Turkiya parlamentining Isroilga qarshi rezolyutsiyasi, Ukrainaga berilayotgan F-16 lar va Hindistondagi jazirama - kun dayjesti
Jahonda o‘tgan kun davomida ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishing.
G‘azodagi vaziyat
Turkiya parlamenti Isroilning Rafah shahriga hujumlarini qoralovchi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjatda aytilishicha, Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu boshchiligida xalqaro sudlarning barcha qarorlarini e’tiborsiz qoldirmoqda va G‘azodagi tinch aholi maskanlariga hujum berishda davom etmoqda.
BMT Xalqaro sudining harbiy operatsiyalarni to‘xtatish to‘g‘risidagi qaroriga ters o‘laroq, sionistlarning shafqatsizligi butun dunyo ko‘z o‘ngida borgan sari ortib bormoqda, deyiladi rezolyutsiyada.
HAMAS harakati urushni tugatish sharti bilan garovda ushlab turilganlarni almashtirishga tayyorligini vositachilar orqali ma’lum qildi.
Shuningdek, HAMAS va Falastinning boshqa qarshilik kuchlari hech qachon Falastin xalqiga nisbatan agressiya, qotillik, qamal, ochlik va genotsid qanoti ostida muzokaralarga kirishmasligi, ular bu zulm siyosatining bir qismi bo‘lishni istamasligini ma’lum qilgan.
Sloveniya hukumati ham Falastin davlatini tan oldi. Bu harakati bilan Yevropa davlati bir necha kun ilgari bu ishni rasmiy tarzda amalga oshirgan Ispaniya, Irlandiya va Norvegiyaga qo‘shilishga qaror qilgan.
Mamlakat hukumati binosi oldida Falastin bayrog‘i ko‘tarilgan. Sloveniya vazirlar mahkamasi raisi Robert Golob parlamentni hukumatni qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan. Deputatlar bu masalani kelgusi haftadayoq muhokama qilishi mumkin. Golobning liberal hukmron partiyasi parlamentda ko‘pchilik ovozga ega va ovoz berish jarayoni shunchaki formallik bo‘lishi kutilmoqda.
TsAHALning Rafahdagi qochqinlarning chodirli lagerga zarbalarini sharhlar ekan, Oq uy xavfsizlik kengashining strategik kommunikatsiyalar bo‘yicha muvofiqlashtiruvchisi Jon Kirbi AQSh ham Iroq va Afg‘onistonda tinch aholiga nisbatan shunday xatolarga yo‘l qo‘yganini aytib, Isroil tarafini oldi.
«Biz Iroq va Afg‘oniston kabi davlatlarda aviazarbalar berib tinch aholi o‘rtasida qurbonlarga yo‘l qo‘yganmiz. Bularni tan olganmiz, surishtiruvlar o‘tkazganmiz va bundan saboq chiqarishga harakat qilganmiz», — degan Kirbi.
Kirbi shuningdek, Isroil yuqori aniqlikdagi bombalardan foydalanganini qayd etgan. Isroil harbiylaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, lagerlarda «ataylab uyushtirilmagan ikkilamchi portlashlar» Rafahga ko‘chirilgan tinch aholi o‘rtasida qurbonlar kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.
Ukrainaning zarbalari
AQSh Ukrainaning Rossiya hududidagi yadroviy hujumdan ogohlantirish tizimlari radarlariga berilgan zarbalardan tashvishini bildirdi.
Avvalroq Voronejdagi havo hujumidan mudofaa va g‘arb tomonidan yadroviy uchirishlardan ogohlantiruvchi radiolokatsion stansiyaga Ukraina dronlar vositasida hujum qilgandi.
The Washington Post nashriga ko‘ra, amerikalik mulozimlar Kiyevga o‘z tashvishini bildirgan.
«Bu obektlar Rossiyaning Ukrainadagi urushini qo‘llashda ishlatilmayapti, biroq ular juda qattiq ta’sir qiladigan joylar hisoblanadi. Chunki Rossiya o‘zining strategik tiyib turuvchi kuchlari ham nishonga aylanmoqda, deb hisoblashi mumkin», — degan amerikalik mulozim.
Uning qayd etishicha, Moskva uchun AQSh Rossiyaga qarshi yadroviy quroldan foydalanmasligi kundek ravshan bo‘lishi kerak, biroq Rossiya hukumati raketa xavfidan erta ogohlantirish tizimlariga bu hujumlarni uning yadroviy tiyib turish imkoniyatiga zarba o‘laroq qabul qilishi mumkin.
Biroq Kiyevdagilar Rossiya ushbu stansiyalar yordamida Ukrainaning dronlari va raketalarini kuzatib kelgani, ularga berilgan zarba Ukraina bosh razvedka boshqarmasining ishi ekanini ta’kidlashgan.
Ukraina bosh razvedka boshqarmasining AQSh e’tirozi sabab bo‘lmagan so‘nggi hujumlaridan biri Qora dengizda amalga oshirildi. Dengiz dronlari yordamida Rossiyaning bir emas to‘rtta KS-701 «Tunets» transport desant katerlariga hujum qilingan. Ulardan ikkitasi yo‘q qilingan. Qayd etish kerakki, Rossiya kuchlari dronlarga qarshi vertolyotlarni ishga solganiga qaramasdan, hujum muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.
Shuningdek, Ukraina qurolli kuchlari ATACMS raketalari bilan Kerch parom bandargohiga hujum qilgan. Harbiy texnikalarni tashishda ishlatiladigan yirik paromlardan ikkitasiga hujum qilinib, ulardan biri cho‘ktirilgan.
Ukrainaga harbiy yordam
NATO Bosh kotibi Yyens Stoltenberg Ukrainaga har yili qurol-yarog‘lar uchun 40 mlrd yevro ajratishni taklif qilmoqchi. Buning uchun alyans qoshida maxsus jamg‘arma ham tashkil etilishi mumkin, deb xabar beradi Reuters NATOdagi manbalariga tayanib.
Stoltenbergning taklifi bugun bo‘lib o‘tadigan NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvida muhokama qilinadi.
«Biz Ukraina muhtoj bo‘lgan oldindan ko‘ra bilish vaziyatni qancha kerak bo‘lsa shuncha ta’minlash uchun qo‘llab-quvvatlashning hozirgi darajasini minimum sifatida ushlab turishimiz kerak», – degan manba.
U Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinidan buyon alyans a’zolari Ukrainaga yiliga 40 mlrd yevrodan ajratib kelayotganini ma’lum qilgan.
Fransiya yaqin orada Ukrainaga harbiy instruktorlarni yuboradi, deb xabar qiladi Reuters. Instruktorlar harbiy texnika, jumladan, G‘arb samolyotlarini saqlash uchun mas’ul bo‘lgan jangovar muhandislar va texnik xodimlarni tayyorlaydi.
Nashr manbalariga ko‘ra, Fransiya Ukrainaga harbiy mutaxassislarni yuboradigan davlatlar koalitsiyasini tuzishga va unga rahbarlik qilishga intilmoqda. Hattoki ayrim ittifoqchilarning bu qaror Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mojaroga olib kelishi mumkinligi haqidagi xavotirlariga qaramay.
AQSh prezidenti Jo Bayden esa Ukrainaga Amerika qurollari bilan Rossiya hududiga zarba berishga maxfiy ruxsat bergan. Yagona shart: zarbalar faqat chegara yaqinidagi obektlarga berilishi kerak, deb yozadi Politico nashri.
«Prezident yaqinda o‘z komandasiga Ukraina Amerika qurollaridan Xarkiv yaqinidagi Rossiya obektlariga zarba berishini ta’minlashni buyurgan. Bunga sabab qilib Ukraina zarbalar berayotgan yoki zarba berishga tayyorlanayotgan Rossiya kuchlariga yetarli javob qaytara olishi kerakligi ko‘rsatilgan.
Biroq Oq uyning Rossiya ichkarisidagi uzoq masofaalarga zarba berish bo‘yicha siyosati o‘zgarmasdan turibdi.
Daniya o‘zi beradigan F-16 qiruvchi samolyotlar bilan Ukrainaga Rossiya hududiga zarba berishga ruxsat etdi.
F-16 qiruvchi samolyotlari masalasida. Umuman, Ukrainaga zarur bo‘lgan 120-130 ta samolyotdan hozircha 95 tasi berilishga tayyor bo‘lib turibdi. Ularning 30 tasini Belgiya, 22 tasini Norvegiya, 19 tasini Daniya, 24 tasini Niderlandiya yetkazib beradi.
G‘arb davlatlari ichida Italiya Ukrainaga berilgan o‘z qurollaridan Rossiya ichkarisiga hujum qilishni taqiqlab turibdi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani yana bir bor ta’kidlagan.
«Biz Ukrainaga jang qilish uchun birorta italyan askarini jo‘natmaymiz va biz jo‘natayotgan qurol-yarog‘lar Ukraina chegarasidan tashqarida ishlatilishini istamaymiz. Italiyadan jo‘natilayotgan barcha qurol-yarog‘lar Ukrainaning ichida ishlatilishi kerak», — degan Tayani.
Erondagi navbatdan tashqari saylov
Eronda prezidentlik saylovi uchun nomzodlarni ro‘yxatga olish boshlandi. Nomzodlarni ro‘yxatga olish jarayoni atigi besh kun davom etadi.
Eronda 28 iyunga belgilangan muddatidan oldin prezidentlik saylovida ishtirok etish uchun nomzodlarni ro‘yxatga olish boshlandi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi rahbari Ahmad Vohidiy xabar berdi.
«Eron tarixida burilish nuqtasi bo‘lgan mana shunday og‘ir sharoitlarda va shu qadar katta yo‘qotishlarga qaramay, inqilob yetakchisi (oyatulloh Ali Xomanaiy) va Konstitutsiya boshchiligidagi davlat boshqaruvida hech qanday inqiroz bo‘lmadi», — dedi Vohidiy.
Ichki ishlar vazirligi rahbarining qayd etishicha, nomzodlarni ro‘yxatga olish 5 kun davom etadi. Keyin Eron Konstitutsiyasini muhofaza etish kengashi 7 kun ichida ro‘yxatga olingan har bir shaxsning zarur talablarga muvofiqligini ko‘rib chiqadi. Kelgusida prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqotiga 14 kun vaqt ajratiladi.
Saylovda ishtirok etishni xohlovchilar shaxsan Ichki ishlar vazirligiga murojaat qilishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, Eronning avvalgi prezidenti Ibrohim Raisiy va tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon 19 may kuni vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘lgan edi.
Hindistondagi jazirama
Hindiston poytaxti Dehli shahridagi jazirama so‘nggi 80 yil ichidagi eng kuchlisi deb topilgan, biroq bu masala bahsli bo‘lib turibdi.
Hindiston meteoroligik departamenti chorshanba kungi jaziramada Mangeshpurdagi harorat o‘lchagich Tselsiy shkalasi bo‘yicha 52,9 darajaga ko‘tarilganini qayd etgan. Biroq tez orada idora yangi bayonot bilan chiqqan va bu ma’lumotlar yaxshilab qayta tekshiruvdan o‘tkazishga muhtoj ekanligini ta’kidlagan.
Yer to‘g‘risidagi fanlar vaziri Kiren Rijiju Dehli uchun bunday haroratlar kam ehtimolli ekanini aytib, rekordni shubha ostiga olgan. Meteorologlar Mangeshpurdagi va poytaxtdagi boshqa shunday ob-havoni kuzatuvchi avtomatik stansiyalarning ishini tekshiruvdan o‘tkaza boshlashgan.
Lekin shunga qaramasdan, Hindiston poytaxtidagi jazirama tufayli quyosh urish hollari ko‘paygani, ko‘chalarda odamlar hushidan ketib qolayotgani misli ko‘rilmagan issiqlik ro‘y berayotganidan dalolat beradi.
Mavzuga oid
13:40
«Hizbulloh»ning halok bo‘lgan matbuot kotibi, Ukrainaga ruxsat bergan Bayden va Trampdan norozi musulmonlar - kun dayjesti
13:34 / 16.11.2024
Falastin xalqini qo‘llagan BMT, Tramp bilan gaplashgan Zelenskiy va Abxaziyadagi namoyishlar - kun dayjesti
13:57 / 15.11.2024
Ta’limsiz qolgan G‘azo bolalari, soqolini olgan Pashinyan va o‘zidan ketayotgan Ilon Mask - kun dayjesti
14:12 / 14.11.2024