilan suhbat

2021 yilda Inha universitetida doktorantura bosqichini tamomlagan iqtisodchi Valijon To‘raqulov «Osmondagi bolalar» loyihasining navbatdagi mehmoni bo‘ldi. U suhbat davomida kitobga bo‘lgan mehrni uyg‘otish, bolalarni yoshligidan ilmga qiziqtirish, ta'limni xususiylashtirish, Janubiy Koreya va O‘zbekiston ta'lim tizimini qiyoslash, O‘zbekiston JSTga kirsa, qanday o‘zgarishlar bo‘lishi hamda jamiyatni qiynaydigan turli mavzularda to‘xtalib o‘tdi.

Faoliyatning boshlanishi...

— 2015 yildan men uchun yangi hayot boshlandi, ham uylandim, ham doktorantura bosqichini boshladim. Doim bir shaharda yashab yurganman va o‘sha yildan turmush tarzim tubdan yangilandi. Ya'ni yangi oila, yangi shahar, yangi universitet. 2015 yilda doktorantura bosqichini boshlagan bo‘lsam, 2021 yil boshlarida o‘qishni bitirib, sentyabr oylarida vatanga qaytdim va hozirda AKFA universitetida ishlayapman.

Men Xalqaro savdo bo‘yicha iqtisodchiman, ya'ni «Xalqaro savdo iqtisodchisi»man. Doktorlik ishim mavzusi – «Markaziy Osiyo davlatlaridagi savdo xarajatlari va o‘sha xarajatlarni qanday qilib tushirish» bo‘lgan. Bu mavzu bo‘yicha juda ko‘p joylarda ma'ruza qildim, xalqaro jurnallarda maqolalar nashr etdik va xudoga shukr, o‘qishni bitirib oldik.

— Koreyadan 100 kg kitob bilan kelgan ekansiz? Umuman olganda, ana shu kitoblarni o‘qishdan nima manfaat bor deb o‘ylaysiz?

— Kitob — bu ilm manbayi. Bilasizki, darajalar bor. Birinchi, axborot, keyin ilm va oxiri hikmat turadi. Men bu savol uchun ikki fikr bildirmoqchiman.

Birinchisi – ilmni faqat kitob beradi. Kitob orqali ilm olaverasiz va oxir-oqibat hikmat darajasiga chiqasiz. Kompyuter yoki televideniye sizga yo ma'lumot beradi, yo axborot beradi. Axborot texnologiyalari – bu ilm manbayi emas. Bu narsalar tartibli bo‘lishga va bir mavzuni to‘liq o‘rganishga yo‘l qo‘yib bermaydi.

Ikkinchisi – kitoblarni kamida 30-40 yoshdan yuqori bo‘lgan insonlar yozadi. Odam muvaffaqiyatga erishish uchun kimlardir qilgan xatolarni qilishi shart emas, ya'ni o‘sha xatolarni, kamchiliklarni allaqachon yozib qo‘yganlar bor. Badiiy yoki ilmiy kitob bo‘ladimi, kitob yozayotgan muallifning xayolidagi fikrlar yoziladi. Yozuvchining xato va kamchiliklari, yutuqlari o‘sha kitobda mujassam bo‘ladi va siz juda ham ko‘p ilm olasiz.

Vatanga qaytganimda bir narsaga hayron qoldim, Toshkentda uy olmoqchi bo‘lganimizda hech bir uyda kitob javoni yo‘q ekan. To‘g‘ri, uy dizayni, qurilishi yaxshi, hattoki, Koreyadagi uylar ham bunchalik hashamatli emas. Lekin ularning har bir xonadonida kitob javonlari bo‘ladi. Kitobsevar inson sifatida «Har birimizning uyimizda kitob javoni bo‘lishi kerak», degan bo‘lardim.

Foto: YouTube / Osmondagi bolalar

— Janubiy Koreya va O‘zbekistonda ta'lim tizimi qanday? Qiyoslay olamizmi?

— Albatta, qiyoslasak bo‘ladi va kattagina farq bor. «Rivojlanish – bu ta'lim, ta'lim – bu rivojlanish», ikkisi paradoks.

Taqqoslashni avvalo yoshlikdan boshlasak, ya'ni bolalar bog‘chasidan. Janubiy Koreyada bir an'ana bor, O‘zbekistonda bu an'ana yo‘q. Onalar bolalari nechta to‘garakka borishi bilan maqtanib gaplashadi. Bizda esa hashamat, to‘ylar haqida gaplashishadi. Men boshlang‘ich maktablarda dars berganimda bolalardan nechta akademiyaga borishi haqida so‘rardim. Ular olti yoki yetti akademiyaga borishini aytardi. U bolalarga bir tomondan rahmim ham kelardi, ular bolalikni ko‘ra olmasdi. Chunki onalar farzandi qo‘shnisining farzandidan ortda qolishini xohlamasdi. Bolalar darsdan chiqishadi, sport to‘garagiga boradi, undan chiqib chet tillariga boradi, undan keyin olimlikka. Ularda bo‘sh vaqt qolmaydi. Bolalar shunday tarbiyalagandan keyin shu tizimga o‘rganadi va ularda o‘z-o‘zidan «Men doim bandman va shunday o‘qishim kerak», degan fikr shakllanadi.

Universitetlarni taqqoslaydigan bo‘lsak, ba'zida uyga tungi vaqtlarda qaytar edim, kechasi soat 2-3larda ham talabalar kutubxonadan kelayotgan yoki kutubxonaga borayotgan bo‘lishadi. U yerda kutubxonalar kuniga 24 soatdan 365 kun ishlaydi. Kutubxonada kerakli shart-sharoitlar bor va ular doim o‘qish bilan band.

Bunda ota-onalar va hukumatning o‘rni juda katta. Chunki Koreya ancha avvalroq maktablarni, universitetlarni xususiylashtirishga o‘tgan. O‘zingiz bilasizki, xususiy sektor sifat va mahsuldorlik jihatdan anchagina rivojlangan bo‘ladi. Agarda biz ham xususiylashtirishga o‘tsak, ta'lim tizimimiz tez orada yaxshilanadi va o‘z natijasini beradi. Bunga oldinroq o‘tganimizda, hozirgi ta'lim tizimi bundan-da rivojlangan bo‘lardi.

— Sizningcha, ilmga bo‘lgan munosabatni qanday o‘zgartirsa bo‘ladi?

— Yoshlar ilm olganda yoki biror ixtiro qilganda, rag‘batlantirish lozim. Nima uchun sportchilar tinmay harakat qilishmoqda? Ular biror yutuqqa erishsa, davlat tomonidan yaxshi rag‘batlantiriladi. Ilm yo‘lida ham shunday rag‘batlar bo‘lishi kerak. Ilmga bo‘lgan munosabatni faqat rag‘bat orqali o‘zgartirsa bo‘ladi. Sababi iqtisodchilarda rag‘bat masalasi katta rol o‘ynaydi. Odamlarni, jamiyatni rag‘bat boshqaradi. Insonlar moddiy jihatdan rag‘batlantirilsa, ularda ilmga bo‘lgan munosabat o‘zgara boshlaydi. O‘zi har qanday hukumatda boshqaruv yo‘lida majburlash va rag‘bat usuli bor. Davlat rag‘bat usulida boshqaruvni tanlasa, jamiyat ich-ichidan harakat qiladi. Ilm olishda ham xuddi shundaydir.

O‘ylaymanki, birinchi navbatda davlat ilmga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishi kerak va jamiyatda ham bu munosabat o‘zgaradi. Jamiyatda munosabat o‘zgarishi, ayollarimizda ham bu munosabat o‘zgarishiga olib keladi. Munosabat o‘zgardimi, ularning o‘qishi uchun, ishlashi uchun yo‘l yaratishimiz kerak bo‘ladi.

Bu fikr hamma yoshdagi o‘quvchi qizlardan tortib katta yoshdagi onalarimizga ham tegishli. Chunki ular ilm yo‘lini tanlashsa, ulardan keyingi yosh avlodda ham ilmga qiziqish, intilish bo‘ladi. Buning uchun ularning ilm olish yo‘lidagi barcha to‘siqlarni olib tashlashimiz kerak. Bizda bunday to‘siqlar juda ko‘p.

— Tadbirkorlarga ta'lim orqali biznes qilish va undan katta foyda qolishini isbotlab bera olasizmi?

— Ta'limni xususiylashtirishda faqatgina moddiy rag‘batning o‘zi yetarli emas. Qadriyatlar masalasi ham bor. Ya'ni bu xalqqa ilm berish va undan zavqlanish kabi insoniy tuyg‘ular ham katta rol o‘ynaydi. Iqtisodiy tomondan ta'limdan foyda olish, qurilish sanoatidagidek tez emas. Masalan, bir do‘stimiz O‘zbekistonda qurilish sohasi eng oson ishligini aytadi: «Uy qurishdan oldin odamlar senga pul to‘laydi, sen material olib kelib, uy qurib berasan. Investitsiya bor».

Sabrsiz bo‘lganimiz sababli, ta'limdan foyda kelishi kechroq bo‘lgani uchun ko‘pchilik ta'limga pul sarflagisi kelmaydi. Lekin hozirda O‘zbekistonda xususiy ta'lim rivojlanyapti. Tadbirkorlarga shuni aytmoqchimanki, otni qamchilash kerak, birinchi chopgan ot tezroq chopadi va ko‘pchilik unga yeta olmaydi. Sizning foydangiz sekin-sekin, muntazam keladi va boshqa bizneslarga nisbatan uzoqroqqa borasiz. Hozir boshlasangiz sizning otingiz boshqalarnikiga nisbatan tezroq chopadi.

— Nima uchun investorlar O‘zbekistonga kelmayapti? Bunga sabab nima?

— Avvalo, iqtisodiyotni rivojlantirishda qonun ustuvorligi, mulk daxlsizligi katta rol o‘ynaydi. Bu ikkisini institutsional o‘zgarishlar tashkil qiladi. Ya'ni institutsional o‘zgarishlar iqtisodiyotni bir tizimda shakllantiradi va o‘sha tizim bo‘yicha ketayotgan iqtisodiyotda qonun ustuvor, sud erkin va mulk daxlsiz bo‘ladigan bo‘lsa, investorga bo‘ladimi, ichki ishlab chiqaruvchiga bo‘ladimi, albatta rag‘bat tug‘diradi.

O‘zbekistonda investorlar kelmasligining asosiy sabablari – mulk daxlsizligi va institutsional o‘zgarishlar joy-joyida shakllanmayotgani deb o‘ylayman. Bizda yangi hokim kelsa, siz qurgan uyni keyingi hokim olib qo‘yishga haqqi bordek tuyiladi go‘yo. Umuman, sud tizimi va mulk daxlsizligi erkin bo‘lmagani, oddiy fuqarodan o‘z mulki olib qo‘yilishi mediada yaqqol ko‘rinayotgan bo‘lsa, qanday qilib investor ishonishi mumkin?

Shuning uchun davlatda avvalo, qonun ustuvorligi, sudlar erkinligi va institutsional tizim yaxshilanishi kerak. Shu holatni ko‘rib turib «Mamlakatlar tanazzuli sabablari» kitobini o‘qishni tavsiya etaman. Bu kitobda rivojlanishning turli modellari ko‘rib chiqilganda xulosa shunday bo‘lganki, rivojlanish uchun boylik rol o‘ynamaydi, gaz yoki neft kabi tabiiy boyliklar rol o‘ynamaydi. Eng asosiysi – sud tizimi, mulk daxlsizligi va o‘sha davlatdagi institutlar yaxshi, barqaror ishlashi.

— Nima uchun O‘zbekiston JSTga a'zo bo‘lmagan?

— Bunga sabab lobbistlar katta ta'sir ko‘rsatayotgani degan fikrdaman. Lobbistlar – bular katta kompaniyalardir va ular mamlakat JSTga qo‘shilishiga qarshi chiqishadi. Sababi monopol kompaniyalar xorijiy xalqaro kompaniyalar bilan raqobat qila olmaydi va sekinlik bilan sina boshlaydi. Monopol firmalar davlat qaramog‘idaligi sababli ham JSTga qo‘shilishni keyinga suradi.

Agar davlat JSTga a'zo bo‘lsa, davlat qarorlarni erkin qabul qila boshlaydi, davlat qaramog‘ida hech qanday firmalar qolmaydi. Investorlar esa u davlatda erkin savdo tizimi borligiga ishonib, qo‘rqmasdan investitsiyalarini o‘sha davlatga tika boshlaydi. Bunga asosiy sabab JSTga a'zo bo‘lgan davlatlar bilan shartnoma tuzgani va tuzgan shartnomaga muvofiq ish tutishi bo‘ladi. Buning natijasida xorijdan turli mahsulotlar kirib kela boshlaydi. Odamlarda import kirib kelsa, mahalliy mahsulotlarni sindiradi degan fikr tug‘ilishi tabiiy va hukumat ham mahalliy korxonalarni yo‘qotishdan qo‘rqadi. Import ko‘payib, eksport tushib ketadi qabilidagi fikrlar hukumatdagilarni ikkilantiradi.

Biz kirib kelayotgan mahsulotlarni xomashyo sifatida qabul qilishimiz kerak. Kirib kelayotgan xomashyo xarajatlarimizni qisqartirishga yordam beradi va mamlakat qolgan mablag‘ini ishlab chiqarish sanoatiga yo‘naltiradi.

Iqtisodiyotni bir hovuzga o‘xshatish mumkin. Suv kirsa, suv chiqadi. Shunday ekan, import kiradigan bo‘lsa, eksport ham chiqadi. Chunki har qanday eksportga turtki beradigan narsa, bu importda. Bu holat har qanday davlatda ish beradi.

O‘zbekiston JSTga a'zo bo‘lishidan birinchi navbatda UzAuto Motors zarar ko‘radi. Erkin savdodan kim ko‘p zarar ko‘radi — monopolistlar. Buning natijasida ishsizlik ko‘payadi.

UzAuto Motors kompaniyasining 25 ming ishchisi bor. Bu ko‘p bor aytilgan. 25 ming ishchini deb, 34 million aholi rizqini qirqmayapmizmikan? Aholi arzonroqqa xorijdan kelgan mashina sotib olib, qolgan mablag‘ini kichik biznesga tiksa bo‘ladi va biroz muddat o‘tgandan keyin ishsizlar soni qisqarishni boshlaydi. Mashina arzonlashi hisobiga ko‘p firmalar o‘z xarajatlarini qisqartirishi va ko‘proq mahsulot ishlab chiqarishi mumkin. Shu bilan birga, ishchilarga yuqori maosh berishadi, qo‘shimchasiga yangi ishchilar ham yollaydi. Yuqorida keltirilgan 25 ming ishsiz qolganlar sekin-astalik bilan o‘z ishini topadi. Bu muddatda ishsizlar qiynaladi. Davlat erkin savdoni cheklamasligi kerak. JSTga a'zo bo‘lingandan keyin ishsizlarga yordam berishni boshlash kerak bo‘ladi.

— Tabiiy boyliklar yaxshimi yoki yomonmi?

— Tabiiy boyliklarga boy bo‘lgan davlatda korrupsiya kuchli bo‘ladi. Tabiiy boyliklar aholini dangasa qilib qo‘yadi va ular faqat bitta sohaga e'tiborini qaratishadi. Bu ilmga bo‘lgan rag‘batni o‘ldiradi. Ya'ni boylik bor, nima qiladi ilm olib. Masalan, Saudiya Arabistoniga borsangiz, u yerda odamlarning katta qismi neft bilan shug‘ullanadi. Shuning uchun ham bizning shifokorlar u yerga borib ishlashmoqda. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, oltin, tabiiy boyliklar savdosi bilan ko‘proq yuqori qatlam ishlaydi va uning tasarrufi o‘sha qatlamda bo‘ladi.

— Korrupsiyani minimal darajaga olib kelish uchun nima ishlar qilishimiz kerak?

— Birinchidan, shunchaki jazosini kuchaytirib qo‘yish – shunchaki korrupsiya narxini oshiradi. Ya'ni jazo kuchayganda, sizda xavf kuchayadi. Bu bilan jazoni qabul qilishda ogohligingiz oshadi. Misol uchun, men avval pora bilan qo‘lga tushib qanchadir pul to‘lab chiqib ketayotgan bo‘lsam, jazo kuchaytirilganda men yana qo‘shimcha pul to‘lash orqali ozod bo‘lishim mumkin.

Shuning uchun bu yerda jazoni kuchaytirish to‘g‘ri yechim emas. Jazo muqarrarligi kuchaytirilishi kerak. Aytaylik, 10 yillik jazo bor, qandaydir yo‘llar bilan bu vaziyatdan chiqib ketishim mumkin va men bu vaziyatdan qo‘rqmayman. Lekin men 1 yillik muqarrar jazodan qo‘rqaman. Chunki 1 yillik jazo aniq o‘talishi kerak bo‘ladi va hech kim, hech qanday yengillik aralashmaydi. Bunda bizda «Pora bilan qo‘lga tushsam, pul berib ham chiqib keta olmas ekanman» kabi fikr paydo bo‘ladi. Buni bilgan odam korrupsiyaga aralashmaydi. Bu holat barchaga tatbiq qilinishi va shaffoflik kuchaytirilishi shart. Siz hatto o‘lim jazosidan pora berib chiqib ketadigan bo‘lsangiz, jazoni kuchaytirishdan foyda yo‘q-da.

«Bu diplom ishimni bor kuchini sarflab xastalik orttirgan otamga va Toshkentda o‘qishim uchun sut-qatiq sotgan onamga bag‘ishlayman…»

— 2003-2005 yillar oralig‘i edi. Biz o‘zi yaxshi yashaganmiz. Keyin dadamning ishxonasiga boshqa boshliq kelganidan so‘ng, almashish bo‘lgan. Bilasiz, hamma o‘z tanishini qo‘yadi. Shu bilan dadam oddiy ishchi sifatida ishlay boshlagan. Bu voqea akam va katta opam kontraktga o‘qishga kirgani, kichik opam abituriyent bo‘lib boshqa yerda o‘qiyotgani va men litseyda o‘qigan paytimga to‘g‘ri kelgan.

Juda ham qiyin payt bo‘lgan. Lekin ota-onam hattoki kimnidir o‘qitmaslik kerak deb o‘ylab ham ko‘rishmagan. Eslayman, shunday kunlar bo‘lgan, bitta gugurtga pul bo‘lmagan kunlar bo‘lgan. Shanba va yakshanba kunlari onam ikki tandir non yopardi va o‘sha kuni nonlarning hammasini bizga berib yuborar edi. Keyinchalik bilganmiz, dadam hafta oxirini xavotir bilan kutar ekan – bolalarimga qanday qilib pul topib beraman degan fikrda. Chunki oilamiz tanqislik holatiga to‘g‘ri kelgan.

Shunday qilib juda qiyinchiliklar bilan o‘qiganmiz. 2006 yil, 10-sinfdaligimda Farg‘onada emas, Toshkentda o‘qish yoqar edi. Bu gapni aytganimda, dadam «Toshkent qimmatroq, Farg‘onaga topshiraver» deganlar. Bir tomondan dadamning gapi to‘g‘ri edi. Sababi moddiy jihatdan pul yetkazib berolmas edilar. Ko‘zimda yosh bilan «Toshkentga topshiraman» kabi qarashda uyga kirib ketayotsam, uyda oyim qo‘lida g‘ijimlangan pullar bilan turgan ekan. Shunda oyim «O‘g‘lim Toshkentga topshiraver, mana men sut-qatiq sotib senga pul qilib beraman», degan edilar.

Bu holat menga moddiy jihatdan yordam bera olmas edi, lekin ma'naviy jihatdan katta yordam bergan. Mayli, o‘qiyveray deganman. Toshkentga borish uchun yo‘l kirani to‘g‘rilab berishgan. Toshkentga o‘qishga kelib, bu yerda o‘qib keyin o‘qishni bitirib uyga qaytganman. Bu paytda oyim «Seni Toshkentga ko‘rgani bormabmiz ham», derdilar.

O‘zi ko‘rgani bormaslik emas, ko‘rgani borish uchun imkoniyat bo‘lmaganda. Chunki u payt hammamiz talaba bo‘lganmiz. Keyinchalik kichkina opam budjetga o‘tib berganidan keyin anchagina yengillik bo‘lgan-u, lekin ota-onam qiyinchiliklarga qaramay bizni o‘qitganlar. Hattoki dadam uydagi narsalarni sotib bo‘lsa ham hammamizga pul qilib berar edi. Shunday darajada bizni o‘qitamiz deb o‘z umrlarini sarflashgan.

Foto: YouTube / Osmondagi bolalar

Diplom ishimni yozayotganimda birinchi varag‘iga «Biz uchun butun borlig‘ini bergan, ayni paytda qandli diabet bo‘lib qolgan dadamga va sut-qatiq sotib meni Toshkentda o‘qitmoqchi bo‘lgan onamga bag‘ishlayman», deya ikkita jumla bilan boshlaganman.

— Bugungi kun yoshlarining qanday muammolari bor deb hisoblaysiz?

— Bugungi kun yoshlarining maqsadsizlik muammosi bor. Bo‘lsa ham u maqsad emas, vosita. Ular maqsadni juda kichik oladi. Albatta, maqsad bilan vositaning farqi bor. Maqsad bittagina bo‘ladi, qolgan hamma narsa vosita bo‘ladi. Ya'ni katta maqsadni belgilab olish kerak va kunlik kichik maqsadlarni amalga oshirish kerak. Katta maqsadlar – bu hayotingiz qozig‘i bo‘ladi. Ya'ni siz o‘sha qoziqning atrofidagina yurasiz. Boshqa narsaga o‘tib ketmaysiz. Shuning uchun ko‘pchilik shunday muammo bilan kelsa, maqsadni katta oling deyman. Shunday gap bor: «Odamlar sizning orzuyingiz ustidan kulmayotgan bo‘lsa, demak orzularingiz juda ham kichkina ekan».

— Janubiy Koreyaga o‘qishga ketayotgan yoshlarga qanday maslahatlar berasiz?

— Janubiy Koreyada o‘zbek talabalarini ham o‘qitganman. O‘sha paytda o‘qiyotgan talabalar noqonuniy ravishda ishlab, uyiga pul yuborardi. Bu yerda ham ular maqsadni juda kichik olishgan. Ya'ni maqsad pul ishlab, uni uyga jo‘natish, mashina, uy olish bo‘lardi. Boshqa maqsad yo‘q-da bu yerda. Ularga aytgan bo‘lar edim «Koreya – bu imkoniyatlar mamlakati». Juda ko‘p ish qilsa bo‘ladi. Shunaqa qonuniy yo‘llari borki, o‘sha yo‘llarni juda ko‘pchilik bilmaydi. Masalan, magistraturaga kirib viza uchun pul to‘layotganlar bor. Lekin aslida u yerdagi magistratura bosqichini bitirib, juda zo‘r joylarga ishga kirsa bo‘ladi. Ya'ni muntazam oylik maoshni ko‘tarish mumkin. Kimdir o‘qiyotgan payt daromadi past bo‘lib turadi, lekin o‘qishni bitirishi bilan o‘qiyotgan talabaning daromadi keskin ko‘tarila boshlaydi.

Moddiyatning o‘zini maqsad qilib olmaslik kerak. Agar moddiyat bo‘lsa ham, bilim orqali topish kerak o‘sha pullarni. Shuning uchun maqsadni aniq qilib oling, u yerga borganingizda pulni ko‘rib chalg‘ib ketish mumkin.

Qilishingiz shart bo‘lgan ishlardan biri – kutubxonalarga boring. Kitob mutolaa qiling. Yaxshi jamoa shakllantiring. Katta maqsadli jamoa bilan birga bo‘ling. Xudo xohlasa, Koreyadan pul, oddiy narsalar bilan emas, balki mansab, diplom, g‘oyalar bilan qaytasiz.

— Hayotdan olgan xulosangiz...

— Xulosalarim ko‘p. Avvalo ota-onani qadrlash va ular bilan yashash masalasi. Shu paytgacha ko‘p xatolar qilganmiz, ularni ranjitganmiz. Ular xatolarimizni kechirishgan. Ularni qadrlashimiz kerak. Chunki ular omonat. Keyingi xulosalarim shaxsiy rivojlanishga doir. Mukammallikka juda ko‘p e'tibor qaratish kerak emasligi.

Misol uchun, qanaqadir topshiriq berilsa, uni o‘ta mukammal darajada qilib kelishadi. Bu yaxshi. Albatta, yaxshi darajada qilinsa ham, o‘sha ish yaxshi yakunlangan bo‘ladi. Biror topshiriqni o‘ta mukammal ravishda emas, yaxshi darajada qilsa ham bo‘ladi. Ya'ni mukammallik yaxshi ishlarni qilishda to‘sqinlik bo‘lib qolar ekan. PhD ishini ham juda mukammal qilaman deydiganlar bor. 6-8 yil umrini sarflashadi va hattoki bitira olmagan talabalar bo‘lgan.

Keyingi xulosam, holatingizga qarab single-tasking yoki multi-tasking ekaningizni anglab oling. Vaqt o‘tgan sari multi-tasking’dan single-tasking’ga o‘tib bormoqdaman. Ya'ni bor e'tiborimni bitta ishga qaratyapman va bu holat menda yaxshi kechyapti.

— Kelajakdagi rejalar...

— Kelajakdagi rejalarim katta. O‘zbekistonda «FinTech» xalqaro ilmiy institutini ochmoqchiman va bu xalqaro savdoga yo‘naltiriladi. «FinTech» ikki vazifani bajaradi. Birinchisi, ilmiy vazifani va Business consulting vazifasini. Umumiy jihatdan xalqaro institutlarga, ilmiy jihatdan va bizneslarga consulting xizmat ko‘rsatish. Hozirda bu rejani amalga oshirish uchun ilm olish va o‘z ustimda ishlash bilan bandman.

Top