Jamiyat | 15:16 / 09.10.2021
37415
4 daqiqa o‘qiladi

Fatvo: Totalizator o‘yinlarini o‘ynash va reklama qilish – shar'an harom

Qimor sudxo‘rlikdan ham oldinroq harom qilingan. Alloh taolo o‘z Kalomida: “Gunoh va zulm yo‘lida hamkorlik qilmanglar”, deya buyurgan, shunday ekan, qimorni nafaqat o‘ynash, balki reklama qilish ham gunoh sanaladi.

So‘nggi vaqtlarda o‘zbekistonliklar o‘rtasida sport o‘yinlariga pul tikuvchilar soni ko‘payishi ortidan ko‘plab noxush xabarlar tarqalmoqda. Biz bu kabi sport o‘yinlariga pul tikishning Islom dinidagi hukmi yuzasidan savol bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi xodimi Saidjamol Mirsayitovga yuzlandik.

“Alloh taolo Qur'oni karimda mo‘minlar o‘rtalaridagi mollarini o‘zaro rozichilik bilan yeyishi kerakligini ta'kidlagan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham insonlarni halol nasiba topishga buyuradi. Islom dinida har bir masala qatori bunda ham qoida berilgan. Agar bir tomon yutib ikkinchi taraf yutqizishi aniq bo‘lsa yoxud ko‘pchilik yutqizib, kamchilik yutadigan bo‘lsa, bu qimor deb ataladi. Oyatlarga qaraladigan bo‘lsa, qimor juda ham barvaqt harom qilingan, hattoki, sudxo‘rlikdan ham avval harom bo‘lgan.

Alloh taolo Qur'oni karimda qimor haqida shunday deb marhamat qilgan: “Albatta, shayton xamr va qimor tufayli oralaringizga adovat va nafrat solishni hamda sizlarni Allohning zikridan va namozdan to‘sishni istaydir. Endi to‘xtarsizlar?!” (Moida surasi, 91-oyat)

Bu illatning oqibati shundayki, insonlar orasida nafratni kuchaytiradi; inson qarzga botib, yana boshqa jinoyatlarni qilishga moyilligi oshadi. Birovning moliga, joniga tajovuz qilishi holatlari uchraydi, hattoki qarzga botib o‘z joniga-da qasd qilish kabi gunohlarga olib boradi. Bular – bu dunyoda bo‘ladigan xorlik, oxiratda esa azobi yanada qattiq bo‘ladi, toki Alloh harom qilgan amallarni bajargan kishi tavba qilmas ekan, gunohlari yuvilmaydi, shuningdek, o‘sha haromdan topilgan pullar egalariga qaytarilmas ekan, tavba qabul bo‘lmaydi.

Ma'lumki, duo qabul bo‘lishi shartlaridan biri – halol luqma hisoblanadi, qimordan topilgan pullar evaziga oilasiga olib borilgan taom ham, ust-bosh ham halol bo‘lmaydi. Payg‘ambarimiz alayhissalom aytganlaridek, kiygani harom, yegani harom bo‘lsa, uning duosi qanday qabul bo‘lsin”, – deydi Saidjamol domla.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi xodimi Saidjamol Mirsayitov

Bundan tashqari, Musulmonlar idorasi Fatvo bo‘limiga ko‘ra, bu kabi ishlarni targ‘ib qilayotganlarning barchasi barobar gunohkor hisoblanadi.

“Bu kabi harom ishlarni targ‘ib qilayotganlar: xoh OAV orqali, xoh ijtimoiy tarmoqlar yoki boshqa usulda bo‘lsin – barchasining hukmi o‘sha ishni qilayotganlar bilan bab-baravar bo‘ladi, ular kabi gunohkor hisoblanadi. Zero, Alloh gunoh va zulm yo‘lida bir-biringiz bilan hamkorlik qilmanglar, deya insonlarni yomonlikdan qaytargan. Bu narsalarni targ‘ib qilayotganlar Allohdan qo‘rqishsin.

Xulosa qilib aytganda, turli nomlar bilan bukmekerlik kompaniyalarida ishlayotgan yoki totalizatorlik bilan shug‘ullanayotgan shirkat yoxud yakka shaxslar bo‘lsin, barchasining ishlari shar'an harom hisoblanadi, bu orqali topayotgan mol-dunyolari harom bo‘ladi.

Agar hayoti dunyosida bu ishlarini to‘xtatib tavba qilmaydigan bo‘lsa, oxiratda Allohning qattiq azobiga duchor bo‘lishi mumkin. Aksincha, Allohning yo‘lida halol kasb qilib to‘g‘ri yo‘lda yursalar, silayi rahm qilsalar, Allohning rahmatiga erishishlari mumkin”, – deydi O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili.

Farrux Absattarov suhbatlashdi.

To‘liq ko‘rsatuv:

Videolavha va maqoladagi diniy matnlar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan kelishilgan holda tayyorlangan.

Mavzuga oid