Niinistyoning so‘zlariga ko‘ra, u Putinga «Rossiyaning 2021 yil oxirida boshqa mamlakatlarning NATOga a’zo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik haqidagi talablari hamda 2022 yil fevralida Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini Finlandiya uchun xavfsizlik holatini tubdan o‘zgartirgani»ni aytgan.

«Muloqot to‘g‘ridan to‘g‘ri va ochiq o‘tdi, hech kim qizishmadi. Keskinlikning oldini olish muhim ekani ta’kidlandi», deya xabar qilgan Finlandiya prezidenti.

«Prezident Niinistyo 2012 yil Putin bilan uchrashuvda har qanday mustaqil millat o‘z xavfsizligini maksimal darajada ko‘tarishga urinishi haqida gapirganini ta’kidlagan. NATOga qo‘shilish orqali Finlandiya aynan o‘z xavfsizligini mustahkamlaydi», deyiladi Finlandiya prezidenti rasmiy saytida.

Rossiya bilan 1,3 ming kilometrlik umumiy chegaralarga ega bo‘lgan Finlandiya ko‘p yillar mobaynida harbiy alyanslarga kirishdan tiyilib kelgan, buning sabablaridan biri Rossiya bilan (avval esa sovetlar ittifoqi bilan) munosabatlarni keskinlashtirmaslik istagi edi.

Finlandiya hukumati mamlakat NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirmasligi haqidagi xabardan keyin Rossiya TIV «ham harbiy-texnik, ham o‘z milliy xavfsizligiga tahdidlarni to‘xtatish bilan bog‘liq boshqa choralar» bilan javob qaytarilishini ma’lum qildi.

Kremlning Putin va Niinistyo o‘rtasidagi muloqot to‘g‘risidagi xabarida aytilishicha, bu «Finlandiya rahbariyatining NATOga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirishi rejasi bilan bog‘liq ochiq fikrlar almashinuvi» bo‘lgan.

«Vladimir Putin an’anaviy harbiy betaraflik siyosatidan voz kechish xato bo‘lishi, chunki Finlandiya xavfsizligiga hech qanday tahdid yo‘qligini qayd etdi. 

Mamlakat tashqi siyosatida kursning bunday o‘zgarishi uzoq yillar mobaynida yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik asosiga qurilgan Rossiya-Finlandiya munosabatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin», deyiladi Rossiya prezidenti matbuot xizmati bayonotida.

Yaqin vaqtlar ichida Shvetsiyada ham NATOga a’zo bo‘lib kirish to‘g‘risida qaror qabul qilinishi kutilmoqda - Skandinaviyaning bu mamlakati 200 yildan ortiq vaqt mobaynida biror harbiy ittifoqqa a’zo bo‘lmagan.

Shimolliklar bilan kengayish: Yevropa yanada kuchli va xavfsizroq bo‘ladimi yoki yangi tahdidlar bilan to‘qnashadimi?