Jahon | 12:38 / 10.07.2023
30803
6 daqiqa o‘qiladi

Laboratoriyada yetishtirilgan go‘sht sotuvi boshlandi. U tabiiy go‘sht o‘rnini bosa oladimi?

Laboratoriyada go‘sht yetishtirish boshlanganiga 10 yil bo‘lsa ham, u ommalashib ketolmayapti. Hozir dunyoda Singapur va AQShda madaniy go‘sht sotuviga ruxsat berilgan xolos. Xo‘sh, laboratoriyada go‘sht qanday ishlab chiqariladi, bundan maqsad nima edi, uning mazasi tabiiy go‘shtga qanchalik o‘xshaydi?

Foto: KUN.UZ

Laboratoriyada go‘sht yetishtirish g‘oyasi

Laboratoriyada ishlab chiqarilgan go‘sht tushunchasi bir qaraganda g‘ayritabiiy yangraydi. Chunki insoniyat go‘shtni jonivorlar tanasidan boshqa manbadan olish haqida 30-40 yil oldin xayoliga ham keltirmagandi. Bu g‘oya 2000 yillardan beri ommalasha boshlagan. Jyeyson Masen ismli tadqiqotchi New Harvest notijorat tadqiqot markazini tuzib, ilk madaniy go‘sht yetishtirish izlanishlarini shu yerda olib boradi. O‘sha paytda bundan asosiy maqsad go‘sht yetishtirish sanoati tufayli zarar ko‘rayotgan ekologiyani yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘lgani aytiladi.

Oradan 10 yillar o‘tib, 2013 yilda nemis farmatsevti Mark Post madaniy go‘shtdan tayyorlangan ilk hamburgerni ommaga namoyish qiladi.

Madaniy go‘shtdan tayyorlangan ilk hamburger

Tayyorlanishi 330 000 dollarga tushgan madaniy go‘sht keyinchalik turli yirik kompaniyalarning qiziqishiga sabab bo‘ldi. O‘nlab kompaniyalar bozorga madaniy go‘sht olib kirish poygasiga qo‘shildi.

Bunday go‘sht savdosiga ilk marta 2020 yilda Singapurda ruxsat berilgandi. 2023 yilda esa AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi Upside Foods va Good Meat firmalariga madaniy go‘sht mahsulotini ishlab chiqarishga ruxsat berdi. Shunday qilib, AQSh Singapurdan keyin laboratoriyada yetishtirilgan go‘shtni sotishga ruxsat bergan ikkinchi davlatga aylandi. Upside Foods buni “orzular ro‘yobga chiqishi” va “yangi davrning boshlanishi” deb atagan. 

Madaniy go‘sht tayyorlanish jarayoni

Laboratoriyada yetishtiriladigan go‘sht tabiiy hayvon go‘shtidan katta farq qilmaydi. Chunki uni tayyorlashda ham hayvon hujayrasidan foydalaniladi. Jonivordan ajratib olingan hujayralarga keyinchalik oqsil, shakar va yog‘ kabi oziq moddalar qo‘shiladi.

Bioreaktor

Hujayralar bo‘linib, yetilib qolgach, katta po‘lat bioreaktorga solinadi. Bioreaktorlardan pandemiya davrida vaksinalar ishlab chiqarish uchun foydalanishgan.

Mahsulot 4-6 haftadan keyin konteynerdan olinadi. Keyin unga biroz o‘simlik moyi qo‘shib, pishiriladi. Va oxirida kerakli shaklga kirishi uchun 3D printerda bosiladi.

Tovuq go‘shtiga juda o‘xshaydi, lekin…

Madaniy go‘shtni ilk bor tatib ko‘rish baxtiga degustator Hanni Ruyetzler musharraf bo‘lgan. Uning so‘ziga qarganda, go‘shtda tabiiy go‘shtga yaqin ta’m bor, biroz quruq, lekin mazasi ajoyib.

Umuman o‘zi hozirgi ishlab chiqarilayotgan madaniy tovuq go‘shtini tatib ko‘rganlarning aytishicha, madaniy go‘sht tovuq go‘shtiga juda o‘xshaydi, lekin aynan uning mazasini bermaydi.

Shu o‘rinda bunday go‘shtning yana bir jihatini ko‘zdan qochirmagan ma’qul: tadqiqotchilar laboratoriyada yetishtirilgan go‘sht ultra qayta ishlanish jarayonidan o‘tgani sababli saratonga moyillikni oshirishi mumkin, degan fikrni ilgari surmoqda.

Ekologiyaga foydasi ko‘pmi yoki zarari?

Nazariy jihatdan, madaniy go‘sht insoniyatning go‘sht uchun yer va chorvachilikka bo‘lgan qaramligini qisqartirishi va uglerod chiqindilarini kamaytirishi kerak edi. Biroq unga sarflanayotgan energiya, uning foydasidan zararini ko‘paytirayotgandek. Chunki laboratoriyada go‘sht yetishtirishga moslashgan texnologiyalar juda ko‘p energiya talab qilyapti. Agar barqaror energiya manbalaridan foydalanilmasa, bunday go‘sht tayyorlash oddiy mol go‘shtiga qaraganda tabiatga 4-25 baravar yomonroq ta’sir qiladi, degan fikrlar keltiriladi tadqiqotlardan birida. Lekin Eat Just tashkiloti bu fikni "xato" deb atadi.

Bunday go‘shtning issiqxona gazlariga ta’siri masalasi ham hali o‘rganilmoqda. Lekin yakuniy qarorga kelingani yo‘q. Masalan, ayrim tadqiqotlarda madaniy go‘sht CO2ni 96 foizga kamaytiradi deyilgan bo‘lsa, yana bir tadqiqotda bu raqamlar 74-84 foiz deb ko‘rsatiladi. Bu jonivorlar turiga bog‘liq. Sigir va qo‘zi go‘shtlari ko‘proq CO2 chiqarsa, tovuq va baliqda kamroq bo‘ladi.

1ta burger 50 dollar

Bundan tashqari, madaniy go‘shtni ishlab chiqarish qimmatga tushishi mumkin. AQShda bunday go‘shtni sotishga ruxsat berilgan bo‘lsa ham bu ommalashib ketishiga hali ancha bor. Chunki so‘nggi 5 yilda 100dan ortiq startaplarni rivojlantirish uchun milliardlab pul sarflangan, yangilariga ham milliardlar kerak. Bu go‘shtni oddiy amerikalikning dasturxoniga yetkazish ham ancha qimmatga tushadi. Shuning uchun ekspertlar undan foyda olish haqida hali gapirmasa ham bo‘lishini aytadi.

Shuningdek, go‘sht tayyorlanadigan biorektor uskunasining o‘zi va ular o‘rnatiladigan zavodlar ham ancha qimmat turadi. Masalan, 15 ming tonna go‘sht ishlab chiqaradigan zavodni qurish 650 million dollarga tushadi.

Qolaversa, AQShda bu go‘shtdan tayyorlangan burger o‘rtacha 50 dollarga tushyapti. O‘rtahol yashaydigan amerikalik buni afzal ko‘rmasa kerak. 

Mavzuga oid