O‘zbekiston | 10:00 / 09.09.2022
5216
4 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: Mintaqadagi geosiyosiy vaziyat murakkabliklariga qaramay ta’mir uchun yuborilgan gazturbinali dvigatellar Ukrainaning Zaporojye shahridan olib kelindi

Foto: O‘zbekneftgaz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi va topshirig‘iga asosan, “O‘zbekneftgaz” AJning neft va gaz qazib chiqaruvchi boshqarmalar ishlab chiqarish quvvatini tiklash maqsadida, Bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida “Inqirozga qarshi kurashish komissiyasi” va “Ishchi guruh” tuzilgan bo‘lib, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda. 

“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi boshqarmalardan gazturbinali dvigatellarni qisqa fursatlarda ta’mirlash uchun ishlab chiqaruvchi zavodlar bilan shartnomalar imzolangan bo‘lib, xususan, AI-336-2-8 va D-336 rusumli gazturbinali dvigatellarni ta’mirlash uchun Ukrainada faoliyat yurituvchi “Motor Sich” kompaniyasi bilan o‘zaro ikki tomonlama shartnoma tuzilgan.

Ukrainada ro‘y berayotgan vaziyat sababli ta’mirga yuborilgan 4 dona AI-336-2-8 rusumli gazturbinali dvigatellar birmuncha muddat Zaporojye shahrida qolib ketdi.  

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev boshchiligida Xaridlar departamenti, Uglevodorodlarni qazib chiqarish departamenti mas’ullari va “Motor Sich” kompaniyasi rahbariyati bilan bu borada bir necha marotaba muzokara o‘tkazildi. Natijada chora-tadbirlar ishlab chiqilib, xavf bo‘lishiga qaramay “Yo‘nalish xaritasi” ishlab chiqildi hamda shu asosda 4 dona gazturbinali dvigatel bilan birga, ularni o‘rnatib, ishga tushirish uchun “Motor Sich” kompaniyasi mutaxassisi ham olib kelindi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, 2021 yil fevral oyiga qadar “Motor Sich” AJdan kapital ta’mirdan yuborilgan gazturbinali dvigatellar Ukraina davlatidan 3 ta davlat orqali (Ozarboyjon, Rossiya va Qozog‘iston) 20 kunda yetkazib berilgan bo‘lsa, “Yo‘nalish xaritasi” asosida 9 ta davlat orqali (Polsha, Slovakiya, Vengriya, Ruminiya, Bolgariya, Turkiya, Gruziya, Ozarboyjon, Qozog‘iston) 1 oy muddatda O‘zbekistonga keltirildi. 

Ushbu shartnomaga asosan joriy yilda yetkazib berilgan 4 ta AI-336-2-8 rusumli gazturbinali dvigatel “Motor Sich”dan kelgan mutaxassis bilan birgalikda, Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining “Pomuq” va “Zevarda” siquv kompressor stansiyalaridagi gaz haydash agregatlariga o‘rnatilib, ishga qo‘shib yuborildi. 

Siquv kompressor stansiyalaridagi gazturbinali dvigatellar Ukrainaning “Motor Sich” kompaniyasida mukammal ta’mirlangan bo‘lib, uni o‘rnatish ishlari boshqarmaning malakali ishchi-xodimlari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Gaz haydash agregatlarining ishga tushirilishi natijasida “Pomuq” va “Zevarda” konlaridagi siquv kompressor stansiyalari gaz haydash agregatlarining uzluksiz, bir me’yorda ishlashi ta’minlanishiga, shuningdek, tabiiy gaz qazib olish miqdori qisqarishining oldini olishga muvaffaq bo‘lindi.

Bundan tashqari, bu kuz-qish mavsumida “O‘zbekneftgaz” AJ boshqarmalaridagi siquv kompressor stansiyalarini to‘xtovsiz ishlatish orqali respublikamiz iste’molchilariga tabiiy gaz barqaror va uzluksiz yetkazib berilishiga katta hissa qo‘shadi. 

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid