Jamiyat | 20:15 / 14.01.2021
15296
4 daqiqa o‘qiladi

Shayxontohurda ham «domlar ichra dom» qurilmoqda. Aholi noroziligi inobatga olinmadi

Toshkent markazida, Abay ko‘chasiga tutash mavzeda «dom»lar orasiga ko‘p qavatli turar-joy qurish boshlandi; ammo mahalla ahli qurilishdan norozi. Quruvchi va fuqarolar o‘rtasidagi nizo ancha oldin boshlangan, qaror chiqarib bergan hokimlik esa tomoshabin bo‘lib turibdi.

Kun.uz'ga Shayxontohur tumani 13-mavze 11- va 13-uylarda yashovchi fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Murojaatni o‘rganish maqsadida aholi vakillari bilan suhbatlashdik.

Aholi noroziligiga sabab bo‘layotgan 20 sotix hududda ko‘p qavatli turar joy binosini qurish uchun «Donik House» MChJga Toshkent shahar hokimi qarori bilan yer ajratilgan.

Ayni vaqtda «Donik House» MChJ o‘z nomini «Vinci Buildings INC» MChJga o‘zgartirgan.

Mazkur hudud 2018 yildan buyon bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Bundan oldin ham bir nechta qurilish kompaniyalari kelib, aholi bilan murosaga erisholmagach, tashlab ketishgan. Fuqarolar bu qurilishdan norozi bo‘lib, bir necha bor tuman hokimligiga, shahar prokuraturasiga va boshqa tashkilotlarga murojaat qilishgan.

«TOShKeNTBOShPLANLITI» bu yerga «dom» qurish shaharsozlik qoidalariga zid, deya xulosa bergan.

«Agar bu yerdan ko‘p qavatli uy quriladigan bo‘lsa, unda avtomobil yanada ko‘payadi, bolalar o‘ynaydigan joy qolmaydi, u uydan bu uyning yotoqxonasi ko‘rinib turadi», – deydi fuqarolardan biri.

Fuqarolarning Toshkent shahar prokuraturasiga yo‘llagan murojaatidan so‘ng, shahar hokimining «Donik House» MChJga ko‘p qavatli turar joy binosini qurish uchun ruxsat berilgani haqidagi qarorini bekor qilish bo‘yicha protest keltirilgan. Ammo shahar hokimining qarori bekor qilinmagan.

Ta'kidlanganidek, «TOShKeNTBOShPLANLITI» DUK holatni joyiga chiqib o‘rgangan va obekt joylashuvi shaharsozlik norma-qoidalariga zidligini bildirgan. Ammo tuman hokimligi bu qurilishni qonuniy deb hisoblamoqda.

«Bu hudud MChJga ajratib berilgan. Quriladigan ko‘p qavatli uylarning 20 foizi hokimlik balansiga o‘tkaziladi. Shuningdek, MChJga ko‘plab investitsion majburiyatlar ham yuklatilgan. MChJ bu majburiyatlarni 2021 yil dekabrgacha amalga oshirishi kerak.

Qurilishni boshlash uchun barcha tashkilotlardan ruxsat olingan. Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi va ekspertlar xulosasi olingan. Loyihalar tasdiqlangan. Hammasi qonuniy», – deydi tuman hokimligining qurilish majmuasi bo‘yicha kotibiyat mudiri Muzaffar Hamidov.

So‘nggi yillarda Toshkentda kun sayin avj olib borayotgan bu beshafqat qurilishlar ko‘plab marotaba aholi e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Shaharda tugmadekkina biror bo‘sh yer borki, mutasaddilar darhol ko‘p qavatli uy qurish payiga tushishgan. Shuning barobarida Toshkentning bosh rejasi ishlab chiqilishi yildan yilga kechikyapti, va'dalar va'daligicha qolyapti.

Fuqarolar uchun alamli joyi shundaki, ular o‘zlari uchun qadrli bo‘lgan maskanni boy berib qo‘yganlarini uning «yangi egasi» kelib, temir to‘siqlar bilan o‘rab olgandagina anglamoqdalar.

Fuqarolarning hohish va istaklariga tupurib qo‘ygani holda qaror chiqarib bergan hokimlik esa tadbirkor va aholining «jiqqa musht» bo‘lishiga tomoshabin bo‘lib o‘tirishdan nariga o‘tmaydi.

Bu o‘rinda katta maydonga chiqib kelishi kerak bo‘lgan boshqa mas'ul vazirlik va idoralar ham jim turishni ma'qul ko‘rayotganlari esa yanada taajjubli.

Eng yomoni, bu muammo bir necha yillardan beri mavjud, uning xajmi esa hafta sayin muttasil oshib bormoqda.

Kun.uz Abay ko‘chadagi mazkur qurilish bo‘yicha surishtiruvlarini davom ettiradi. Voqealar rivojini kuzatishda davom eting.

Rahmatillo Isroilov, Kun.uz muxbiri
Tasvirchi – Jamshid Abdiyev

Mavzuga oid