
HEIKKI SAUKKOMAA/ GETTY IMAGES
Hammasi shvedlarning sotsial-demokratlariga bog‘liq bo‘lib turgandi: ularning qo‘llab-quvvatlovisiz parlamentda NATOga a’zo bo‘lish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun yetarlicha ovoz to‘plab bo‘lmasdi - ammo aynan sotsial-demokratlar ko‘p vaqtdan buyon bunga qarshi edi va Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan keyin ham bu pozitsiya o‘zgarmay kelayotgandi.
200 yil mobaynida Shvetsiya qat’iylik bilan biror harbiy ittifoqqa a’zo bo‘lmaslik prinsipiga amal qilib kelgan.
Mamlakat bosh vaziri Magdalena Andersson NATOga kirmaslik Shvetsiyani zaif ahvolga solib qo‘yishini aytgan. «Rossiyaning Ukrainaga sababsiz bostirib kirishi nafaqat noqonuniy va asossiz, balki Shvetsiya o‘z xavfsizligini ta’minlayotgan Yevropa xavfsizligi tartibini ham buzmoqda», — deydi Andersson xonim.
Amalda ikki davlat uchun ko‘p narsa o‘zgarmaydi: Shvetsiya ham, Finlandiya ham 1994 yilda NATOning rasmiy hamkorlariga aylangan, alyans armiyalari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelinadi, uning barcha texnik va institutsional talablariga javob beradi. Asosiy o‘zgarish - Shimoliy Atlantika kelishuvining beshinchi moddasi bilan bog‘liq, unga ko‘ra alyansning biror davlatiga hujum barchaga hujum sifatida qabul qilinadi.

Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan keyin shved jamiyatida NATOga a’zo bo‘lib kirish g‘oyasi tarafdorlari keskin o‘sdi.
Shu bilan birga, NATOga a’zo bo‘lib kirish Rossiya tomonidan harbiy tajovuz ehtimolini kamaytiradi, deyish qiyin. Ba’zilar esa Shvetsiya bu orqali uzoq vaqtlardan buyon yirik mojarolardan chetda turuvchi, betaraf va tinchliksevar mamlakat maqomini yo‘qotayotganidan qayg‘uda.


















