O‘zbekiston | 12:09 / 21.04.2022
6877
2 daqiqa o‘qiladi

Uch oyda 3 mingdan ziyod tadbirkorga 4 trln so‘mlik bojxona imtiyozi berilgan

2022 yilning 3 oyida davlat budjetiga 9,5 trln so‘m bojxona to‘lovlari o‘tkazilgan, 3 ming nafardan ziyod tadbirkorlarga 4 trln so‘mlik bojxona imtiyozlari berilgan. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Kun.uz

Davlat bojxona qo‘mitasi 2022 yilning birinchi choragidagi faoliyati yuzasidan ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, davlat budjetiga 9,5 trln so‘m bojxona to‘lovlari o‘tkazilgan va tushumlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3 trln so‘mga yoki 46 foizga oshgan.

Tashqi savdoda “yashirin iqtisodiyot” ulushini qisqartirishga qaratilgan tizimli tadbirlar natijasida 221 mlrd so‘mlik qo‘shimcha bojxona to‘lovlari undirilib, ko‘rsatkich 35 foizga ortgan.

Qo‘mita axborotiga ko‘ra, ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida raqobat muhitini rivojlantirish maqsadida 3 ming nafardan ziyod tadbirkorlarga bojxona to‘lovlaridan qariyb 4 trln so‘mlik bojxona imtiyozlari berilgan, ya’ni salkam 4 trln so‘m aylanma mablag‘ sifatida tadbirkorlik sub’yektlarining ixtiyorida qoldirildi.

Bojxona organlarining kontrabanda ashyolari, shu jumladan giyohvandlik vositalarining qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashish faoliyati doirasida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9 barobar ko‘p, ya’ni 503,6 kg giyohvandlik vositalari ushlab qolingan. Shuningdek, 101 ming dona kuchli ta’sir etuvchi va 1,6 ming dona psixotrop moddalar to‘xtatib qolingan.

Shuningdek, 1 mln AQSh dollariga teng naqd xorijiy valuta to‘xtatib qolingan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 10 barobarga ortgan.

Birinchi chorakda bojxona xodimlari tomonidan qiymati 5,2 mlrd so‘mlik zargarlik buyumlari, 170 ming quti tamaki mahsulotlari va 490 dona madaniy boyliklarning noqonuniy aylanuvi oldi olingan.

Mavzuga oid