Jahon | 09:12 / 09.09.2022
11539
3 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya yadro qurolidan ogohlantirish maqsadida foydalanish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi

Shimoliy Koreya yadro quroli to‘g‘risidagi qonunni qabul qilib, «dushman kuchlar» tomonidan hujum tahdidi yuzaga kelganda ulardan ogohlantirish maqsadida foydalanishga ruxsat berdi. Kim Chen Inning aytishicha, KXDRning yadroviy maqomi endi «ortga qaytarilmaydi». 

Foto: Rodong Sinmun

KXDR Oliy xalq assambleyasi (bir palatali parlament) yadro quroli to‘g‘risidagi qonunni qabul qilib, undan tashqi hujumdan himoya qilish uchun ogohlantirish maqsadida foydalanishga ruxsat berdi, deb xabar qilmoqda KMTA Koreya davlat axborot agentligi. «Agar milliy yadroviy kuchlarni boshqarish va nazorat tizimi dushman kuchlar tomonidan hujum tahdidi ostida bo‘lsa, yadroviy zarba avtomatik ravishda darhol beriladi», — deya qonun matnidan iqtibos keltirgan AFP agentligi. 

Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Shimoliy Koreya parlamenti sessiyasida so‘zlagan nutqida mamlakatning yadroviy maqomi endi «ortga qaytarib bo‘lmaydigan» ekanligini va mamlakatni yadroviy qurolsizlantirish bo‘yicha muhokamalar endi mantiqiy emasligini aytdi. Shimoliy Koreya hech qachon yadro qurolidan voz kechmaydi, dedi Kim. Unga ko‘ra, yadro quroli Shimoliy Koreyaga mamlakat mudofaasini buzish va oxir-oqibat hukumatini ag‘darish uchun «bosim o‘tkazayotgan» AQShga qarshi turish maqsadida kerak. 

Kim Chen In, shuningdek, Janubiy Koreyani harbiy salohiyatini kengaytirish va shimoldan kuchayib borayotgan tahdidga qarshi turish uchun AQSh bilan birgalikda keng ko‘lamli harbiy mashg‘ulotlarni qayta tiklash rejalari borasida tanqid qildi. KXDR rahbari bunday rejalarni «xavfli» va «keskinlik tug‘diruvchi» deb atadi.

BMT va AEXA Shimoliy Koreya 2017 yildan beri ilk bor yadro sinovini o‘tkazishga tayyorlanayotganidan xavotirda. Buni so‘nggi oylarda mamlakat shimolidagi «Pungeri» yerosti poligonida qayd etilgan faollik ko‘rsatmoqda. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarda 2018 yilda AQSh bilan yadrosizlanish bo‘yicha muzokaralar chog‘ida buzib tashlangan tunnellar ta’mirlanayotgani va inshootlar qayta tiklanayotganini ko‘rish mumkin. 2006—2017 yillarda KXDR «Pungeri» poligonida oltita yadroviy sinov o‘tkazdi.

AQSh prezidenti Jo Bayden may oyida Vashington Shimoliy Koreya tomonidan harbiy texnikaning har qanday yangi sinovlariga tayyor ekanini aytdi. Shu bilan birga, u Kim Chen In bilan shaxsan uchrashish imkoniyatini istisno etmadi.

Mavzuga oid