Jahon | 10:27 / 29.08.2024
9493
3 daqiqa o‘qiladi

Newsweek: KXDR Rossiyaga 13 mingta konteynerda qurol yetkazib berdi

2022 yil o‘rtalaridan boshlab Shimoliy Koreyaning Najin porti orqali Rossiya Federatsiyasiga yuklar yetkazib berilmoqda. Konteynerlarda qurol va o‘q-dorilar bo‘lgan, deb xabar berdi Newsweek razvedka ma’lumotlariga tayanib.

Foto: Yonhap/picture alliance

Amerikaning Newsweek nashri 27 avgust kuni Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga tayanib, Shimoliy Koreya 2022 yil o‘rtalaridan beri Rossiyaga qurol-yarog‘ bo‘lgan 13 mingdan ortiq dengiz konteynerlarini jo‘natganini xabar qildi.

Yetkazib berish KXDR sharqidagi Najin porti orqali amalga oshirildi. Konteynerlarda olti milliondan ortiq 152 millimetrli artilleriya snaryadlari, shuningdek, 122 millimetrli artilleriya snaryadlari, mobil zenit-raketa tizimlari, tankka qarshi raketalar va boshqa harbiy texnikalar bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Dengiz orqali yuk tashishning bu hajmi joriy yil fevral oyidagi Janubiy Koreya ma’lumotlaridan deyarli ikki baravar ko‘p. 

O‘shanda Janubiy Koreya mudofaa vaziri Sin Von Sik Pxenyan Rossiyaga qurol-yarog‘ bilan salkam yetti mingta dengiz konteynerini yuborganini aytdi. Iyun oyida Bloomberg muxbirlari bilan suhbatda vazir KXDR Rossiya Federatsiyasiga besh milliondan ortiq artilleriya snaryadlari yuborganini ta’kidladi. Rossiya qurol yetkazib berish evaziga Shimoliy Koreyaga energiya resurslari, shuningdek, raketalar va razvedka yo‘ldoshlarini yaratish uchun kosmik texnologiyalar beradi. 

Rossiya va KXDR o‘rtasidagi harbiy hamkorlik kengayishi 

Ukrainaga qurolli hujumdan keyin Rossiya KXDR bilan hamkorlikni faol rivojlantirmoqda. 2023 yil sentabrida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiyaga tashrif bilan keldi. Shu yilning iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin javob tashrifi bilan KXDRga bordi. 

Ikki davlat rasmiylarining xabar berishicha, uchrashuvlarda asosan iqtisodiy hamkorlik muhokama qilingan. Ular KXDR Rossiyaga qurol yetkazib berishini rad etdi. Fevral oyida amerikalik surishtiruvchilar sun’iy yo‘ldoshdan olingan yuzlab suratlarni tahlil qilib, 2023 yil avgustidan beri Shimoliy Koreya Rossiyaga 2,5 milliondan ortiq o‘q-dori yetkazib bergan bo‘lishi mumkinligini aniqladi.

Ukraina Bosh prokuraturasi allaqachon Rossiya Ukraina hududlarini o‘qqa tutishda Shimoliy Koreya raketalaridan foydalanganini qayd etgan. 

Mavzuga oid