O‘zbekiston | 17:39 / 23.04.2020
6674
3 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekneftgaz»: Ustyurtda tabiiy gaz qazib olish hajmi deyarli ikki baravarga oshiriladi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani hududida joylashgan «Arslon» gazkondensat koni jami 19ta quduqlar majmuasiga ega bo‘lib, bugungi kunda ularning 12tasi orqali gaz va kondensat qazib chiqarilmoqda. 

«O‘zbekneftgaz» AJ Ishchi guruhi a’zolari ulkan gaz zaxirasiga ega bo‘lgan, Ustyurtdagi «Arslon» konida quduqlar va ularning holatini o‘rgandi.

O‘rganishlar davomida, Boshqaruv raisi Mehriddin Abdullayev 2019 yilda «Arslon» konidagi mavjud quduqlardan yillik 263 mln. m3 tabiiy gaz va 5 ming tonna kondensat qazib olinganini aytib, joriy yilda gaz qazib olish ko‘rsatkichini 450 mln. m3ga yetkazish borasida topshiriq berdi. 2020 yil davomida ushbu kondagi 8ta quduq burg‘ilashdan, 5ta quduq kapital ta’mirlashdan tugatilib ishga tushirilishi bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.

Quduqlarda ishlayotgan har bir ishchi-xodim bilan birma-bir suhbatda o‘tkazildi va ularning avvalo oilaviy ahvoli hamda muammolari, ishda yaratilgan sharoitlar borasida suhbat qilindi. Tabiiy gaz qazib olinishi hajmi oshishida, aynan ularning mehnati ko‘p ekanligi aytib o‘tildi.

Ishchi guruh a’zolari joriy yilning I choragida «Arslon» konidan 80,2 mln. m3 tabiiy gaz va 3,3 ming tonna gazkondensati qazib chiqarilishiga erishilgani, 2ta quduq (22-,23-sonli) burg‘ilanib, 2tasi esa kapital ta’mirlanib ishga tushirilganini alohida e’tirof etishdi.

Boshqaruv raisi rahbarligidagi Ishchi guruh a’zolarining tashrifi kuni «Arslon» konidagi 16-sonli quduqdan tabiiy gaz olina boshlangani quvonarli voqea bo‘ldi. E’tiborlisi esa, quduqdan birinchi kunning o‘zidayoq 150 ming m3 tabiiy gaz va 2 tonna kondensat olindi. 

Shu kunning o‘zida kondagi 23-sonli quduq va unda burg‘ilash uskunasining montaj qilinayotgani, «Tabiiy gazni separatsiyalash va tayyorlash qurilmasi»dagi ishlab chiqarish quvvatlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yakunlash ishlari ham o‘rganildi.

Eslatib o‘tamiz, tashrif davomida «2017-2021 yillarda Uglevodorodlarni qazib chiqarishni ko‘paytirish dasturi» doirasida «Arslon» konida 2ta kunlik quvvati 6 mln. m3 (hozirda 2 mln. m3) tabiiy gazni separatsiyalash va tayyorlash qurilmasi ham ishga tushirildi. 

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid