Jamiyat | 10:40 / 02.05.2019
20426
13 daqiqa o‘qiladi

Forishdagi buzilishlar va qurilishlar. Tadbirkorlar nimadan norozi?

Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida olib borilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida tuman markazi — Gagarin shaharchasi bugun tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi. Aynan Mirzacho‘l tajribasidan kelib chiqqan holda Forish tumanida ham qurilish ishlari boshlab yuborildi.

Qurilish bor joyda albatta buzilish bo‘ladi, eskisini buzmay turib, yangisini qurib bo‘lmaydi. Buzilish bo‘ldiki, albatta norozilik ham bo‘y ko‘rsatadi…

Tahririyatimizga Forish tumanidagi bir necha tadbirkordan murojaat kelib tushdi.

Unda yozilishicha, tumanda boshlangan qurilish ishlari natijasida ko‘pgina tadbirkorlarning huquqlari poymol etilgan. Ushbu hududda ko‘p binolar va uylar buzib tashlanmoqda. Uy va binolarning egalariga yangilarini taqdim qilish va kompensatsiya to‘lash o‘rniga, mahalliy hokimlik vakillari bino va uylarni buzishda davom etishmoqda.

Vaziyatni o‘rganish maqsadida Forish tumanida bo‘ldik. Murojaatchilar biz bilan suhbatda ularni qiynayotgan muammo haqida bayon qilishdi.

«Forish tumani markazidagi Amir Temur ko‘chasida tadbirkorlarga tegishli savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish binolari hamda aholining jami 100ga yaqin uy joylari joylashgan. Markazda qurilish ishlari boshlanmay turib joriy yilning fevral oyi boshida Forish tumani hokimligi tomonidan Amir Temur ko‘chasi bo‘yida joylashgan bino egalariga ularning binolari joylashgan yer uchastkalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida»gi nizom asosida davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olinishi haqida ogohlantirish tarqatiladi.

Hukumat qarorining 3.1-bandida «yer uchastkalarini olib qo‘yishda yer uchastkasida joylashgan mulkning bozor qiymati oldindan to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat beriladi», deyilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Republikasining «Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqi kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunning 19-moddasi to‘rtinchi xatboshisida «Olib qo‘yilayotgan yer uchastkasidagi uyni, boshqa imoratlarni, inshootlarni buzib tashlash yoki dov-daraxtlarni qo‘porib tashlashga zararning o‘rni bozor qiymati bo‘yicha oldindan va to‘la qoplanmagunga qadar yo‘l qo‘yilmaydi», deya aniq belgilab qo‘yilgan.

Ushbu qonun va hukumat qarori, boshqa normativ hujjatlarga qaramasdan, Forish tumani hokimligi tadbirkorlarning buzilishga tushgan binolari uchun hech qanday kompensatsiya to‘lamasligini aytishmoqda.

Biz bir necha joyga murojaat qildik. Shunga qaramasdan, hokimlik mutasaddilari Forish tuman markazi bosh rejasi tasdiqlanganini ro‘kach qilib «buzilish bo‘yicha hech qanday zarar qoplanmaydi, do‘kondan chiqsang chiq, chiqmasang maxsus texnika bilan surib tashlaymiz», — deb do‘q-po‘pisa qilmoqda. Vaholanki, Jizzax viloyatining boshqa barcha tumanlarida bugungi kunda buzilishga tushgan binolar uchun tadbirkor va aholining zarari mahalliy hokimliklar yoki yo‘l fondi tomonidan to‘lanmoqda», — deydi tadbirkor Nurali Norbekov.

«Tumanimizda qurilish va obodonlashtirish ishlari boshlanganda menga tegishli bo‘lgan savdo, maishiy xizmat ko‘rsatish va ishlab chiqarish binolari buzib tashlandi. Men bu binoni besh farzandim uchun o‘z mablag‘im evaziga qurib, tadbirkorlikni boshlagandim. Eng qizig‘i, uydaligimda yaqinlarim qo‘ng‘iroq qilishib, menga tegishli binolar buzilayotganini xabar qildi.

Voqea joyiga yetib kelganimda binoning tom qismi allaqachon buzib tashlangandi. Yalindim, tortishdim ulardan binolarni buzish to‘g‘risidagi qarorni so‘radim. Afsuski, hech qanday asosni ko‘rsata olishmadi. Buzilish ishlari 1 aprel kuni bo‘ldi, menga esa 2 aprel kuni pochta orqali ogohlantirish xati kelayapti. Shu adolatdanmi?! Xullas, bormagan joyim qolmadi, shikoyatlarim javobsiz... nima qilishga hayronman», — deydi tadbirkor Sherzod Toshtemirov.

Yigirmaga yaqin murojaatchilarni birma-bir tinglarkanmiz, kimdir bozor o‘rnidagi do‘koni buzilayotganidan, mahalliy hokimlik vakillari ularga tegishli bo‘lgan yerlarni boshqalarga berib yuborganidan shikoyat qilsa, yana kimdir buzilmagan binosining oldiga hokim kelib, «buzsang buz, bo‘lmasa o‘zim haydatib tashlayman», deya po‘pisa qilayotganini aytdi. Ba'zi tadbirkorlar ichki ishlar xodimlari kelib «binoni bo‘shatasan», deya shart qo‘yayotganidan nolidi.

Vaziyatga izoh olish maqsadida tuman hokimi bilan uchrashishga qaror qildik. Tuman hokimi Abduvali Mustanovni qurilish ishlari ketayotgan markaziy ko‘cha bo‘yidagi xonadonlaridan birida uchratdik.

«Men sizni juda yaxshi tushundim, kelganingiz yaxshi bo‘ldi. Ha, albatta, bugun Forish tumanida ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Aynan ko‘rganingizdek buzilishi mo‘ljallangan xonadonlarga respublika «Xalq banki» vakillari hamda bir qator mutasaddilar bilan birgalikda kirib tushuntirish ishlari olib boryapmiz. Siz aytayotgan murojaatchilarning barchasi bilan shaxsan tanishman. Tahririyatingizga arz qilgan fuqarolarni birma-bir bir necha marta qabul qilib, vaziyatni tushuntirganman. Kerak bo‘lsa, o‘z yordamimni taklif qilganman, shubhaga o‘rin qoldirmaslik uchun, keling, shu yerda muammoni hal qilib olsak», — dedi tuman hokimi Abduvali Mustanov.

Tuman hokimining taklifi bilan barcha tashkilot rahbarlari va mutasaddilar ishtirokida shu yerning o‘zida ochiq muloqot tarzda o‘tkazilgan suhbat davomida tadbirkorlar Nurali Norbekov, Sherzod Toshtemirovdan tashqari boshqa murojaatchilar shunchaki eshitgan taxminlarga asoslanib, mish-mishlarni ro‘kach qilib, murojaat yo‘llashgani ayon bo‘ldi. 

Foto: Forish tumani hokimi Abduvali Mustanov va murojaatchi

«Ayni paytda, Bog‘don shaharchasi markazidagi bozor boshqa hududga ko‘chiriladigan bo‘ldi. Eski bozor o‘rnida esa qariyb 1 gektar maydonda istirohat bog‘i barpo etiladi. Shaharchadagi barcha tashkilotlar va aholi xonadonlari to‘liq yangilangan kanalizatsiya tarmog‘iga ulanadi. Amir Temur ko‘chasida 5 km masofada 4 qatorli yo‘l bunyod etiladi. Yo‘lning ikki tarafida piyodalar uchun trotuar va velosiped yo‘lkasi quriladi.

Tadbirkorlar uchun yangi bunyod etiladigan bozor hududidan savdo rastalari va do‘konlar qurish uchun maydon ajratib beriladi. Biz hech kimning do‘konini tortib olish niyatida emasmiz. Ularga bir necha marta tushuntirilgan. Eshitganingizdek, ko‘pchilik arzchilar asossiz mish-mishlarni, deb murojaat qilishgan.

Nurali Norbekov masalasiga keladigan bo‘lsak, men bu yigitni o‘zim bir necha marta qabul qilganman. Uning talabi — buziladigan bino uchun zararni qoplash. Tadbirkorning binosi hali buzilmadi. Ogohlantirish xati berganmiz. Qonun doirasida ish qilishga harakat qilamiz.

Sherzod Toshtemirovning savdo va maishiy shoxobchalari buzilishiga sabab — uning binolari juda eski va ko‘rimsiz bo‘lgani va shaharsozlik talablariga mos kelmagani. Tadbirkorga binoning eski o‘rnida qaytadan qurilish ishlarini boshlash uchun kerakli imkoniyatlarni yaratamiz. Ogohlantirishsiz buzilganining sababini ham aytishim mumkin: bu ish tuman bosh arxitektori aybi bilan bo‘lgan. Tadbirkorni o‘z vaqtida ogohlantirish xati va tegishli qaror bilan tanishtirmagani uchun ularga chora ko‘rildi. Bosh arxitektor egallab turgan lavozimidan bo‘shatildi.

Kompensatsiya masalasiga keladigan bo‘lsak, «Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida»gi nizomning 15-bandida buzilayotgan uylar egasiga turar joy berish va kompensatsiyaning boshqa turlarini to‘lash tegishli tumanlar hokimliklari tomonidan, chorak yakuni bo‘yicha prognozdan ortiqcha tushgan mahalliy budjetlarning daromad qismi mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi. Forish tumani esa dotatsiyadagi tumandir. Tadbirkorlarning e'tirozi asossiz, deya ayta olmayman, lekin mahalliy budjetda mablag‘ yetishmasligi fuqarolarga kompensatsiyalarni o‘z vaqtida to‘lab berish imkoniyatini cheklaydi. Shunga qaramay, fuqarolarga kompensatsiyaning muqobil varianti, ya'ni qurilish materiallari, ishchi kuchi va texnikalar bilan bepul ta'minlashni taklif qilmoqdamiz», — deydi hokim.

Tuman hokimi va murojaatchilar bilan bo‘lgan suhbat jarayonida boshqa forishliklar ham o‘z fikrlarni bildirishdi. O‘zini Sarvar Burxonova deb tanishtirgan onaxon vaziyatga shunday izoh berdi: «Men tadbirkorman, mening ham yettita do‘konim to‘liq buzildi. Men ham do‘konlarimni bozor narxida baholatdim. Hisob-kitoblarga ko‘ra, menga tuman hokimligi 1 milliard 200 million so‘m to‘lashi kerak ekan. Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, ishlab chiqarishi yo‘q, dotatsiyada turgan Forish tumani hokimligi menga bu pulni qayerdan to‘laydi? Bugun biz yillar davomida o‘sha 30–40 yil ilgari qurilgan pana-pastqam binolardan voz kechib, tuman ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadigan yangi loyihalar asosida savdo va maishiy xizmat do‘konlari qurmoqchimiz. Qisqacha aytganda, tuman tamomila o‘zgacha qiyofa kasb etish arafasida. Men keltirilgan zarar pulini qoplash haqida o‘ylab ham o‘tirmasdan, bino va imoratlarimni buzdirdim, qurilish materiallarini olib, ayni kunlarda yanada kattaroq zamonaviy qiyofadagi savdo do‘konlari qurishni boshlab yubordim. Mahalliy hokimlik vakillariga rahmat, o‘z yordamlarini ayashmadi. Maqsadim — tumanimiz gullab-yashnasin, chiroy ochsin. Boshqalarni ham ozgina fidoyiroq bo‘lishga chaqiraman».

Nurali Norbekov esa unga e'tiroz bildirdi.

«Men bu fikrga qo‘shilmayman. Forish tumani dotatsiyada ekanligi biz tadbirkorlarning aybi emas. Bizga keltirilgan zararlarni qoplashsagina, bino buzilishiga ruxsat beraman», — deydi tadbirkor.

Unga boshqa bir tadbirkor qo‘shildi.

«Menga buzilgan binolarim uchun mablag‘ to‘lanishini so‘rayman. Men bu binolarni o‘z mablag‘imga sotib olganman va kelajakda tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun farzandlarimga sharoit yaratib bergan edim. Afsus, niyatlarim sarobga aylandi. Ayni paytda menga sudga murojaat qil, degan takliflarni bildirishyapti. Shu topda sudga murojaat qilish uchun ortiqcha mablag‘im yo‘q. Buzilgan binolarim uchun keltirilgan zararlarni qoplashsin», — deydi Sherzod Toshtemirov.

Tuman hokimi o‘z fikrini davom ettirar ekan, jumladan quyidagilarni qo‘shimcha qildi: «Bugun Forish tumanida juda katta o‘zgarishlar bo‘lyapti. Har bir xonadonga o‘zim kirib borib, tushuntirishga harakat qilyapman, maqsadim qo‘limdan kelgancha yordam qilish. Bir so‘z bilan aytganda, tuman aholisining 80 foizi qo‘lidan kelganicha bizga yordam berib, obodonlashtirish ishlari bilan mashg‘ul. Quvonarlisi shuki, boshqa viloyatlarda yashab ishlayotgan, asli forishlik hamyurtlarimiz kelib, «bizdan qanday xizmat», deb homiylik asosida o‘z yordamlarini taklif qilishyapti. Men ularni chaqirganim yo‘q. Bu, albatta, meni quvontiradi. Kim yurtini sevmasa, u hech nimani seva olmaydi. Men bunday insonlarni asl vatanparvarlar deya ayta olaman. Afsuski, bu tuyg‘uni hamma ham his qilavermas ekan. Men Vatanga bo‘lgan muhabbatni o‘tayam nozik va nazokatli tuyg‘u, deb bilaman. Shu bois bu haqida ko‘p gapirmay, yaxshisi, uning farovonligi va obodligi yo‘lida mehnat qilay».

Bu vaziyatda kimnidir ayblash niyatidan yiroqmiz. Maqola Forishda kuzatganlarimiz va guvoh bo‘lganlarimiz asosida tayyorlandi. Xulosa chiqarish esa o‘quvchining o‘ziga havola.

Gulchehra ShARIPOVA,
Kun.uz muxbiri.

 

Mavzuga oid