«Osmondagi bolalar» loyihasining 20-soni mehmoni Qashqadaryo viloyatidagi Prezident maktabi direktori va bir qator loyihalar muallifi Sardor Sodiqov bo‘ldi. U Toshkent shahrida tug‘ilib, Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida katta bo‘lgan, avval Qarshi shahridagi 11- sonli maktabda, keyin esa Qarshi tumanidagi iqtidorli bolalar litseyida tahsil olgan. Toshkent Xalqaro Vestminster universiteti iqtisod fakultetini tamomlagan.

Suhbat davomida oliy ta’limdagi kamchiliklar, o‘quv markazlari faoliyati, Prezident maktabidagi holat, ingliz tilining ahamiyati va jamiyatdagi muammolar haqida fikrlar bildirilib, ota-onalarga va yoshlarga tavsiyalar berib o‘tildi.

Faoliyatning boshlanishi

— Vestminster universitetida 3-kursligimda aynan hayotimni o‘zgartirgan bir voqea bo‘lgan. Ko‘pchilik talabalar ishlardi. 3-kursda men ham qayerda ishlasam bo‘ladi, qo‘limdan nima keladi, deb o‘yladim. Qo‘limdan keladigani – ingliz tilini o‘qitish edi.

Hozirgacha bir o‘quv markazi bor. Avaz aka rahbarligidagi «Registon» o‘quv markazi. Shu kishining oldiga borganman va ingliz tilidan dars berishni boshlaganman. Shu voqea sabab men yuragim jiz etgan sohani topganman va doim vatanimga yordam berishni xohlaganman.

Universitetni tugatgach, Qarshi shahriga qaytib, bir o‘zim repetitorlik qilishni boshlaganman. O‘quv markaz deb yurar edim, lekin xodim bitta o‘zim. Farrosh ham o‘zim, o‘qituvchi ham o‘zim, bankka borishga ham o‘zim, soliqqa ham, hammasiga o‘zim. Tong saharda turib reklamalar yopishtirib chiqqanman. Ayni paytda Qarshi shahrida 50 dan ortiq xodim ishlaydigan, 3000 dan ortiq o‘quvchi o‘qiydigan «Global Education» markaziga rahbarlik qilyapman.

Nega Toshkentda qolmagansiz?

— Universitetni bitirgan paytimda ko‘plab katta-katta joylardan takliflar bo‘lgan, lekin men Qarshi shahriga qaytganman. Sababi, Toshkentda kadr yetarli, hammamiz Toshkentda qolib ketaversak, shuncha yil Qarshi tumanida velosipedda qatnab, oq non tuzini yeb, qanday qilib viloyatimga qaytmayman. Toshkentga keldik, bilim oldik, endi yana qaytib, u yerni gullatishimiz kerak, degan niyatda o‘qish tugagan kuni Qarshiga qaytganman. Menda kelajakda O‘zbekistonning kelajagini yaratadigan yoshlar armiyasini barpo etishga o‘z hissamni qo‘shaman, degan qat’iy qaror bo‘lgan.