“Tolibon” qancha suv yo‘qotilishini hisobga olmayapti” – xorijiy ekspert Qo‘shtepa kanali qurilishi haqida
Tabiat resurslari va iqtisodiyot bo‘yicha xalqaro mutaxassis Riks Boshning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Afg‘onistonda qurilayotgan Qo‘shtepa kanaliga Amudaryo suvining 20 foizi jalb etiladi, bu esa O‘zbekistonning ayrim hududlarida suv tanqisligi darajasini oshirib, qishloq xo‘jaligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. “Nima bo‘lganda ham bunda O‘zbekiston aziyat chekishi aniq”, – deydi u Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.
27-29 may kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida iqlim o‘zgarishi bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bir qancha rasmiy vakillari, jurnalistlar hamda xalqaro tashkilotlardan mutaxassislar ishtirok etdi.
Konferensiya doirasida qator mavzularda panel sessiyalari tashkil etildi. Xuddi shu sessiyalardan birida qatnashgan tabiat resurslari va iqtisodiyot bo‘yicha xalqaro ekspert Riks Bosh Kun.uz muxbiriga “Tolibon” hukumati tomonidan qurilayotgan Qo‘shtepa kanali hamda uning O‘zbekistonga ta’siri haqida gapirib berdi.
Riks Boshning aytishicha, bu loyihaning O‘zbekistonga salbiy ta’siri ijobiysidan ko‘proq, uning realizatsiyasi katta miqdordagi suvning isrofiga, qishloq xo‘jaligida suv tanqisligi hamda suv narxining oshishiga olib kelishi mumkin.
“Qo‘shtepa kanalining qurilishi – juda qiziq mavzu. Birinchi bo‘lib 1950 yilda mazkur loyihaga inglizlar, keyinroq ruslar qiziqib, uning ustida ishlab ham ko‘rishgandi. So‘ng oxirgi nuqtada amerikaliklar bir “siljitib ko‘rmoqchi” bo‘lishdi. Keyin esa buni Afg‘oniston amalga oshiradigan bo‘ldi. Garchi, ularning bunga mablag‘i mavjud bo‘lmasa-da. Kanalni qurish muammo emas, eng katta muammo kanaldagi yo‘qotishlar bilan bog‘liq.
“Tolibon” kanalga Amudaryo suvining 20 foizini yuborishni rejalashtirgan. Agar shunday qilinsa, Xorazm va Qoraqalpog‘iston Amudaryodan foydalanishni 50 foizga qisqartirishi kerak bo‘ladi. Bir o‘ylab qaraganda, bunga samaradorlikni oshirish orqali qisman erishish mumkin, ammo fermerlar uchun yaxshigina tanqislik yuzaga keladi. Nima bo‘lganda ham bunda O‘zbekiston aziyat chekadi.
Yuqorida aytganimdek, kanal qurish oson, sug‘orish tizimini qurish esa 10 barobar qiyin. Tolibon hukumati buni qila oladimi yoki yo‘q, javob olinishi kerak bo‘lgan eng katta savol ham shu. Bu qurilishning asosida inshootlarini barpo qilish metodologiyasi turadi. Eshitilishi juda oddiy, ya’ni shunchaki qazish kerak deb hisoblaysiz. Ammo bunda suv miqdorini aniqlash uchun sug‘orish sxemasi juda aniq va batafsil ishlab chiqilishi kerak. Bu esa o‘ylanganidan ancha murakkabroq.
“Tolibon” qiyinchiliklarga duch keladi, deb o‘ylayman. Aytaylik, sug‘orish uchun qatorlarda suv ochib qo‘yiladi, har bir qatorga teng ravishda suv taqsimlay olish juda qiyin. Bularning hammasini boshqarish oson emas, toliblar kanal qurishdan ko‘ra, uni ishlata olishiga ko‘proq kuch sarflashi kerak bo‘ladi. Agar bu tizim ishlab chiqilmasa, kanal bo‘ylab kamida 30-40 foiz suv isrof bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston, Turkmanistonda har bir kub suvning narxi 1,60 dollardan 1,20-1,30 dollargacha hisoblanadi. Lekin asl qiymati 16 dollar, ya’ni hozirgi narxidan 10-15 baravar qimmatroq. Yuqoridagi loyiha sabab suvning narxi yanayam keskin oshishi mumkin. Ammo hozir suvni asrash bo‘yicha chora-tadbirlar qilinyapti, o‘rta biznes qatlami uchun yangi loyiha ham ishlab chiqilyapti, lekin hozirda narxlarni rivojlantirish va resurslarni boshqarish o‘rtasida ko‘prik yo‘q”, – deydi Bosch.
Shuningdek, Bosch Kun.uz muxbirining davlatlar bu borada nima qilishi kerak degan savoliga ham javob berdi.
“Bu – oson, ammo javob berilishi qiyin savol. Hozirda O‘zbekiston hukumati Afg‘oniston bilan aloqa o‘rnatishga harakat qilmoqda, ammo Tolibon juda “qattiq”. Afg‘oniston bu borada Markaziy Osiyo bilan hech qanday kelishuv qilishni nazarda tutmayapti. Bu loyiha allaqachon ko‘p yillardan beri rejalashtirib kelinadi, ammo haligacha realizatsiya qilingani yo‘q. Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro hamkorligi uchun platforma yaratilmagan, vazirlar muzokaralar uchun borib kelaverishadi, lekin hamkorlik uchun platforma yo‘qligi ishni ortga suradi.
Afg‘oniston bilan muzokaralarni davom ettiraverish kerak. Qo‘shtepa kanalidagi yo‘qotishlar ayni vaqt toliblarning undan qanchalik samarali foydalanishi bilan birlamchi bog‘liq emas. O‘zbekistonda hozirgacha suvdan unumli foydalanish va suvdan ko‘proq daromad ko‘rish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Menimcha, shu eng muhimi. Endi asosiy e’tibor samarali suv ta’minotiga qaratilmoqda”, – dedi u.
Ma’lumot uchun, 2022 yil mart oyida “Tolibon” hukumati Afg‘oniston shimolidagi yirik kanal qurilishi loyihasini taqdim qilgandi. Unga ko‘ra, Balx viloyati hududida Amudaryodan boshlanadigan Qo‘shtepa kanali qurilmoqda.
Bu kanalning qurilishi ortidan keladiga ekologik xavflar haqida Kun.uz avvalroq mutaxassislar bilan suhbatlar ham tashkil qilgandi.
Bir muddat avval sun’iy yo‘ldoshdan olingan tasvirlarda Amudaryodan Afg‘oniston shimoli bo‘ylab qazib borilayotgan Qo‘shtepa kanali yoqasida sun’iy suv ombori yuzaga kelgani ko‘ringandi. “O‘zbekkosmos” kanal qirg‘og‘i Amudaryo suv oqimi bilan yuvib ketilmaganini hamda bu holat sizot suvlarining ko‘tarilishi oqibatida yuz berganini ma’lum qilgandi.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Mavzuga oid
22:45 / 02.11.2024
Qo‘shtepa kanali bo‘yicha afg‘on-o‘zbek muzokaralarning uchinchi bosqichi Toshkentda o‘tkaziladi
19:21 / 01.11.2024
Oxunzoda va Haqqoniy qarama-qarshiligi: «Tolibon» rahbariyatida nizo avj oldimi?
23:27 / 27.10.2024
OAV: «Tolibon» ayollarga bir-biri bilan gaplashishni taqiqladi
20:59 / 14.10.2024