Jahon banki: pandemiya sabab 150 million odam qashshoqqa aylanadi
2021 yilgacha 150 million dunyo aholisi qashshoqqa aylanishi va ular orasida o‘qimishlilar ham bo‘lishi mumkin.
Qashshoqlik ildizi, asosan, qishloq hududlariga borib taqaladi. Biroq Jahon bankining tahlillariga ko‘ra, inqiroz davom etaversa, dunyo qashshoqlari soni keyingi yil oxiriga borib yana 150 millionga ko‘payadi. Bu ko‘rsatkich o‘qimishli shahar aholisi hisobiga oshadi.
Ayni damda global iqtisodiy o‘sish 5,2 foizga qisqarishi kutilmoqda. Bu pasayish oxirgi 80 yilda ham kuzatilmagan. Agar vaziyat shunday davom etsa, paydo bo‘ladigan qashshoq aholi kuniga 1,9 dollardan kamroq pul evaziga kun ko‘rishiga to‘g‘ri keladi. Shundoq ham hozir dunyo aholisining chorak qismi kuniga 3,2 dollardan kamroq sarflab yashab kelmoqda.
Yangi paydo bo‘ladigan kambag‘allarning katta qismi – 110 milliondan ortig‘i Sharqiy Osiyo va Afrika Saharasi aholisi bo‘lishi kutilmoqda.
Ishsizlik o‘sib borayotgani, ko‘pchilik jamg‘arib qo‘ygan pullarini-da sarflab tugatgani sabab odamlar kamroq ovqat yeyishga majbur bo‘lmoqda. Ko‘plab bolalar, ular dunyo qashshoqlarining yarmini tashkil etadi, masofaviy ta'lim darslariga qatnashishga imkon topa olmayapti.
Qurilish va ishlab chiqarish bilan bog‘liq sohalarda norasmiy tarzda faoliyat yuritadiganlar ko‘payishi kutilmoqda. Lekin turli cheklovlar va harakatlanish bilan bog‘liq taqiqlar birinchi bo‘lib ularga ta'sir ko‘rsatadi. Tiklanish uchun o‘n yil kerak bo‘lishi mumkin. Bu endi kambag‘allikdan qutilib, «kosasi oqara boshlaganlar» uchun ayniqsa qattiq zarba bo‘ladi.
O‘ta qashshoq oilalarning bolalarini tug‘ilishi bilan turli muammolar kutib oladi: onasi va tabiiyki o‘zi ham to‘yib ovqat yeyish imkonidan mahrum, tibbiy xizmatdan ham ko‘ngildagidek foydalana olmaydi. Tug‘ilganidan so‘ng qashshoq oila chaqaloqlari doim ham rasmiy ro‘yxatga olinavermaydi. Tug‘iliboq kelgan bunday qashshoqlikdan esa qutilish juda qiyin bo‘ladi.
Pandemiyagacha Afrikada ba'zi mamlakatlar kambag‘allikka qarshi «ta'sirchan harakatlar» qilgan va nisbatan rivojlanayotgan iqtisodga ega bo‘lgandi. Endi esa 54 ta Afrika davlati pandemiyaning iqtisodiy va ijtimoiy ta'siriga qarshi kurashish uchun keyingi 3 yilda har bir yil uchun umumiy 100 milliard dollar kerak bo‘lishini aytmoqda.
Bundan tashqari, taxminan har uchinchi o‘ta qashshoq odam Afrika Saharasida yashovchilardan bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Bu o‘rtacha 26-40 million odam degani. Sharqiy Osiyoda esa bu raqam undan ham kattaroq: 49-57 million atrofida.
Jahon bankining taxminicha, 88-110 million aholi shu yil, qolgan 23-33 millioni esa kelasi yil qashshoqqa aylanishi mumkin. Bundan tashqari, iqlim o‘zgarishlari tufayi 2030 yilgacha yana 100 million odam kambag‘alga aylanishi xavfi ham bor.
Ma'lumot uchun, bugungi kunda 690 millionga yaqin dunyo aholisi qashshoq hisoblanadi. Ya'ni, ular kuniga 1,9 dollardan kamroq pulga tirikchilik qiladi. Boshqa manbalar esa dunyodagi kambag‘allar sonini 736 milliondan oshiq deb ko‘rsatadi. Ularning yarmi beshta mamlakatda – Hindiston, Bangladesh, Nigeriya, Kongo va Efiopiyada yashaydi.
Mavzuga oid
17:27 / 06.11.2024
Jahon banki iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligiga ta’sirini baholadi
22:46 / 26.10.2024
Dunyodagi eng nufuzli biznes-indeks tiklandi
17:43 / 18.10.2024
“Qarz olinganiga yarasha, iqtisodiy ko‘rsatkichlar barqaror bo‘lishi lozim” - Jahon banki katta iqtisodchisi
08:20 / 18.10.2024